2017 yilning qaysi smartfoni amalda eng tezkor? (+video)

  •   DiMaX
  •  3215
  •  06.06.2017 12:20

2017 yilning qaysi smartfoni amalda eng tezkor? (+video)

Joriy yilda smartfonlar bozori yangiliklarga boy bo‘ldi. Yangi qurilmalar dizayni, imkoniyatlari va, muhim jihatlaridan biri – tezkorligi borasida ham bir-biridan o‘zishga intilishdi.

Smartfonlarning xususiyatlarini turli saytlardan o‘qib bilishimiz, sintetik testlar natijalarini solishtirishimiz mumkin, ammo ishlash samaradorligi – tezligini faqat amalda sinab va solishtirib ko‘ra olamiz. AndroidPit resursi aynan shu ishni amalga oshirib, sinov natijalarini va videosini e’lon qilgan.

Sinovda Huawei P10 Plus, Sony Xperia XZ Premium, Samsung Galaxy S8+, HTC U11, LG G6 hamda oxirgi Android O beta talqinidagi Google Pixel smartfonlari ishtirok etishdi. Umuman olganda, raqobatchi qurilmalarni yaxshi tanlab olishgan: bular bugungi kunda bozordagi flagmanlar orasida eng yaxshilari hisoblanadi.

Tezlik sinovi sekundomer hamda qurilmadagi tanlangan ilovalarni ishga tushirib tekshiradigan DiscoMark benchmark dasturi yordamida amalga oshirildi. Tekshiruv uchun eng ommabop ilovalar: Google Calendar, Kamera, Chrome, Facebook, Gmail, Instagram, Google Maps, Facebook Messenger, Google Foto, Spotify, Twitter hamda YouTube tanlandi.

Test boshlanishidan avval smartfonlarning barchasi zavod sozlamalariga qaytarilib, so‘ng barcha kerakli yangilanishlar o‘rnatildi. Ularning har biri quvvatlash qurilmasiga ulanib, sinov boshlanishidan oldin o‘chirib-yoqildi.

Shundan keyingi test jarayonini quyidagi videolavhada kuzatishingiz mumkin:

Ko‘rib turganingizdek, tezlik borasida uchta smartfon birinchi o‘rinni egalladi. Ularning natijalari orasidagi farq bir soniyaga ham yetmaydi. Eng tezkor qurilmalar – HTC U11, Huawei P10 Plus hamda so‘nggi Android O beta talqinidagi Google Pixel bo‘ldi. Shu tariqa, HTC U11 o‘zining eng baquvvat smartfon ekanligini yana bir bor isbotladi.

Bu uchovlondan to‘rt soniya keyingi ko‘rsatkich bilan Galaxy S8+ va Sony Xperia XZ Premium ham vazifalarni yakunlab ulgurishdi. Yana besh soniyadan so‘ng marraga LG G6 yetib keldi, uni yetakchilardan taxminan 9 soniya vaqt ajratib turibdi. Aftidan, buning sababi – unga eskiroq Snapdragon 821 protsessori o‘rnatilganligidir. To‘g‘ri, Google Pixel ham shu protsessor asosida yaratilgan, biroq u anchagina optimallashtirilgan dasturiy ta’minotda ishlaydi.

G‘oliblik shohsupasidagi ikkita smartfonga Snapdragon 835 o‘rnatilgan, lekin HiSilicon Kirin 960 protsessori bilan Huawei P10 Plus ham ulardan qolishgani yo‘q. Yana bir jihatini ta’kidlash o‘rinli – Huawei devaysining tezkor xotirasi barcha raqobatchilarinikiga nisbatan 2 gigabaytga katta.

Eslatib o‘tamiz, tezkorlik sinovi qatnashchilari haqidagi turli ma’lumotlarni saytimizda berib kelmoqdamiz. Jumladan, yetakchilardan «Malika» savdo markazida ham sotilayotgan Huawei P10 Plus tavsifini mana bu maqolamizda o‘qishingiz mumkin. HTC U11’ning ham ilg‘or jihatlari ko‘p, masalan uning sensor romli – Edge Sense texnologiyasidagi korpusini ta’kidlash mumkin. Google Pixel va boshqa ayrim modellarga o‘rnatilgan «Android O» nomli yangi mobil operatsion tizimidagi ilg‘or jihatlar xususida esa bu yerda so‘z yuritilgan. Shuningdek, test ishtirokchilarining aksariyati 2017 yilning eng yaxshi sotilayotgan smartfonlari qatoriga kiritilgan bo‘lib, ularning jihat va narxlari bilan tegishli maqolamiz orqali tanishib chiqish imkoni mavjud.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.