13 yashar qiz qo‘lida smartfon bilan vannaxonada halok bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  3542
  •  02.02.2018 13:33

13 yashar qiz qo‘lida smartfon bilan vannaxonada halok bo‘ldi

Smartfondan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida ko‘p gapiriladi, yoziladi. Shunga qaramasdan, ayrimlar xavfsizlik masalasiga e’tiborsizlik bilan qarab, oqibatda o‘zlari jabr ko‘rib qolishadi.

O‘QING: Malayziyada smartfondan tok urishi oqibatida ilk o‘lim kuzatildi

Jumladan, joriy yilning 31 yanvarida Rossiyaning Moskva oblasti Serpuxov shahrida 13 yashar qiz vannaxonada smartfonini quvvatlash qurilmasi bilan ishlatgani oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

Tergov ma’lumotlariga qaraganda, qiz o‘sha paytda uyda onasi bilan birga bo‘lgan. U uzaytirgich (udlinitel) orqali quvvatlash uskunasiga ulangan smartfonini qo‘lida ushlagancha vannaxonaga cho‘milishga kirib ketgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, qizining chiqavermaganidan xavotir olgan onasi kirib qaragan va farzandining vannada, suvda jonsiz holda yotganini ko‘rgan. Uning telefoni ham suv tubida yotgan ekan.

Aniqlanishicha, qizning o‘limi tok urishi oqibatida yuzaga kelgan. Uning yaqinlari endi, vannaxonada smartfondan foydalanishning xavfli ekanidan boshqalarni ham ogohlantirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda kampaniya o‘tkazilishidan umid qilishmoqda.

Xuddi shunga o‘xshash holat dunyoning turli mamlakatlarida avval ham uchragan. Shu sababli, bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida xavfsizlik qoidalariga rioya etishingizni so‘raymiz.

O‘QING: iPhone egasi g‘ayri oddiy ravishda hayotdan ko‘z yumdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.