2021-yilda Samsung'dan kutayotgan 5 narsamiz

2021-yilda Samsung'dan kutayotgan 5 narsamiz

2020-yil Samsung uchun aralash keldi. Kompaniya o‘zining Galaxy S20 FEGalaxy Z Fold 2 va Galaxy A seriya smartfonlari borasida anchayin muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, Galaxy S20'lar hamda Galaxy Note flagmanlari savdosi maqtarli darajada bo‘lmadi.

2020-yilda Samsung 90% e’tiborini premium bozoroga berishni to‘xtatishga tayyor ekanini ko‘rsatib berdi. Koreyslar muvaffaqiyatining katta qismi arzon smartfonlar ulushiga to‘g‘ri keldi. Bunda COVID-19 pandemiyasi qaysidir ma’noda o‘rin tutgan bo‘lishi ham mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, kompaniya hammaga ham 1,000+ dollarlik smartfon kerak emasligini tushunib yetdi.

O‘QING: Texnologiya olami: 2021-yilda bizni nimalar kutmoqda?

2021-yilda Samsung hamyonbop smartfonlar borasida erishgan yutuqlari ko‘lamini kengaytirishga urinishi kerak. Ikkinchi tomondan esa, kompaniya buklanuvchan smartfonlarga ham yanada ko‘proq e’tibor berishi kerak bo‘ladi. Aslida, yangi 2021-yilda «Uch yulduz»dan juda ko‘p narsa kutmoqdamiz, lekin quyida ularning eng asosiy 5 tasini keltirib o‘tamiz.

1. Hamyonboplarga ko‘proq e’tibor berish

Samsung Galaxy S20 FE smartfoni yilning smartfon qotili va eng ommabop smartfonlaridan biri bo‘lgani haqida yozgandik. To‘g‘ri, 2020-yilda kompaniya S20 FE'dan ko‘ra anchayin yaxshi smartfonlar chiqardi, lekin ularning narxi va texnik jihatlari bir-biriga S20 FE'chalik mos kelmaydi. S20 FE aynan narxiga mos smartfon bo‘lgani bois juda ommalashdi.

Bundan tashqari, Samsung'ning hamyonbop lineykalari — Galaxy A, Galaxy M va Galaxy F'lar — ham maqtashga arzigulik bo‘ldi. Vaholanki, Galaxy S va Note oilasi vakillari tijoriy jihatdan muvaffaqiyat olib kelmadi.

2021-yilda, Samsung o‘z e’tiborini ko‘proq hamyonbop modellariga qaratishiga umid qilib qolamiz. To‘g‘ri, hammamizga Galaxy S'lar, stilusli Note'lar yoqadi, ammo smartfon uchun 10–12 million so‘m sarflash hammaga ham oson emas. Chunki boshqa kompaniyalarning zo‘r texnik jihatlarga ega smartfonlarni Galaxy S/Note'larning yarim narxiga sotib olsa bo‘ladi.

2. Buklamafonlarning amaliy ahamiyatini oshirish

Samsung 2021-yilda ko‘pgina buklamafon chiqarishga va’da bergan. Ularning ba’zilari hatto haymyonbop (lekin arzon emas) bo‘ladi. Samsung butun dunyodagi hamma buklamafonlarni o‘zi ishlab chiqarishga qodir, lekin kompaniya, birinchi o‘rinda, nega aynan buklanadigan smartfon ishlatishimiz kerakligiga bizni ishontira olishi kerak.

Masalan, Galaxy Z Fold 2 egalari: «Mening smartfonim ochilib-yopiladi!» deb maqtanishdan boshqa gaplarni ham ayta olishi kerak.

Agar 2021-yilda buklamafon sotib olishimizni xohlasa, Samsung bu uchun bizga amaliy bir sababni ko‘rsatishi kerak. Ham dasturiy tomondan, ham texnik tomondan buklamafon o‘ziga xos va amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi kerak.

Kompaniya, shuningdek, bunday smartfonlar dizaynini takomillashtirishi, chidamli va arzon qilishi kerak bo‘ladi. Iste’molchiga bir olam o‘rtacha sifatli buklamafon emas, balkim 2–3 yil buzilmasdan ishlay oladigan kuchli, yuqori sifatli qurilma kerak. Bunday forma faktorli smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha Samsung yetakchi ekanini inobatga olsak, koreyslar bu borada ko‘p marralarga erishishi ehtimoli yuqori ekanini tushunish mumkin.

O‘QING: 2021-yilgi Android'lar borasida 10 bashorat

3. «Yengilroq» One UI

Samsung'ning Android proshivkalari tarixiga e’tibor bersak, ko‘plab negativlikni ko‘rishimiz mumkin. Foydalanuvchilar TouchWiz'ni juda yomon ko‘rishardi. Kompaniya buni tushunib, Samsung Experience'ni chiqardi. Bu qobiq anchayin takomillashgan, kamroq tizim elementlariga ega edi va multfilmsimon emasdi. Shunday bo‘lsa-da, Samsung Experience ham odamlar kutgandek emasdi. Shunday so‘ng, dizaynerlar dasturdan ortiqcha elementlarni olib tashlab, ko‘pchilikka yoqqan One UI qobiq dasturini taqdim qildi.

Bu yerdagi tendensiyani sezdingizmi? Samsung o‘zining proshivkalarini qanchalar «yengil»lashtirsa, odamlarga bu shunchalar yoqqan. To‘g‘ri, Samsung One UI'ni bekor qilib, Pixel UI yoki Oxygen OS'larga o‘tmaydi, lekin One UI'dagi ortiqcha komponentlarni qisqartirishi, tizimni yanada nafis va silliq qilishi mumkin.

2021-yilda One UI 4.0 bizga Samsung tayyorlagan mukammal Android amaliyotini taqdim qilishiga umid qilamiz. Hammamiz ham telefonimiz ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘lish va smartfonimizda xohlagan narsamizni o‘zgartira olishni xohlaymiz. Samsung bunday amaliyotni o‘z mijozlariga taqdim etishda har doim ilg‘or bo‘lib kelgan. Umid qilib qolamizki, Samsung yangi yilda One UI dasturidan har qanday ortiqcha ilovalarni olib tashlaydi.

4. Ixcham (lekin kuchli) smartfonlar

Ko‘pchiligimiz kichik hajmli, cho‘ntagimizga sig‘adigan, lekin kuchli smartfon ishlatishni xohlaymiz. Samsung 2019-yilda Galaxy S10e modelini taqdim qilish bilan xuddi shunday amaliyotni mijozlarga taqdim etishga juda yaqin kelgandi. Vaholanki, bizga noma’lum sabablarga ko‘ra, «e» smartfonlarini ishlab chiqarish to‘xtatildi va 2020-yilda Samsung faqat katta o‘lchamli smartfonlarga o‘zini urdi. Galaxy S10e singari smartfonlarni ishlab chiqarishni davom ettirish Samsung'ga katta foyda keltirishi ehtimoli yuqori edi.

Google Pixel 4a, Pixel 5, iPhone SE, iPhone 12 mini va hatto Sony Xperia 5 II modellari iste’molchilar ixcham smartfonlar talabida ekanini ko‘rsatib berdi.

Biroq bunda muammo shundaki, iPhone 12 mini va Xperia 5 II'lardan boshqa ixcham smartfonlar aytarlik darajada kuchli emas. Boshqa har qanday smartfonsoz kompaniyadan ko‘ra Samsung'da 2021-yilda ushbu muammoning yechimini topish imkoni ko‘proq.

Lekin, afsuski, Galaxy S21 smartfonlari orasida bunday ixcham model bo‘lmaydi. Biroq bu Samsung yangi yilda ixcham smartfon chiqarmaydi degani emas, albatta.

5. Kamroq Exynos, ko‘proq Qualcomm

Hammamizga ma’lumki, Qualcomm'ning Snapdragon protsessorlari Samsung o‘zi tayyorlagan Exynos'lardan ko‘ra unumdorroqdir. Samsung, protsessori sabab, butunlay farqli darajadagi unumdorlikka ega smartfonlarni turli bozorlarda bir xil narxda sotadi. 2021-yilda bunga barham berish yoki hech bo‘lmasa, bu holatni kamaytirish vaqti keldi.

Lekin o‘z o‘rnida aytib o‘tish ham kerakki, Exynos protsessorlari borgan sari yaxshilanib bormoqda. Hali real sharoitda ko‘rmagan bo‘lsak ham, mish-mishlarga qaraganda, Samsung'ning Snapdragon 888'ga javobi bo‘lgan Exynos 2100 chipi anchayin yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.

Yana shunday mish-mishlar tarqalganki, 2021-yilda kamida bitta Samsung smartfoni butun dunyo bo‘yicha (mintaqadan qat’i nazar) faqat Exynos chipli versiyada chiqariladi.

Umid qilib qolamizki, 2021-yilda Samsung protsessorlar borasida mantiqiy ish tutadi. Kompaniya Snapdrago/Exynos muvozanatini tenglashtirib, Shimoliy Amerikadan boshqa hududlarda ham Snapdragon'li smartfonlar sota boshlashini kutib qolamiz.

O‘QING: iPhone SE 3 nimalari bilan ideal hamyonbop ayfon bo‘ladi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.