2016 yilning eng yaxshi smartfonlari (TOP-10)

2016 yilning eng yaxshi smartfonlari (TOP-10)

Mazkur reytingdan eng yaxshi smartfonlar (ya’ni cho‘ntakbop shaxsiy kompyuterning qo‘shimcha funksiyalariga ega uyali telefon)ning 2016 yil sentyabr oyidagi top-10 talik reytingi taqdim etilgan. Reyting Yandeks-marketda bildirilgan munosabat va baholarga qarab tuzilgan (top-10 talikka faqat 40 foizdan ko‘proq besh baho olgan smartfon modellari kiritildi). Shuningdek, smartfonlarning texnik xarakteristikalari (o‘rnatilgan va operativ xotira hajmi, asosiy va frontal kamera sifati, displey sifati) hamda sifat va narx nisbati kabi jihatlar ham e’tiborga olindi. Mazkur ro‘yxatga faqat yetakchi, ya’ni har bir ishlab chiqaruvchi toomnidan modellar qatoridagi eng yangi va eng sifatli deb taqdim etilgan smartfonlar kiritilgan. Ammo narxini ham barchaning cho‘ntagi ko‘taravermaydi, chunki qariyb 960 AQSh dollariga baholanganlari bor. Lekin bu xitoylik ishlab chiqaruvchilarga taalluqli emas. Ularning mahsulotlari sifat jihatidan Amerika, Janubiy Koreya, Yaponiya va Tayvan brendlarining smartfonlaridan aslo qolishmaydi, narxi esa anchagina arzon. Masalan, mazkur topdagi eng arzon smartfon taniqli Xitoy brendiga tegishli  bo‘lib, narxi 224 AQSh dollaridan kamroq.

Reytingga dunyodagi yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchilarning (Samsung, Apple, Huawei, Xiaomi, Lenovo, LG) flangman modellari, shuningdek Yaponiyaning mashhur Sony, Tayvanning ASUS, mashhur Amerika brendi Microsoft hamda hali u qadar tanilib ulgurmagan, lekin tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan va dunyoda birinchi marta analog audio chiqish tizimi bo‘lmagan smartfonni ishlab chiqarib butun dunyoda dong chiqargan Xitoyning LeEco kompaniyalari modellari kiritilgan.

10-o‘rin

MicrosoftLumia 950 XL Dual SIM

O‘rtacha narxi – 547,74 $. Amerika kompnaniyasining mazkur flagmani Yandeks-marketda 46 foiz besh baho olgan, ushbu reytingga kirgan modellar orasida Windows da ishlovchi yagona smartfon hisoblanadi. Asosiy kamera 20 mp.li optik barqarorlashtiruvchiga ega, aperturasi F/1.9  va uch hissali tabiiy svetodiod yoritkichli, fototasvirlar 4992x3744 o‘lchamli, 4K formatda video tasvirga oladi, frontal kamerasi 5 mp.li. Boshqa xarakteristikalari: 2560x1440 pikselli 5,7 dyuymli displey, smartfonlar uchun Windowsning eng so‘nggi avlod operativ tizimi – Windows 10 Mobile, 32 gb doimiy va 3 gb operativ xotira, 2 ta sim karta o‘rnatiladi.

9-o‘rin

AppleiPhone 6s 64GB

O‘rtacha narxi – 799,38 $. Amerikaning mashhur kompaniyasining mazkur flagmani Yandeks-marketda 51 foiz beshga sazovor bo‘ldi. Tavsifi: 1334×750 o‘lchamli 4,7 dyuymli ekran, asosiy kamera 12 megapikselli, frontal kamera 5 mp.li, 64 gb ichki va 2 gnb operativ xotiraga ega. Barcha ayfonlar singari bir dona sim karta o‘rnatiladi, tashqi xotira kartasi tushmaydi. Avval texnik xarakteristikalari bilan tanishib, so‘ngra narxiga qaralsa, arzonroq narxda bundan yaxshiroq smartfon sotib olish mumkinligi ma’lum bo‘ladi. Shu bois reytingda oltinchi ayfon xatto dastlabki yettilikka ham kirmagan. Shunga qaramay,  Apple mahsulotlari ihlosmandlarini ushbu model, shubhasiz, xursand qiladi. Chunki u ayfonlarning keyingi avlodi orasida sifat va narx nisbatiga ko‘ra yetakchi hisoblanadi.

8-o‘rin

HuaweiGoogleNexus 6P 64Gb

O‘rtacha narxi – 520,56 $.  Nexus 6P – Xitoyning yirik smartfon ishlab chiqaruvchisi va Android operatsiya tizimi sohibi bo‘lmish Guglning hamkorlikdagi ishlanmasi hisoblanadi. Ikkita texnologik gigantlarning hamkorligi juda ajoyib natija bergan. Yandeks-marketda u 70 foiz besh baho olgan. Texnik tavsifi: 2560×1440 pikselli 5,7 dyuymli ekran, Android 6.0 operatsiya tizimi, 64 gb doimiy va 3 gb operativ xotira, ikkita sim karta tushadi. Kameralari alohida maqtovga loyiq. PhoneArena mutaxassislari Nexus 6P va iPhone 6S Plus kameralarini solishtirb qo‘rishdi hamda har ikkalasiga ham bir xil baho qo‘yishdi. Nexus 6Pning 12,3 pikselli asosiy kamerasi lazerli avtofokus va ikki hissali  LED yoritkich bilan jihozlangan. 8 megapikselli frontal kamera uchun ham avtofokus mavjud. Foto va video tasvirlar o‘zlashtirish va ishlatish juda oson bo‘lgan Google Kamera ilovasi yordamida amalga oshiriladi. Ekranning yuqorisida ssenariy rejimlarini tanlash, yoritkichni va HDR funksiyasini yoqish, shuningdek tasvirga olishni vaqt jihatidan sozlash mumkin. Pastdan zatvor bosqichi, kameradan kameraga o‘tish tugmachasi va suratlar galereyasiga kirish o‘rin olgan.

7-o‘rin

LeEco (LeTV) Le Max 2 32Gb

O‘rtacha narxi – 359,460 $. Xitoyning LeEco (ilgarigi LeTV)  kompaniyasining yetakchi smartfoni bo‘lib, Xitoyda 2016 yil aprel oyidayoq taqdim etilgan edi, ammo kompaniya LeEcoLeMax 2 ning Rossiyadagi taqdimotini oradan faqatgina besh oy o‘tib – 2016 yil sentyabrda o‘tkazdi. Bugungi kelib, model Yandeks-marketda 57 foiz besh baho to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. LeEcoda to‘liq CDLA yoki ContinualDigitalLosslessAudio raqamli standartiga o‘tishga qaror qilingani munosabati bilan mazkur smartfon analog audio chiqishdan mahrum bo‘lgan ilk qurilma hisoblanadi. Oradan besh oy o‘tib ushbu yangilikni Apple kompaniyasi 7-ayfonda qo‘lladi. Tabiiyki, bu mazkur smartfonning yagona afzalligi emas, xarakteristikasiga nazar tashlasangiz, u dunyodagi smartfon ishlab chiqaruvchi yetakchi kompnaiyalar mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha olishiga amin bo‘lasiz: 2560×1440  pikselli 5,7 dyuymli ekran, Android 6.0 operatsiya tizimi, 32 gb doimiy va 4 gb operativ xotira (xotira kartasi tushmaydi), ikkita sim karta o‘rnatiladi. Sony matritsasiga ega asosiy kamera 21 mpyuli fantastik imkoniyatga ega, frontal kamera esa 8 mp.li. Barcha flagmanlarda bo‘lgani kabi ushbu model ham barmoq izlari skaneriga ega. Batareya sig‘imi 3100 mA⋅s. 4 yadroli QualcommSnapdragon 820 MSM8996 protsessori.

6-o‘rin

ASUS ZenFone 2 ZE551ML 32Gb Ram 4Gb

O‘rtacha narxi – 287,568 $. Tayvan kompaniyasi flagmani Yandeks-marketdagi so‘rovda 50 foiz besh baho oldi. 1920×1080 pikselli 5,5 dyuymli ekran piksellar zichligiga ega (modelga qarab, bir dyuymga 403 pikselgacha). Shu bois tasvirlar juda tiniq chiqadi. 5,5 dyuymli ekranga ega ZenFone 2 5 dyuymli smartfonlarga mos bo‘lgan korpusda ishlangan. Ekran ramkasi qalinligini kamaytirish evaziga bunga erishilgan. Fotokamera 13 mp.li, frontal kamera esa 5 mp.ga ega. ZenFone 2 super-imkoniyat rejimida bir vaqtda 4 ta 13 megapikselli surat oladi, so‘ngra ularni bitta suratga birlashtiradi, ana shu suratning tiniqligi 52 megapikselli tasvirga teng bo‘ladi. Mazkur smartfonda panoramali selfi (140 daraja burchakkacha) olish mumkin. Mazkur modelning boshqa afzal jihatlari: 32 gb ichki va 4 gb operativ xotira, Android 5.0 Lollipop operatsiya tizimi, ikkita sim karta tushadi.

5-o‘rin 

LenovoVibe X3 

O‘rtacha narxi – 246,030 $. Vibe X3 – Lenovo flagmani (mazkur kompaniya smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoyda yetakchi uchlikka, jahonda esa beshlikka kiradi). Ushbu model sotuvga 2016 yilning fevral oyi oxirlarida chiqarildi va bugunga kelib Yandeks-marketda 71 foiz besh baho to‘plashga erishdi. Texnik tavsifi: 1920×1080 pikselli 5,5 dyuymli ekran, Android 5.1 Lollipop operatsiya tizimi, 32 gb doimiy va 3 gb operativ xotira, ikkita sim karta tushadi. Asosiy kamera 21 mp.li, frontal kamera esa 8 mp.ga ega. Asosiy kameraga fazali avtofokusli Sony IMX230 Exmor RS sensori o‘rnatilgan. Stereofonik dinamiklari tufayli mazkur smartfon uy kinoteatri vazifasini bajarishi mumkin.

 4-o‘rin

Xiaomi Redmi Note 3 Pro 32Gb

O‘rtacha narxi – 202,895 $. Mazkur smartfon dunyodagi smartfon ishlab chiqaruvchilarning kuchli beshtaligiga kiruvchi Xitoyning Xiaomi brendiga tegishlidir. U Yandeks-marketda 77 foiz besh baho oldi. XiaomiRedmiNote 3 Pro – xaridorlarga yoqib  qolgan va dunyo bo‘yicha 110 milliondan ortiq qurilmasi sotilgan Redmi oilasiga mansub yangi model. XiaomiRedmiNote 3 Pro 2016 yil yanvar oyida sotuvga chiqdi. Modelning texnik tavsifi quyidagicha:  1920×1080 pikselli 5,5 dyuymli ekran,  Android 5.1 Lollipop operatsiya tizimi, 32 gb doimiy va 3gb operativ xotira, ikkta sim karta tushadi. Asosiy kamera 16 mp.li, frontal kamera esa 5 mp.ga ega. Mazkur reyting uchun 32 gb xotirali model tanlangan, lekin mazkur modelning  arzonroq bo‘lgan XiaomiRedmiNote 3 Pro 16Gb nomli varianti ham mavjud. Unda ham yuqorida sanab o‘tilgan xarakteristikalar deyarli takrorlanadi, faqat doimiy (16 gb) va operativ (2 gb) xotirasi kamroq, shu bois narxi ham arzonroq, o‘rtacha – 159,760 $ atrofida. Ushbu variant Yandeks-marketda 73 foiz besh bahoga loyiq ko‘rilgan. 2016 yilning avgust oyi oxirlarida mazkur oilaga mansub yangi model XiaomiRedmiNote 4 chiqdi.

3-o‘rin

SonyXperia Z5 Premium

O‘rtacha narxi – 758,860 $. Yaponiyaning yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchisining mazkur flagmani Yandeks-marketda 62 foiz besh baho to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. 3840×2160 pikselli 5,5 dyuymli ekran, Android 5.1 operatsiya tizimi, 32 gb doimiy va 3 gb operativ xotira, bitta sim karta tushadi (sal qimmatroq bo‘lgan PremiumDual modeli ikkita sim kartali). Mazkur model bir vaqtning o‘zida ham smartfon, ham ajoyib kameraga ega bo‘lish istagidagilar uchun mo‘ljallangan. Soni kompaniyasi mazkur model dunyodagi ilk 4K smartfoni ekanini qayd etdi (4K Full HD dan ko‘ra to‘rt karra ko‘proq imkoniyatga ega ekanini bildiradi). Displeyning har bir dyuymi 806 pikselga bo‘lingan, bu esa tasvirning o‘ta tiniq bo‘lishini ta’minlaydi. Piksellarning zichligi esa Full HD TV televizorlaridagidan ko‘ra 10 marta, aksariyat smartfonlardagidan esa ikki marta yuqoriroq. Asosiy kamera matritsasining tavsiflari lol qoldiradi – u 23 megapikselga teng (frontal kamerada esa 5 mp). Videodan suratlar ko‘chirib olish imkoniyati mavjud: 4K formatida olingan videotasvirlardan eng zarur kadrlarni tanlab olib, sifatli 8 megapikselli suratlar chiqarishingiz mumkin. Smartfonning boshqa afzalliklaridan esa barmoq izlari skaneri va suv o‘tkazmasligini aytib o‘tish mumkin. Ushbu smartfonning nisbatan arzonroq (37 000 rubl) varianti – SonyXperia Z5 ham mavjud bo‘lib, u an’anaviy  Full HD displeyiga ega, SonyXperia Z5 ning bir va ikkita sim kartali turlari bor.

2-o‘rin  

Samsung Galaxy S7 Edge 32Gb

O‘rtacha narxi – 845,929 $. Janubiy Koreya va jahonning yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchisining flagmani bo‘lib, chotuvga 2016 yil mart oyida chiqarilgan hamda bugungi kunga kelib Yandeks-marketda 43 foiz besh baho to‘plagan. Texnik tavsifi: 2560×1440 pikselli 5,5 dyuymli ekran, Android 6.0 operatsiya tizimi, 32 gb doimiy va 4 gb operativ xotira. 200 gb.gacha hajmli xotira kartasi uchun slot mavjud. Akkumlyator sig‘imi – 3600 mA⋅s.  Agar avvalgi flagman SamsungGalaxy S6 (darvoqe, barcha ayfonlar singari) faqat bitta sim katali bo‘lgan bo‘lsa, SamsungGalaxy S7 ushbu kamchilikdan xoli bo‘lib, unga ikkita sim karta tushadi. Asosiy kamera 12 megapikselli, frontal kamera esa 5 mp.ga ega. Samsung ushbu smartfondagi quyidagi afzalliklarni sanab o‘tadi: katta yorug‘lik kuchiga ega ob’yektiv (F1.7) hamda matritsaning kattalashtirilgan piksellari (1,4 mkm) ko‘proq yorug‘likni qamrab oladi va bu yorug‘lik yetarli bo‘lmagan joylarda ham tiniq va sifatli suratlar olish imkoniyatini yaratadi; smartfonlar DualPixel texnologiyasiga ega: matritsaning barcha piksellari odatdagidek bittadan emas, balki ikkitadan fotodiodga ega, bu esa sensorga xuddi insonning ko‘zlari singari tez va aniq fokus olish imkoniyatini beradi, shuningdek DualPixel texnologiyasi shu qadar tezkor va o‘ta sifatli avtofokuslashni ta’minlaydiki, natijada yorug‘lik yetarlicha bo‘lmagan joylarda eng tezkor xatti-harakatlarni ham tasvirga tushirish mumkin; ilk bora animatsiyalangan panorama rejimida harakatni tasvirga olish mumkin bo‘ldi. Testlar SamsungGalaxy S7 kamerasi bugungi kunda dunyodagi eng yaxshi smartfon kamerasi ekanini isbotladi. 4pda.ru portali mazkur modelga bag‘ishlangan materialida shunday yozadi: “SamsungGalaxy S7 edge smartfonlardagi kameralar borasida kamida bir yil uchun yangi sifat standartini maydonga olib chiqdi”.

Shuningdek, juda tez simsiz quvvatlanish va to‘la suv o‘tkazmaslik xususiyatini ham aytib o‘tish zarur (1 metrgacha suv ostida 30-40 daqiqa video tasvirga olish mumkin). Har doim faol holatda bo‘ladigan ekran bloklangan qurilmadagi zarur ma’lumotlarni har doim aks ettirib turadi. Mazkur funksiya anchagina rivojlangan bo‘lib, smartfon cho‘ntak yoki sumkada ekrani pastga qarab turganida yoxud deyarli to‘liq quvvatsizlanib qolganda avtomatik tarzda o‘chadi.

 1-o‘rin

LG G5 SE H845

O‘rtacha narxi – 591,112 $. Janubiy Koreyaning mashhur kompaniyasining yetakchi mahsuloti bo‘lib, 2016 yil aprel oyidan savdoga chiqarildi. U Yandeks-marketda 83 foiz besh baho oldi. Tavsiflari:  2560×1440 pikselli 5,3 dyuymli ekran, 32 gb doimiy va 3 gb operativ xotira, 200 gb.gacha bo‘lgan xotira kartasi uchun slot mavjud. Operatsiya tizimi – Android 6.0. Akkumlyatori sig‘imi – 2800 mA⋅s. Bir emas, naq uchta kamera mavjud: 16 megapikselli asosiy kamera, 8 megapikselli keng burchakli kamera(ko‘rinish burchagi 135 gradus), hamda 8 megapikselli frontal kamera. Keng burchakli kamera ham asosiy kamera singari orqali panelda joylashgan. Tasvir birdaniga ikkita sensor tomonidan tahlil qilinadigan va buning oqibatida tasvirning ayrim joylari chaplanib ketishi bois uning sifati yomon tomonga o‘zgarishi mamkin bo‘lgan ikkita kamerali 7-ayfondan farqli ravishda LG G5 boshqa yo‘ldan boradi: bir vaqtning o‘zida ikkita kamera: keng burchakli va asosiy kamera ikkita surat oladi, hamda ulardan sifatli va tiniq chiqqanini tanlash mumkin bo‘ladi.

Mazkur model – yoritishning modul prinsipiga asoslangan dunyodagi ilk smartfondir. Foydalanuvchi bir necha soniya ichida akkumlyatorni almashtirishi yoki LG Friends modullaridan birini: fotokamerani boshqarishning qo‘shimcha tugmachalari bo‘lgan LG CamPlus maxsus blogini yoxud audiochipli LG Hi-FiPlusni o‘rnatishi mumkin. Birinchi modul bilan smartfon to‘laqonli ixcham kameraga aylansa, ikkinchisi uni haqiqiy audiopleyerga aylantiradi. LG CamPlus modulida o‘zining 1200 mAs.li batareyasi bor. Ammo sig‘imlarni qo‘shish kerak emas, chunki hammasi sal boshqacharoq: smartfon batareyasining quvvati tugashi bilan u avtomatik tarzda LG CamPlus blogining akkumulyatoridan quvvat ola boshlaydi. Ya’ni LG CamPlus akkumulyatori amalda qo‘shimcha tashqi batareya vazifasini bajaradi.

LG G5 SE H845 ni hech ikkilanmasdan “sifat va narx nisbati bo‘yicha” bugungi kunda eng yaxshi smartfon deyish mumkin. Agar ushbu model Janubiy Koreyaning boshqa bir flagmani SamsungGalaxy S7 Edge bilan solishtiriladigan bo‘lsa, texnik xarakteristikalari o‘xshash bo‘lgani holda LG ning narxi 40 foizga arzon, u haqdagi ijobiy fikrlar esa ikki karra ko‘proq ekanini ko‘rishimiz mumkin. Butun reytingdagi besh baholar foiziga nazar tashlasak, LG G5 SE top-10 talikka kirgan istalgan modelni bu ko‘rsatkich bo‘yicha ortda qoldirib ketganiga guvoh bo‘lamiz. Qayd etish kerakki, 2015 yilning eng yaxshi smartfonlari reytingida birinchilikni Janubiy Koreyaning boshqa bir modeli – Samsung Galaxy S6 edge 32Gb qo‘lga kiritgan edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.