19 yoshli bola Rossiya oligarxlarini kuzatmoqda

19 yoshli bola Rossiya oligarxlarini kuzatmoqda

Jek Svini, floridalik 19 yoshli kollej talabasi o‘tgan yili ochiq ma’lumotlardan va qo‘shimcha botlardan foydalangan holda milliarder Bill Geyts, Jeff Bezos, Ilon Mask va boshqalarning shaxsiy samolyotini real vaqtda qayerdaligini kuzatish imkonini beruvchi Twitter akkauntni ishga tushirgan edi va bu juda ko‘plab tomoshabinlarni o‘ziga jalb qildi, xususan, Ilon Maskni ham.

O‘zining kuzatilayotganini bilgan milliarder Mask, bironta tentak tomonidan otib ketilishni istamasligini aytib, shu yilning boshida botni o‘chirish uchun Sviniga $5.000 ham taklif qilgan, ammo, kollej talabasi narxini $50,000 gacha ko‘targanidan keyin Mask suhbat tarixini o‘chirib, Svini bloklab qo‘ygandi. 

Internetda yaxshigina tanilib olgan Jek endilikda muxlislari tomonidan Rossiya-Ukraina voqealari sabab taniqli rus oligarxlarining samolyotlarini kuzatish "buyurtma"sini olgan va hozirda Russian Oligarch Jets nomli yana bir Twitter akkauntni ishga tushirgan va akkaunt bir necha kun ichida 100 mingdan ortiq obunachilarni o‘ziga jalb qilgan. Unda siz Vladimir Potanin, Oleg Tinkov, Chelsi futbol klubi egasi Roman Abramovich, asli o‘zbekistonlik bo'lgan Alisher Usmonov va yana boshqa 20 dan ortiq Rossiya milliarderlarining 40 ga yaqin shaxsiy samolyotlari va vertolyotlarining qayerdaligi, qayerdan qayerga uchayotganligidan xabardor bo‘lib turishingiz mumkin. 

Svini Bloomberg'ga bergan intervyusida rus boylarinikidek samolyotlarni ko‘rmaganligini ham aytib o‘tdi: "Bundan oldin men bunday nufuzli oligarxlar borligini ham bilmasdim. Bu oligarxlarning samolyotlari mutlaqo ajoyib. Ularning samolyotlari boshqa reaktivlarga qaraganda juda katta", deydi Svini Rossiyaning eng boy odamlari Airbus A319 va Boeing 737 kabi tijorat o‘lchamdagi samolyotlarda sayohat qilishini bilganidan keyin. 

O‘QING: Xakerlar Rossiyani tinch qo‘yishmayapti