2021-yilning eng kutilayotgan 5 smartfoni

2021-yilning eng kutilayotgan 5 smartfoni

Smartfon ishqibozlari Apple, Samsung, Google va Microsoft kompaniyalarining yangi smartfonlarini intiqlik bilan kutmoqda.

O‘QING: 2021 yilning eng kutilayotgan 10 smartfoni

Keling, quyida hammamiz kutayotgan beshta smartfon haqida, jumladan, ularning kamerasi va boshqa jihatlari borasidagi takomillashuvlari atrofidagi mish-mishlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Apple iPhone 13

Apple'dan boshlasak. Sentyabr oyi har galgidek flagman iPhone'lar namoyishi bilan hayajonli bo‘ladi. Bu yil esa iPhone 13'larni qarshi olamiz. Xuddi iPhone 12 lineykasi kabi bu yil ham yangi iPhone'lar oilasida bir necha smartfon bo‘lishini, xususan, standart va Pro versiya, umid qilamizki, hamyonboproq iPhone 13 mini ham bo‘lishini kutmoqdamiz.

Yangi iPhone'larda moddiy jihatdan katta o‘zgarish kutilmayapti, lekin bu yil juda chiroyli Sunset Gold rangli iPhone chiqarilishi aytilmoqda. Bundan tashqari, ekran yuqorisidagi hoshiya ingichkaroq bo‘lishi aytilmoqda.

Apple yangi iPhone 13 lineykasi tarkibida Sunset Gold rangli smartfon chiqarishi mumkin

@RendersbyIan

Kameralar ham sezilarli darajada yangilanishi haqida gaplar yuribdi, ayniqsa, keng burchakli kameralarning tungi rejimda tasvirga olish imkoniyati yaxshilanishi, zum tizimi ham takomillashishi aytilmoqda. Zum imkoniyatining oshishi juda yaxshi yangilik bo‘lar edi. Hozirgi iPhone 12 Pro Max'ning 2.5x zumi Galaxy S21 Ultra oldida ip esha olmaydi.

iPhone'lar kamerasining eng muhim jihati bo‘lgan video imkoniyati ham takomillashishi mumkin. Masalan, yuqori sifatli ProRes video yozish funksiyasi paydo bo‘lishi portret rejimi uchun fon bluri va tasvir rangini oshiruvchi bir necha filtrlar jamlanmasi ham joriy qilinishi haqida xabarla bor. Umuman olib qaraganda, yangi iPhone'lardagi eng katta o‘zgarish kameralarda kuzatilsa kerak.

iPhone 13, shuningdek, iOS 15'ning nihoyasiga yetkazilgan talqinida ishlashi kerak.

Samsung Galaxy S22 Ultra

Samsung'ning Galaxy S22 seriyasi chiqishini kelasi yili fevral yoki martda kutish to‘g‘ri bo‘ladi. Mazkur flagman lineykasi haqida hozircha mish-mishlar ko‘p emas. Hozirda asosiy e’tibor Galaxy Z Fold3 va Z Flip3 smartfonlariga qaratilmoqda. Holbuki, bir necha renderlar paydo bo‘lib, Samsung'ning yangi avlod flagmanlarida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot bermoqda.

Samsung Galaxy S22 Ultra ekanligi ta’kidlanayotgan mazkur renderda smartfon kattaroq — 200 megapiksellik kameraga ega ekanini ko‘rish mumkin

LetsGoDigital bilan hamkorlikda yaratilgan Technizo konsepti

 

iPhone'dagi kabi, S22'da ham asosiy o‘zgarish, asosan, kameralarda kuzatilishi aytilmoqda. Hozirgacha paydo bo‘lgan renderlar 200 megapiksellik kamerani ko‘rsatmoqda. Bu smartfonga hozirgacha joriy qilingan eng katta rezolyutsiya bo‘lib, Galaxy S21 Ultra'ning 30x va 10x zum imkoniyatini anchayin oshirishi kerak.

Zum haqida gapirar ekanmiz, S22 Ultra 3x yoki 10x optik zum o‘ringa davomiy optik zumga ega bo‘lishi aytilmoqda.

Kameradan boshqa jihatlar borasida katta yangilanish va o‘zgarishlarni kutmayapmiz.

Google Pixel 6

Google'ning Pixel 6 lineykasi haqida mish-mishlar oy boshidan tarqala boshladi. Smartfon yangicha dizaynga ega bo‘ladi. An’anadan qochgan holda, Google bu gal bazaviy va XL model emas, Pixel 6 va Pixel 6 Pro nomli modellarni taqdim etishi aytilmoqda. Pixel 6 Pro telefoto kameraga ega bo‘ladi.

Pixel 6 sezilarli kamera yangilanishlariga ega bo‘ladi, jumladan, yaxshilangan tasvir sensori 150% ko‘proq yorug‘likni o‘tkazishga qodir bo‘ladi. Yorug‘likning ko‘p bo‘lishi tasvir sifati ham yuqori bo‘lishini anglatadi, ayniqsa, past yoritilgan sharoitlarda. Pro model ham 4x optik zum bilan jihozlanishi aytilmoqda.

Holbuki, eng katta yangiliklardan biri shu bo‘ladiki, Qualcomm chiplaridan ishlatish o‘rniga Google o‘zining maxsus Tensor platformasidan foydalanadi. Google OAVga yangi SoC'ning qudratini ko‘rsatdi. Tensor nutqni tanish, jonli tarjima va fotografiya borasida takomillashuvlarga ega bo‘ladi. Kompaniya smartfonning Jonli Subtitr va Tarjimon Rejimini ko‘rsatib, fransuzcha prezentatsiyaning tezlik bilan ingliz tiliga tarjima qilinganini namoyish qildi. Foto demonstratsiyada esa bir necha rasmlar birlashtirilib, bitta tiniq surat hosil qilindi.

Pixel 6, shuningdek, Android 12'da ishlovchi ilk smartfonlardan ham bo‘ladi. Pixel smartfonlarida Android 12 siz uy ekraniga qo‘ygan oboyingiz rangiga moslab butun interfeys temasini o‘zgartira oladi.

Samsung Galaxy S21 FE

Galaxy S22 seriyasini orziqib kutayotganlar Galaxy S21 seriyasining hali taqdim etilmagan smartfonini unutib qo‘ymasliklari kerak. Gap Galaxy S21 FE smartfoni haqida ketyapti. O‘tgan yilgi S20 FE smartfoni S20 uchligidan sezilarli darajada arzonroq chiqqaniga qaramay, texnik ko‘rsatkichlari jihatidan ushbu smartfon Galaxy S20'dan qolishmas edi. Shu yilning kuz faslida taqdim qilinadigan hamda kuchli texnik jihatlarni o‘zida birlashtiradigan Galaxy S21 FE smartfoni S21 seriyasidagi qurilmalarning arzonroq muqobili bo‘ladi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S21 FE 6.4 dyuymli displey, takomillashgan 32MP asosiy kamera, tezkor quvvatlanish imkoniyati hamda ekranosti barmoq izi skaneriga ega bo‘ladi.

Smartfonning qancha narxda sotuvga chiqishi aniq emas. O‘tgan yilgi S20 FE 699 dollardan sotila boshlagan, ya'ni ushbu smartfon Galaxy S20'ga qaraganda 300 dollar arzonroq sotuvga chiqqan. Bu yilgi Galaxy S21 799 dollardan sotila boshlaganini hisobga olsak, S21 FE taxminan undan 100 dollar arzonroq narxda sotuvga chiqishi mumkin.

Microsoft Surface Duo 2

Microsoft Surface Duo — bu ikki ekranli g‘ayrioddiy qurilma. O‘tgan yili taqdim etilgan noodatiy dizayndagi ushbu devays noqulay dasturiy ta’minotga egaligi hamda ikkita ekranda ishlay oladigan ilovalarning yetishmasligi sabab, uning debyuti muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.

Xo‘sh, uning yangilangan versiyasidan nima kutish mumkin? Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Surface Duo 2 qurilmasining orqa panelida uchta kamera bo‘ladi. Shuningdek, qurilma 5G hamda yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi.

Takomillashgan kamera hamda ma’lumot almashinishdagi tezlik ikki ekranli qurilmaning birinchi avlodida bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga yordam beradi, biroq Microsoft ushbu ikki ekranli qurilma bilan yaxshi ishlovchi dasturiy ta’minotni yaratishi kerak bo‘ladi.

Buklanuvchi smartfonlar borgan sari ommalashib bormoqda. Microsoft esa Samsung'ning Z Fold hamda Motorola'ning Razor seriyalaridan ajralib turuvchi Surface Duo buklnuvchi qurilmalarini taqdim etishni davom etmoqda.

O‘QING: 2021 yilda Samsung'dan kutayotgan 5 narsamiz