2017 yilning eng yaxshi 5 ta noutbuki: ob-havo, narx-navo

2017 yilning eng yaxshi 5 ta noutbuki: ob-havo, narx-navo

Bugun u xoh talaba, xoh jurnalist yoki biznesmen bo‘lsin, har kim kundalik faoliyati mobaynida ishlarni bitirish, ta’lim olish yoki tungi mahal hordiq chiqarish uchun yaxshi noutbukka ehtiyoj sezadi. Bugun ko‘pchilik arzon narxli Xitoyning  Lenovo Yoga 720 2-in-1 yoki Lenovo Miix 320 noutbuklarini ma’qul ko‘rmoqda. Qolaversa kuchli qurilmalar mehnat safari davomida biznesni masofadan turib boshqarish imkonini ham bermoqda. 2017 yil biznes vakillariga mo‘ljallangan smartfonlarga ham boy bo‘ldi.

Quyida oddiy talabadan tortib, yirik biznes egalariga qadar mo‘ljallangan 2017 yilning eng yaxshi 5 ta noutbukini diqqatingiz markaziga havola qilamiz.

  1. Samsung Chromebook Pro

Android planshetlarning o‘rnini bosishga mo‘ljallangan Samsung’ning Chromebook Pro noutbuki qimmatbaho Windows noutbuklari bilan raqobatga qila oladi. Sensorli displeyga ega bo‘lgan metall korpusli Chromebook Pro Google’ning  Chrome OS operatsion tizimidagi Android ilovalarni qo‘llab quvvatlaydi. Gadjet ekranga yozishga mo‘ljallangan ruchka bilan ta’minlangan. Bu ruchka Chromebook’larga mo‘ljallangan Adobe’ning Creative Cloud ilovalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Chromebook Pro 2400 X 1600 pikselli, ya’ni QHD sig‘imli 12,3 dyuymli ekrani bilan o‘ziga xosdir. Devays yupqa va zamonaviy metall korpusli bo‘lib, 360 gradusga buklanuvchi oshiq-moshiq uni ixcham planshetga aylantiradi. Noutbuk korpusining burchak qirralari silliq va shakldor dizaynda.

Samsung Chromebook Pro korpusida USB-C portlari, 6 yadroli chastotasi 2 GGs bo‘lgan Intel Core m3 protsessori, 4 GB tezkor va 32 GB doimiy xotira o‘rnatilgan. Qurilma akkumulyatori to‘liq quvvat bilan 10 soat ishlash ko‘nikmasiga ega. Noutbuk narxi 449 dollar.

  1. Lenovo ThinkPad X1 Carbon

ThinkPad turkumining bu vakili ham yupqa va ixcham dizaynda ishlab chiqarilgan. 14 dyuymli displeyga ega ThinkPad X1 Carbon noutbukining 16.5 mm qalinlikdagi korpusi uglerod tolasidan tayyorlangan bo‘lib, juda pishiq. Uning WQHD — 2K (2560 x 1440 pikselli) yuqori sig‘imli ekrani uncha-muncha raqiblarini uyaltiradi. Afsuski, u sensor ruchkani qo‘llab-quvvatlamaydi. Uning korpus ixchamligini saqlab qolish uchun 1 ta USB 3.0 portiga joy ajratilgan.

X1 Carbon qurilmasi Windows 10 Pro operatsion tizimida ishlaydi. Unda 6-avlod Intel® i7-6600U chipi, qo‘shimcha vPro — ma’lumot va axborot xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan maxsus chip va tizimga ega. Dolby® audio karnaylari,  HD web-kamera biznes vakiliga oson va sifatli video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishga yordam beradi. Noutbukda 16 GB tezkor hamda 512 GB doimiy xotira mavjud.

1.18 kg tosh bosuvchi Lenovo ThinkPad X1 Carbon 10.5 soatga “turib beradigan” akkumulyatorga ega. Noutbuk 4G LTE-A aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Biznes vakillariga mo‘ljallangan noutbuk $1,349 dollardan sotilmoqda.

  1. Dell XPS 15 Touch

Dell’ning XPS noutbuklar turkumi yillar mobaynida jahonda ommalashgan gadjetlar qatorida bo‘lib kelmoqda. 2017 yilda Dell “2 tasi 1da” talqinidagi XPS 13 noutbukini taqdim qildi. 2.01 kg tosh bosadigan bu ixcham noutbukning korpus qalinligi 18 mm. Uglerod tolasi hamda alyuminiy uyg‘unligidagi korpus jozibador ko‘rinishda.

Dell XPS 15 Touch o‘zidagi 4K Ultra HD (3200×1800 pikselga teng) sig‘imli va sezgir displey bilan raqiblarini ham lol qoldiradi. Displeyning yorug‘lik darajasi 400 nitgacha yetadi va quyosh ostida ham yorqin tasvir ko‘rish imkonini beradi. Aksariyat noutbuklarning displeyi 200 nit darajasidagi yorug‘lik taratadi.

Markazlashgan Nvidia GeForce GTX 960M videokartasi Core i7 protsessori bilan hamkorlikda gadjetning yuqori darajada faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Noutbukda 16 GB tezkor hamda 512 GB doimiy xotira mavjud. Uning to‘liq quvvati 11 soatlik faoliyati uchun yetarli. Dell XPS 15 Touch $999 dollarga baholangan.

 

  1. HP Spectre x360 15 dyuym

Kuchli tizimga ega mazkur noutbuk ilg‘or Intel Core i7 protsessori va 15.6 dyuymli 4K sig‘imli yuqori sifatli va maxsus ruchkaga ega displeyi bilan diqqatni tortadi. Unga Nvidia GeForce 940MX video-kartasi o‘rnatilgan. Noutbuk 16 GB tezkor hamda 512 GB doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Boshlang‘ich narxi $1,279 dollardan bo‘lgan HP Spectre x360 15 alyuminiy korpusga ega.

360 darajada bukiluvchi halqa yordamida noutbuk planshetga aylanishi mumkin. HP Spectre x360 15 noutbuki 16 GB tezkor xotira va 512 GB doimiy xotira sig‘imiga ega.

HP bu gadjetni USB 3.0 porti, audio quloqchin konnektori va SD-xotira kartasiga mo‘ljallangan port, quvvatlashda ishlatiladigan USB Type-C hamda, Thunderbolt 3, HDMI portlari bilan siylagan. Uning to‘liq quvvati 15 soat ishlashga yetadi.

  1. HP EliteBook x360 G2

Bu jozibador dizayndagi noutbukni ko‘rib qolgan inson o‘zidagi har qanday kuchli gadjetni unutib qo‘yadi.

360° gradusga buklanuvchi korpus, 16 soatga yetadigan quvvat manbai, Windows 10 yoki boshqa operatsion tizimga ega bo‘lgan.

Biznes vakillariga mo‘ljallangan laptop $1,249 dollardan boshlab sotiladi. Unda Intel Core i7 ilg‘or protsessori mavjud. Uning tezkor xotirasi 16 gigabayt hamda  512 GB doimiy xotiraga ega. Google Chrome’da 30 tagacha yangi sahifa ochsa ham, tizim samarali faoliyat ko‘rsatadi. Devaysga HD Graphics 620 video-kartasi o‘rnatilgan.

13.3 dyuymli FullHd (1080p) sig‘imli sezgir hamda maxsus ruchkani o‘qiydigan ekran, klavish osti yoritkich, tachpad yonidagi barmoq izlari skaneri foydalanuvchi uchun ayni muddao.

Korpusda 2 ta USB 3.0 porti, audio quloqchin konnektori, microSD xotira kartasi bo‘lmachasi, Thunderbolt 3 porti, HDMI, quvvatlash portlari, noutbukni “qulflab” qo‘yish mumkin bo‘lgan Kensington qulf bo‘lmachasi  mavjud.

EliteBook x360’ga 4.97 GB sig‘imli ma’lumotni ko‘chirib olish uchun 17 sekund vaqt kifoya qiladi. Bu juda yuqori samaradorlik degani. EliteBook to‘liq quvvat bilan 9 soatgacha faoliyat ko‘rsatadi. Unga  720p sig‘imli kamera o‘rnatilgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!