2020 yilda ham ayrim Apple rahbarlari Tim Kukdan ko‘p daromad ko‘rishdi!

  •   DiMaX
  •  426
  •  08.01.2021 14:39

2020 yilda ham ayrim Apple rahbarlari Tim Kukdan ko‘p daromad ko‘rishdi!

7 yanvar kuni Tesla aksiyalarining narxi 796,38 dollargacha ko‘tarildi va natijada Ilon Mask dunyoning eng boy kishisiga aylandi. Amazon asoschisi Jeff Bezos esa dunyo boylari ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.

O‘QING: Apple hatto Tesla’ga egalik qilishi mumkin edi, lekin Tim Kuk...

 Apple bosh direktori Tim Kuk esa o‘tgan yilning avgustiga kelibgina milliarder bo‘lgan, lekin baribir eng boy 500 kishi ro‘yxatiga ham kira olmagan edi. Xo‘sh, kupertinolik korporatsiyaning yetakchilari o‘zi yiliga qancha «soqqa» qilishadi?

Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar komissiyasi – SEC tashkilotiga Apple taqdim etgan bayonotga ko‘ra, Tim Kuk o‘tgan yili 15 million dollarga yaqin daromad ko‘rgan. Uning bazaviy tushumlari – maoshi 3 000 000 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, qilingan ishlar bo‘yicha rag‘batlantiruvchi mukofotlar hajmi 10 731 000 dollarga teng ekan.

Apple o‘tgan yilda sotuvlar hamda boshqa yo‘nalishlarda mo‘ljaldagidan yuqoriroq ko‘rsatkichlarga erishgan. Natijada kompaniyaning rahbarlariga to‘lovlarning 179 foizi hajmida qo‘shimcha mukofotlar berilgan.

Tim Kuk, shuningdek, «boshqa kompensatsiyalar» ko‘rinishida 1 038 259 dollar ham olgan. Bunga sug‘urta to‘lovlari, mehnat ta’tili to‘lovi va xavfsizlik uchun xarajatlar kirgan. Apple siyosatiga ko‘ra, xavfsizlik yuzasidan bosh direktor xususiy samolyotdagina uchadi. Xullasi kalom, korporatsiyadan unga bir yil mobaynida jami 14 769 259 dollar ajratilgan.

O‘QING: Apple bosh aksioneri ham, nihoyat, Samsung tugmachali telefonini tashlab iPhone oldi, lekin...

Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi summaga Kuk olgan 100 million dollarlik Apple aksiyalari kiritilmagan. O‘tgan yilning avgustida u kompaniyaning 131,7 million dollarlik aksiyalarini sotib yuborgan edi.

Taqqoslash uchun: 2019 yili Tim Kuk birmuncha kamroq – 11,5 million dollar daromad ko‘rgan. Bloomberg hisobotiga ko‘ra, 2020 yil davomida Kukning shaxsiy sarmoyasi 1 milliard dollardan oshgan.

Darvoqe, yuqoridagi jadvalga e’tibor bersangiz, Apple’ning boshqa rahbarlari, jumladan Luka Maestri, Keyt Adams hamda Jeff Uilyams har biri 26 million dollardan oshiq daromad ko‘rishgan. Ya’ni, ularning kompaniyadan olayotgan pullari bosh direktornikidan ham ancha yuqori.

O‘QING: Tim Kukdan ham ikki baravar ko‘p maosh oluvchi xodim Apple’ni tashlab ketdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!