200MP kamerali Xiaomi smartfonining jonli surati tarqatib yuborildi

200MP kamerali Xiaomi smartfonining jonli surati tarqatib yuborildi

O'tgan haftada taqdim qilgan Moto X30 Pro smartfoni bilan Motorola dunyodagi ilk 200MP kamerali mobil telefon ishlab chiqargan kompaniya bo'ldi. Ammo, uning "bittaligi" uzoqqa bormaydiganga o'xshaydi, bir necha haftadan beri Xiaomi'ning ham 200MP kamerali smartfoni haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Uzunquloqning "Redmi K50 Ultra ana shunday kameraga ega bo'ladi" degan gaplari biroz noto'g'ri bo'lib chiqdi, smartfon 108MP kamera bilan e'lon qilindi. Lekin, Xiaomi rostdan ham rekord darajadagi kamera sensoriga ega smartfon ustida ishlayotgan ko'rinadi, bu safar quruq gap emas, balki, smartfonning jonli surati tarqatib yuborildi. 

Phonandroid tomonidan taqdim qilinayotgan rasmda Redmi K50 Ultra'nikiga o'ta o'xshash bo'lgan, biroq, LED chirog'i pastida "200MP" yozuvli kamera oroliga ega smartfonni ko'rish mumkin. Ma'lum bo'lishicha, bu bo'lajak Xiaomi 12T Pro modeli bo'lib, u Redmi K50 Ultra'ning global bozorga chiqariladigan varianti ekanligi aytilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Redmi K50 Ultra smartfoni 22081212C model raqamiga ega bo'lsa, Xiaomi 12T Pro smartfoni 22081212UG model raqamiga ega. Bu yerda raqamlardan keyingi "C" harfi "China", ya'ni Xitoy bozorini bildirsa, "G" harfi "global", ya'ni butunjahon bozori uchun ekanligini anglatadi. Shunday ekan, yangi smartfonning texnik xususiyatlari borasida kameradan boshqa o'zgarishlar bo'lmasligi mumkin: 6.67 dyuymli, 144 gigagertsli ekran, Snapdragon 8+ Gen 1 chipseti, 8/12GB RAM, 128/256/512GB xotira, 5000 mA/s batareya, 120 Vt tezlikda quvvatlanish va boshqalar.

Mish-mishlarga ko'ra, Xiaomi 12T Pro kelayotgan sentabr oyida taqdim qilinadi va 850 yevro narxda sotuvga chiqariladi. 

O'QING: Xiaomi kompaniyasi Redmi K50 Ultra smartfonini taqdim etdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.