150 vattda quvvat oluvchi Snapdragon 8+ Gen1 chipli smartfon taqdim etildi

150 vattda quvvat oluvchi Snapdragon 8+ Gen1 chipli smartfon taqdim etildi

OnePlus kompaniyasi o‘zining eng kuchli smartfoni - OnePlus 10T'ni taqdim etdi. Kompaniya bu yil strategiyani biroz o‘zgartirdi, ya’ni 10T modeli yilning ikkinchi yarmida taqdim etildi. 

Smartfon narxini pasaytirish maqsadida undan bir necha imkoniyatlar olib tashlangan bo‘lsa-da, ba’zi texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha 10T modeli 10 Pro modelidan ustun turadi. 

Qurilmaga HDR10+ standarti va 120 gerts chastotani qo‘llab-quvvatlovchi 1080 x 2412 rezolyutsiyadagi 6.7 dyuymli OLED displeyi o‘rnatilgan. Ammo bu displey OnePlus 10 Pro modeliniki kabi LTPO2 paneli emas. 

Yangi modelning ustun tomoni bu uning chipsetida. Qurilma yangi Snapdragon 8+ Gen1 chipi bilan jihozlangan. Chip 8/16GB tezkor hamda 128/256GB doimiy xotira bilan birlashtirilgan. Kompaniya 3D sovutish tizimiga urg‘u bermoqda, bu OnePlus smartfonlariga o‘rnatilgan eng katta sovutish tizimi hisoblanadi. 

Smartfonning narxini tushirish uchun asosan kamera texnik ko‘rsatkichlari pasaytirilgan. Xususan, yuqori rezolyutsiyali ultrakeng va 3x optik zumga ega bo‘lgan telefoto kameralar 12MP oddiy ultrakeng va makro kameralari bilan almashtirilgan. Yaxshiyamki, 10 Pro modelidagi IMX766 sensorli asosiy kamera saqlab qolingan. Ushbu sensor f/1.8 diafragma va optik stabilizatsiyali linzalarga ega. Old panelda esa 16MP (1.0µm va f/2.4 diafragma) selfi kamera joylashgan.

Smartfon 150 vattda quvvat oluvchi 4,800 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Uning qutisida 160 vattlik quvvatlash adapteri bo‘ladi. 110 volt energiya ta’minotidagi mamlakatlarga 125 vattda quvvat oluvchi smartfonlar yetkazib beriladi. 

OnePlus, shuningdek, akkumulyatorning uzoq muddat hizmat ko‘rsatishiga yordam beruvchi tizimni ishlab chiqdi. Akkumulyator 1600 marta zaryadlash siklidan so‘ng o‘z quvvatining taxminan 80 foizini saqlab qolishiga kompaniya va’da beradi.

Qurilma Moonstone Black va Jade Green ranglarda taqdim etildi. Yevropada smartfonga oldindan buyurtma berish kechadan boshlandi. Yetkazib berish jarayonlari esa 25 avgustdan boshlanadi.

Smartfonning Yevropadagi narxi quyidagicha:

8/128GB - 699 yevro

12/256GB - 799 yevro

AQShdagi narxi esa quyidagicha:

8/128GB - 649 dollar

12/256GB - 749 dollar

O‘QING: Galaxy S23 Ultra yangi 200MP kamera sensori bilan jihozlanadi 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!