2021-yilning eng kutilayotgan 10 smartfoni

2021-yilning eng kutilayotgan 10 smartfoni

Yangi yil boshida hammamiz 2021-yil o‘tgan yilgidan yaxshiroq bo‘lishini kutmoqdamiz. Texnoolamda ham ushbu yilda talay yangiliklar, shu jumladan, yangi modeldagi smartfonlar bizni kutib turibdi.

Qimmatbaho smartfonlar, masalan, iPhone 13'dan tortib, noyob dizayn yechimiga ega LG Rollable bo‘lgan qurilmalar 2021-yilda olam yuzini ko‘rishi kutilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu yil har kimning didiga mos smartfonlar taqdim qilinajak. Quyida mana shu smartfonlarning eng intiqib kutilayotgan 10 tasi bilan qisqacha tanishamiz.

O‘QING: 2021-yilda Samsung'dan kutayotgan 5 narsamiz

Ushbu ro‘yxatdagi smartfonlar kuchli yoki hech bo‘lmasa, qiziqarli, noodatiy va innovatsion bo‘ladi.

Samsung Galaxy S21 lineykasi

Samsung Galaxy S20 Ultra

Samsung Galaxy S21 smartfoni va uning shariklari: Samsung Galaxy S21 Plus va Samsung Galaxy S21 Ultra'larni yilning eng intiqib kutilayotgan Android smartfonlari desak mubolag‘a bo‘lmas. Bu smartfonlar o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymaydi, chunki, oldin ham xabar berganimizdek, Samsung ularni kelasi payshanba kuni, ya’ni 14 yanvarda taqdim qiladi.

Xo‘sh, bu smartfonlardan nimani kutsak bo‘ladi? Hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, bu flagmanlar eng zamonaviy chip va yuqori darajadagi unumdorlikka ega bo‘ladi, sababi Samsung ularni Snapdragon 888 yoki Exynos 2100 chipsetlari bilan jihozlamoqda. Har ikki platforma ham yilning eng qudratli chiplaridan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Galaxy S21 Ultra'ning eng o‘ziga xos jihati S Pen stilusining qo‘llab-quvvatlanilishi bo‘ladi. S21 Ultra, shuningdek, 10x optik zumga ega bo‘lishi ham mumkin. Samsung yangi flagmanlarini yuqori texnik jihatlarga ega kameralar bilan jihozlagani aytilmoqda.

iPhone 13 lineykasi

Apple iPhone 12 Pro Max

iPhone 13 smartfonlari chiqishini kutayotganlar soni Samsung Galaxy S21'larni kutayotganlardan-da ko‘p bo‘lsa kerak. Lekin bu smartfonlarni uzoqroq kutishga to‘g‘ri keladi, chunki ular eng ertasi sentyabrda taqdim qilinadi.

Mish-mishlarga quloq tutsak, ushbu yangi iPhone'lar anchayin takomillashgan, jumladan, 1 terabayt doimiy xotira, ekranosti barmoq izi skaneri va kichikroq hoshiyalarga ega bo‘ladi. iPhone'larga periskop kamera qo‘shilishi mumkinligi haqida ham gaplar bor. Bu esa optik zum oshirilishiga xizmat qiladi.

iPhone 13'lar taqdim qilinishiga hali ancha bor. Shuning uchun ham, bu mish-mishlar rost yoki yolg‘on ekanligi hozircha noma’lum. Lekin bir narsa aniqki, iPhone 13'lar, albatta, kuchli bo‘ladi. Apple, xuddi iPhone 12'lar singari, to‘rtta: iPhone 13 mini, iPhone 13, iPhone 13 Pro va iPhone 13 Pro Max modellarini taqdim qilsa kerak.

OnePlus 9 lineykasi

OnePlus 8 Pro

OnePlus 9 smartfonlari mart yoki aprel oyida taqdim qilinib, Samsung Galaxy S21'larda mavjud zamonaviy jihatlarni nisbtan arzon narxda taqdim qiladi.

Ushbu lineyka doirasida OnePlus 9, OnePlus 9 Pro va OnePlus 9E modellari bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Qurilmalarning texnik jihatlariga kelsak, uchala model ham premium Snapdragon 888 chipida ishlab, yuqori yangilanish chastotasiga ega ekran bilan jihozlanishi mumkin. OnePlus'lar haqida hozircha ko‘p ma’lumot bor emas, lekin sizdirilgan ma’lumotlarga qaraganda, OnePlus 9 48MP asosiy, 48MP ultrakeng va yana qandaydir uchinchi kameraga ega bo‘ladi. Smartfon 8GB tezkor, 128GB doimiy xotira bilan jihozlanadi. OnePlus 9 pro esa ushbu oilaning chang va suvdan IP68 nominalida himoyalangan yagona vakili bo‘lishi ehtimol.

Samsung Galaxy Z Fold 3

Samsung Galaxy Z Fold 2

Samsung Galaxy Z Fold 3 smartfoni ushbu ro‘yxatdagi boshqa qurilmalardek ommalashmasa-da, boshqalarga qaraganda anchayin o‘zgacha va qiziqarli qurilma bo‘ladi.

Katta buklanadigan ekranga ega bo‘lishdan tashqari, Samsung Galaxy Z Fold 3 S Pen ruchkasini qo‘llab-quvvatlashi ham aytilmoqda.

Hozirgi xabarlarga ko‘ra, smartfon iyun oyida taqdim qilinishi mumkin. Lekin ba’zi manbalar Samsung qurilmani yilning ikkinchi yarmida taqdim qilishini aytyapti.

LG Rollable

LG Rollable aslida chiqadimi-yo‘qmi, buni hali bilmaymiz. Lekin LG haqiqatan ham rulon holiga keluvchi ekran tayyorlayotgani va bu displey 2021-yilda taqdim qilinishi haqida dalillar bor.

Patenga asoslanib taxmin qilish mumkinki, ushbu qurilma foydalanuvchiga ekranning o‘ng va chap tomonlarini kengaytirish imkonini beradi, lekin ekran buklanmasdan balkim rulon holatiga kelgani, barcha mexanizmlar korpus ostiga yashirilgani bois, LG Rollable ekran kengaymagan holida boshqa oddiy smartfonlar kabi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Sizdirilgan boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, ekran 6.8 dan 7.4 dyuymgacha kengayishi mumkin.

LG Rollable juda ham futurustik smartfon hisoblanadi va u haqida hozircha ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. Bu smartfon 2021-yilda taqdim qilinmasligi ehtimoli yuqori, lekin taqdim qilinsa ham, juda qimmat bo‘ladi.

O‘QING: Texnologiya olami: 2021-yilda bizni nimalar kutmoqda?

Oppo Find X3 lineykasi

Oppo Find X2 Pro

Oppo kompaniyasi Samsung yoki OnePlus singari mashhur brend emas, lekin so‘nggi yillarda kompaniya yetakchi raqiblari bilan bemalol bellasha oladigan smartfonlar ishlab chiqarmoqda. Oppo Find X3 mana shunday smartfonlarning navbatdagisi bo‘lishi mumkin.

Find X3 hatto o‘tgan yilgi eng taniqli flagmanlardan ham qiziqroq va innovativroq bo‘lishi mumkin. Chunki mish-mishlarga qaraganda, Oppo Find X3 Pro smartfoni xuddi mikroskopdek ishlay oladigan makro kamera va 25 karra zumga ega bo‘ladi.

Bu model, shuningdek, smartfonning ham old tomonidan, ham orqa tomonidan ishlay oladigan NFC bilan ham jihozlanishi aytilmoqda.

Texnik jihatlarga kelsak, smartfonlar 3K rezolyusiya, yuqori yangilanish chastotasiga ega ekran, tezkor quvvatlanish va ko‘pgina kamera bilan jihozlanadi. Bu flagmanlarni uzoq kutishingizga hojat yo‘q, sababi ular tez orada taqdim qilinadi.

Nokia 10

Nokia 9 PureView

Nokia 10 smartfonini anchadan beri kutamiz. Smartfon haqidagi ilk mish-mishlar tarqalganidan keyin uning nomlanishi haqida ham qator gaplar tarqalgan. Avvaliga, bu qurilma Nokia 9.1 nomi bilan chiqishi aytilgan bo‘lsa, keyinroq Nokia 9.2 yoki 9.3 deb nomlanishi haqida gaplar tarqalgan. Endi esa ushbu model Nokia 10 deb nomlanishi kutilmoqda.

Biroq Nokia 10 taqdim qilinadigan yil aynan 2021-yil bo‘ladimi-yo‘qmi, bunisi hozircha noma’lum. Hozirgacha tarqalgan ma’lumotlarga qaraganda, Nokia 10 safir shishali displey, zanglamas po‘latdan ishlangan rom va Snapdragon 888 chipiga ega bo‘ladi. Bundan chiqdi, qurilma juda ham premium smartfon bo‘ladi.

Boshqa mish-mishlarga ko‘ra, Nokia 10'ning kamera jamlanmasi Nokia 9 PureView'ning pentakamerali modulidan tubdan farqlanadi; qaysi jihatlari bilan farqlanishi esa bizga hozircha qorong‘u.

iPhone SE 3

Apple iPhone SE (2020)

iPhone 13 lineykasi taqdim etilishi aniq. Lekin Apple'dagilarning iPhone SE 3 smartfonini taqdim etishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Hozirga qadar, iPhone SE 3 haqida juda kam ma’lumotga egamiz. Agar qurilma 2021-yilda taqdim qilinsa, u (iPhone 12'lar bilan bir xil) A14 Bionic chipida ishlashi ehtimoli yuqori.

Hatto iPhone SE Plus smartfoni chiqishi mumkinligi ham aytilmoqda, ammo bu iPhone SE 3'ning shunchaki boshqacha nomi bo‘lishi ham mumkin. Smartfon 5.5 yoki 6.1 dyuym ekranga ega bo‘ladi, lekin iPhone SE (2020) kabi hamyonbopligicha qolaveradi. iPhone SE 3'da moddiy uy ekran tugmasi saqlab qolinadimi-yo‘qmi, bunisi hozircha aniq emas.

Samsung Galaxy Note 21 lineykasi

Samsung Galaxy Note 20 Ultra

Samsung o‘zining Galaxy Note smartfonlarini ishlab chiqarishni to‘xtatishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgandi, lekin kompaniya bu gaplarni rad etdi. Galaxy Note 21 haqida hozircha ko‘p narsani bilmaymiz, lekin flagman S Pen, katta ekran va yuqori darajadagi unumdorlikka ega bo‘lishini kutsak bo‘ladi. Note 21'lar avgustda taqdim qilinadi.

Sony Xperia 1 III Compact

Sony Xperia 1 II

Sony Xperia 1 III  bilan bir qatorda Sony o‘zining Sony Xperia 1 III  Compact smartfonini taqdim qilishi mumkinligi aytilmoqda. Ko‘pchilikka bu smartfon yoqsa kerak, chunki u ham ixcham, ham kuchli bo‘ladi.

Mish-mishlarga quloq ossak, bu qurilma 5.5 dyuym ekran va o‘rta toifaning yuqori kategoriyasidagi chip bilan jihozlanishi ehtimoli bor. Sony'ning har ikki smartfoni yilning birinchi yarmida taqdim qilinishi kutilmoqda.

O‘QING: 2021-yilgi Android'lar borasida 10 bashorat

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.