«20% vaqt» dasturi

«20% vaqt» dasturi

2004 yilning yoz oylarida Kevin Gibs ismli Google muhandisining miyasida yangi g‘oya paydo bo‘ladi. U Google tizimida qidirilgan ma’lumotlar asosida natijalarni ommabopligi bo‘yicha darajalab, real vaqt rejimida avtomatik to‘ldiruv funksiyasi orqali izlash samaradorligini oshirmoqchi bo‘ladi. Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, Google sizning so‘rovingizni oldindan topishga urinib, so‘ralayotgan jumlaning davomini taklif qilishi ko‘zda tutilgan edi. Ishdan bo‘sh vaqtida mazkur g‘oya ustida mehnat qilib, Kevin natijada funksiyaning prototipini yaratadi va yangi g‘oyalarni baham ko‘rishishni istagan hamkasblariga uni jo‘natadi. Prototip bir nechta muhandislarning e’tiborini tortadi va ular Kevinning loyihasiga qo‘shilishadi. Shunday qilib, bitta ishchining miyasida tug‘ilgan g‘oya amalga oshadi va bir necha yil ichida juda keng miqyosda ommalashadi. Aytish mumkinki, hozirda insonlar Google qidiruvini bu funksiyasiz tasavvur ham etolmaydilar.

Google kompaniyasining «20% vaqt» dasturi ham aynan mana shunday maqsad uchun xizmat qiladi. Dasturga ko‘ra, Google muhandislari ish vaqtlarining 20 foizini o‘zlari istagan loyiha ustida o‘tkazishlari mumkin. Aynan mana shu dastur tufayli Google Now, Google News, Google Maps xizmatidagi tranzit navigatsiya va boshqa yangiliklar paydo bo‘ldi.

Odatda, «20% vaqt» dasturini noto‘g‘ri talqin qilishadi. Bu yerda gap vaqt haqida emas, balki erkinlik borasida bo‘lib, muhandislar bu fursatni yangi texnologiyalar yaratish uchun sarf etishlari mumkin. Dastur Stiv Jobsning «Sizni iyerarxiya emas, balki g‘oyalar boshqarishi kerak» degan tamoyilini amalga tatbiq etadi. Biz Google kompaniyasida shuni tushunib yetdikki, agar siz xodimlarga erkinlik bersangiz, ular vaqtni behuda o‘tkazishmaydi.

Erik ShMIDT va Jonatan ROZENBERGning «Google qanday ishlaydi» kitobidan