2017 yil 1-choragidagi eng ommabop smartfonlar e’lon qilindi

  •   DiMaX
  •  1738
  •  12.05.2017 11:13

2017 yil 1-choragidagi eng ommabop smartfonlar e’lon qilindi

Yuqori o‘rinlarni, kutilganidek, Apple mahsulotlari egalladi. Ammo Android-smartfonlar orasidan g‘oliblarni ko‘pchilik taxmin ham qilmagan bo‘lsa kerak…

Strategy Analytics kompaniyasi turli statistik ma’lumotlarni to‘plash va tahlil etish bilan shug‘ullanadi. Uning yaqinda e’lon qilgan hisoboti mobil bozorga bag‘ishlangan bo‘lib, joriy yilning ilk choragida smartfonlar savdosi statistikasi keltirilgan.

Smartfon modeli 2016 yilning 1-choragida jahon bo‘ylab sotilishi, million dona 2017 yilning 1-choragida jahon bo‘ylab sotilishi, million dona
Apple iPhone 7 0,0 21,5
Apple iPhone 7 Plus 0,0 17,4
Oppo R9s 0,0 8,9
Samsung Galaxy J3 (2016) 3,0 6,1
Samsung Galaxy J5 (2016) 0,0 5,0
Qolgan smartfonlar 330,1 294,4
Jami 333,1 353,3

Yuqori pog‘onalarni, ko‘rib turganingizdek, iPhone 7 va uning «plyusli» talqini egallab olgan; bunga ajablanmasa ham bo‘ladi.

Ammo ro‘yxatning uchinchi bandini egallagan smartfon nomi sizni ham hayratga solgan bo‘lsa kerak. Axir, mobil qurilmalar sanoati yetakchilaridan bo‘lgan Samsung yoki LG’ning biror modeli emas, balki unchalik tanilmagan Oppo R9s degan gadjet Android-smartfonlar orasida birinchi bo‘lib turibdi-da!

Biroq mazkur devaysning reytingi yuqori bo‘lishini ayrim tahlilchilar avvaldan taxmin qilishgan va saytimizda ham bu borada ma’lumotlar berib kelganmiz. Jumladan, u haqdagi ilk xabarlar 2016 yil oktyabr oyi boshlaridan tarqalgandi. Metall korpusli Oppo R9s va Oppo R9s Plus modellari 19 oktyabrda rasman namoyish etildi. Oradan ko‘p o‘tmasdan, u Xitoyning o‘zida eng ko‘p sotilib, ishlab chiqaruvchini ham bu borada peshqadamga aylantirdi. Ta’kidlanishicha, bunga sabab – uning xususiyatlari va narxi orasidagi mutanosiblikdadir.

Oppo R9s modeliga Qualcomm Snapdragon 625 protsessori o‘rnatilgan; uning tezkor xotirasi 4 GB, ichki xotirasi esa 64 GBga teng. Samaradorligi bo‘yicha o‘rta sinfga mansub, ammo yig‘ilish sifati, tashqi ko‘rinishi hamda korpusining materiali borasida flagmanlardan aslo qolishmaydi. Aynan shular bois u Osiyoda eng ko‘p sotiladigan telefonlardan biriga aylandi. Natijada Oppo R9s umumjahon reytingida boshqa barcha «guglofon»larni ortda qoldirib, Apple’ning ikkita flagmanidan keyingi – uchinchi o‘rinni zabt etdi.

Dunyo bo‘yicha yetakchilikka zo‘r berib intilayotgan Samsung’ga kelsak, unga faqat to‘rtinchi va beshinchi pog‘onalar nasib etdi. Ehtimol, buning sababi Galaxy Note 7 modellarining yonib ketishi sababli qaytarib olinganligi hamda Galaxy S8 flagmanining o‘ta kech taqdim etilganligi bo‘lsa kerak. Axir, kompaniyaning mazkur reytingda joy egallagan ikkita qurilmasi aytarli yangi ham, samaradorligi bo‘yicha yetakchi ham emas-da.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!