1000 dan ortiq taniqli shaxslar gigant sun’iy intellekt loyihalarini to‘xtatib turish uchun ochiq xatni imzoladilar

1000 dan ortiq taniqli shaxslar gigant sun’iy intellekt loyihalarini to‘xtatib turish uchun ochiq xatni imzoladilar

Texnologiyalar olamida 2023 yilni shubhasiz "sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar" yili deb nomlash mumkin, chunki joriy yil boshidan beri ChatGPT, Midjourney va shu kabi boshqa SI platformalar Internetda deyarli har kuni katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bir tomondan bunday texnologiyalarning rivojlanishi insoniyatning katta yutug‘i bo‘lsa, boshqa bir tomondan bu juda katta xavf bo‘lishi ham mumkin – 1000 dan ortiq taniqli shaxslar sun’iy intellekt loyihalarining tez sur’atda rivojlanishi jamiyatga chuqur salbiy ta’sir yetkazishini qo‘rquvi ostida ushbu tajribalarni vaqtinchalik to‘xtatib turishni talab qiladigan ochiq xatga imzo qo‘yishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ochiq xat "Hayot kelajagi" nomli notijorat institut tomonidan joylangan va unga Tesla, SpaceX va Twitter kompaniyalari rahbari, milliarder Ilon Mask ham imzo qo‘ygan. Shuningdek, ochiq xatga imzo qo‘yganlar ro‘yxatida Apple kompaniyasi asoschilaridan biri Stiv Voznyak, Pinterest asoschilaridan biri Ivan Sharp, Skype asoschilaridan biri Yaan Tallin bilan birga Stability rahbari, Getty Images rahbari, Microsoft kompaniyasidan 10 dan ortiq dastur ishlab chiquvchilari va ko‘plab mashhur universitetlar professorlarini ham ko‘rish mumkin.

Ochiq xatda yozilishicha, sun’iy intellekt laboratoriyalari hozirda hech kim, hatto ularning yaratuvchilari ham tushuna olmaydigan, bashorat qila olmaydigan yoki ishonchli tarzda boshqara olmaydigan "raqamli miyalar"ni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha nazoratdan tashqari "poyga"da turibdi.

"Shuning uchun biz barcha SI laboratoriyalarini GPT-4 dan kuchliroq sun’iy intellekt tizimlarini tayyorlashni darhol kamida 6 oyga to‘xtatib turishga chaqiramiz. Bu to‘xtalish hammaga ochiq bo‘lishi (ya’ni elon qilinishi) va buni tekshirish mumkin bo‘lishi, hamda, barcha asosiy ishtirokchilarni o‘z ichiga olishi kerak. Agar bunday pauza zudlik bilan amalga oshirmaydigan bo‘lsa, hukumatlar bunga aralashishlari va moratoriy joriy etishlari kerak", – deyiladi xabarda.

Ta’kidlash joizki, OpenAI tomonidan ChatGPT sun’iy intellekt chatbotining ishga tushirilishi Google, Microsoft kabi texnogigantlarni o‘z hayotlarini saqlab qolish uchun xavfsizlik va axloq bilan bog‘liq tashvishlarni chetga surib qo‘ygan holda "hoziroq yetkazib ber va keyinroq tuzat" yondashuviga asoslangan holda SI mahsulotlarini ishlab chiqarishga shoshirib qo‘ygan. Hozirda 1400 ga yaqin imzolar qo‘yilgan ochiq xat esa ularga qanchalik ta’sir qiladi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.