15 sentyabr kuni Apple nimalarni ko‘rsatyapti, nimalarni – yo‘q?

  •   DiMaX
  •  807
  •  14.09.2020 09:58

15 sentyabr kuni Apple nimalarni ko‘rsatyapti, nimalarni – yo‘q?

Apple bu yil kuzgi taqdimot marosimini 15 sentyabr kuni, Apple Park kampusida o‘tkazishini e’lon qilgan. Kupertinolik korporatsiya o‘sha tadbirida aynan nimalarni namoyish etishini aytmayapti, fanatlar esa eng ko‘p to‘rtta modeldagi iPhone 12 smartfonlarini kutishayotgan edi. Lekin...

O‘QING: 15 sentyabrda iPhone 12’larni kutib xomtama bo‘lmang!

Yangi ayfonlarning bu tadbirda taqdim etilmasligi – muxlislar uchun noxush holat bo‘lsa-da, Apple’ning o‘zi uchun bunaqa emas. Zero, mazkur kompaniya boshqa tur mahsulotlari bilan ham yetakchilikka dadil intilib va erishib kelmoqda.

Shunday qilib, ertangi Apple Event tadbirida kompaniya quyidagi mahsulotlarini namoyish qilishi aniq:

  1. Apple Watch Series 6 – kupertinoliklar aqlli soatlarining yangi avlodi yanda yuqori samaradorlikka ega, internet tezligi yuqori bo‘ladi. Shuningdek, mazkur aksessuar qondagi kislorod miqdorini ham aniqlay oladi. Bundan tashqari, kompaniya smartvochning arzon versiyasini ham tayyorlagan.
  2. Yangi avlod iPad Air – mish-mishlarga qaraganda, u iPad Pro’ga o‘xshash bo‘lib, Touch ID sensori qurilmani yoqish-o‘chirish tugmachasida joylashgan.
  3. Operatsion tizimning yangi – iOS 14 versiyasi. Unda gadjetlarni avtomobil qulfi uchun kalit sifatida ishlatish funksiyasi, iMessage ilovasida guruhli chatlar hamda yangilangan Siri bo‘ladi.

O‘QING: AirPods Studio simsiz quloqchini tayyor: narx va xususiyatlari

Apple Event tadbirida taqdim etilishi aniq bo‘lmagan mahsulotlar ro‘yxati esa quyidagicha:

  1. iPhone 12 – kompaniya bu seriyada uchta o‘lchamda jami to‘rtta modeldagi ayfon tayyorlagan. Muxlislarning ulardan eng ko‘p kutayotgani – 5G standartini qo‘llab-quvvatlashidir. Biroq, gap-so‘zlarga ko‘ra, mazkur texnologiya ayfonlarning faqat katta modellarida bo‘ladi, shunda ham u faqat AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiyada ishlaydi. Bundan tashqari, bu yangi smartfonlar lidar sensoriga ega bo‘lib, u to‘ldirilgan borliq texnologiyasi bilan ishlovchi servislarda qo‘llanadi. Darvoqe, Apple Event marosimining taklifnomasi AR-surat ko‘rinishida tayyorlanganiga asoslanib, ayrimlar unda iPhone 12’lar baribir taqdim etilishini taxmin qilishmoqda.
  2. AirPods Studio – kupertinolik texnogigantning birinchi to‘liq o‘lchamli (quloqqa tiqib qo‘yiladigan emas) simsiz quloqchini. Biz uning narx va xususiyatlarini e’lon qilganmiz.
  3. Apple One – kompaniyaning Apple TV+, Music, News+, Arcade va boshqa servislariga yagona obuna xizmati. Kompaniyaning keyingi yillardagi strategiyasiga qaraganda, bu – joriy kuzdagi eng muhim relizlardan biridir.

Umuman olganda, o‘tgan yil kuzgi taqdimotdan buyon Apple o‘z e’tiborini devayslarga emas, balki ko‘proq onlayn servislarga qaratib kelmoqda. Buning ham sababi bor, albatta: keyingi yillarda kompaniyaning daromadida iPhone’larning ulushi ancha pasaygan. 2015 yilning uchinchi choragida Apple foydasining 63,2% qismi smartfonlar sotuvidan tushgan bo‘lsa, joriy yilning 3-kvartalida mazkur ko‘rsatkich 44,2 foizni tashkil etgan. Servislarning hissasi esa xuddi shu davrda 10% dan 22% gacha o‘sib chiqqan.

Asosiy e’tiborni moddiy devayslardan onlayn servislarga ko‘chirgani koronavirus pandemiyasi sharoitida ham Apple biznesining pasaymasligiga sharoit yaratib berdi. Joriy yilning uchinchi chorgida esa u hatto rekord ko‘rsatkich qayd etdi – o‘tgan yilgidan 11 foizga ko‘p, ya’ni $59,7 mlrd daromad ko‘rdi.

Yangiliklarni Terabayt.uz bilan birga kuzatishda davom eting.

O‘QING: Endi bor-yo‘g‘i 350 dollarga yap-yangi iPhone olish mumkin bo‘ladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!