14 yanvarda «janozasi o‘qilgan» Windows 7 haqida 7 fakt

  •   DiMaX
  •  4702
  •  15.01.2020 13:42

14 yanvarda «janozasi o‘qilgan» Windows 7 haqida 7 fakt

Microsoft korporatsiyasi kuni kecha – 2020 yilning 14 yanvarida rasman e’lon qilishicha, u endi Windows 7’ning iste’molchilarga mo‘ljallangan versiyasi uchun apdeytlar chiqarmaydi. Bu esa bir paytlar o‘ta ommabop bo‘lgan ushbu operatsion tizimning «o‘lgan»ini anglatadi.

O‘QING: Windows 7 hamda Windows XP’da jiddiy xavf bor – tezda yangilab oling!

Kompaniya avvalroq bu tizimni qo‘llab-quvvatlashni tugatish hamda uning uchun pulli yangilanishni joriy etish rejasini e’lon qilgandi. U hatto kishilarni yangi Windows’ga o‘tishga majburlashning antiqa yo‘lini qo‘llashga o‘tgandi. Ammo 2020 yilning 3 noyabriga belgilangan AQSh prezidenti saylovi munosabati bilan, Windows 7 foydalanuvchilariga bir qulaylik taqdim etgandi.

Umuman olganda, Windows 7 tizimli kompyuter va noutbuklar hali ishlashda davom etaveradi, ammo ularda tizimning o‘zi yangilanmaydi, xavfsizlik patchlari chiqarilmaydi va bora-bora ushbu tizim uchun yangi dasturlar chiqmay qoladi. Shu sababli ham Microsoft uning foydalanuvchilariga Windows 10’ga yangilanib olishni qattiq tavsiya qilmoqda.

O‘QING: Windows 10’ga qarshi Windows 7: qay biri xavfsizroq?

Quyida esa tarixga aylanib borayotgan Windows 7 tizimi haqidagi yettita fakt bilan tanishamiz.

  1. Windows 7 operatsion tizimini yaratish ustida 2500 kishi ishlagan

Microsoft korporatsiyasi Win7 ustida ish boshlaganida, xato qilishga haqqi yo‘qligini anglab turardi – yaqindagina chiqqan Windows Vista tizimi «xom»ligi sababli tanqidlarga duchor bo‘lgan. Shu boisdan ham Windows 7 undagi xatoliklarni to‘g‘rilashi va kompaniyaning tushib ketgan nufuzini ko‘tarib berishi lozim edi.

Buning uchun IT-gigant ikki yarim minglik xodimlarini bu ishga jalb etgan – har holda, ommaviy axborot vositalarining hisob-kitoblariga ko‘ra. Microsoft har biri 100 kishilik 25 ta guruh tashkil etgan, ular qatorida dasturchilar, testerlar va menejerlar bo‘lgan. Har bir yuztalik guruh o‘ziga qarashli qism ustida ishlagan: birlari yadroni tayyorlagan, boshqalari interfeys bilan shug‘ullangan...

  1. Windows 7 hali sotuvga chiqmay turib Garri Potterdan ham mashhur edi

Undan oldingi «chala» chiqqan tizim o‘rniga Microsoft zo‘rini va’da qildi va xalq bunga ishonib kutdi. Angliyadagi Amazon onlayn do‘konida Win7 uchun sakkiz soatda oldindan berilgan buyurtmalar soni Vista tizimining burcha avvaldan sotishlari sonidan oshib ketgan! Bugina emas – Amazon UK tarixida eng ko‘p oldindan buyurtma qilingan tovar ayni shu Windows 7 bo‘lgan va ommabopligi bo‘yicha hatto Garri Potter haqidagi so‘nggi kitobdan ham oshib ketgan.

O‘QING: «Garri Potter»dagi sehrli so‘zlarni Google reallikka aylantirdi

  1. Win7 deyarli 11 yil umr ko‘rdi

Vista’ning muvaffaqiyatsiz debyutilan ikki yil o‘tiboq – 2009 yilning 22 oktyabrida Windows 7 taqdim etilgan. Unda qayta ishlangan Aero-interfeys, sensorli qurilmalar uchun multitach, virtual qattiq disklar qo‘llovi kabilar bor edi. Lekin eng asosiysi – operatsion tizim barqaror ishlar va oldingi dasturlaru drayverlar unga bemalol tushar edi.

  1. Birinchi yili Win7 soniyasiga 7,6 donadan sotilgan

Oldindan buyurtma berishlarning dinamikasi ushbu operatsion tizimning muvaffaqiyatidan darak berardi, ammo ochiq sotuvga chiqqanidan so‘ng ubarcha rekordlarni sindirdi. Windows 7 bir yilning o‘zidayoq 240 million nusxadan ortiq sotildi va bu har soniyaga 7,6 donadan to‘g‘ri keladi! Taqqoslash uchun keltirib o‘tamiz: undan keyingi Windows 8 operatsion tizimining 260 million nusxada sotilishi uchun uch yil vaqt kerak bo‘lgan.

  1. Unga faqat Windows 10 bas keldi, shundayam 2019 yilda!

Windows 8 operatsion tizimi ham, uning Windows 8.1 talqini ham Windows 7 kabi ommalasha olmadi. Ushbu afsonaviy operatsion tizimni quvib o‘tishga faqat Windows 10 muvaffaq bo‘ldi. Shundayam uning bu g‘alabasi 2019 yilga to‘g‘ri keldi – Windows 7 o‘z taqdimotidan o‘n yil o‘tibgina yengildi. O‘tgan yili dunyo bozorida o‘ninchi avlod Windows ulushi 39 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yettinchisi hissasiga 36 foiz to‘g‘ri kelgan.

O‘QING: Bill Geyts nega bu qizga naq 37 kilogramm sovg‘a jo‘natdi? (+video)

  1. 200 million kishi haliyam Windows 7 ishlatyapti

Bugungi kunda jahon bo‘ylab foydalanuvchilar kompyuterlarining taxminan 12 foizi Windows 7 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlamoqda, bu esa taxminan 200 millionta qurilma, deganidir. Biznes-sektorda esa uning ulushi ancha yuqori – o‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, korxona-tashkilotlarning taxminan yarmi hali undan voz kechmagan.

  1. Saylovlar va korporativ mijozlar sharofati bilan Windows 7 hali yashayveradi

Qo‘polroq qilib aytganda, Windows 7 «janozasi o‘qilgan» bo‘lsa-da, uni butkul «dafn etish»ga hali erta: shaxsiy kompyuterlarda bu tizim qo‘llab-quvvatlanmasa-da, biznes segmentida hali to‘laqonli faoliyat yuritadi. Buning birinchi sababi, yuqorida yozganimizdek, AQShdagi prezidentlik saylovi bilan bog‘liq; ikkinchidan, Microsoft o‘zining korporativ mijozlari uchun Windows 7 tizimini 2023 yilgacha qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

O‘QING: 2019 yili «rahmatli» bo‘lgan sakkizta texnologiya (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!