2023 yilning birinchi flagman smartfoni taqdim etildi

2023 yilning birinchi flagman smartfoni taqdim etildi

OnePlus 11 smartfoni rasman Xitoy bozori uchun taqdim etildi. Uning xalqaro bozor uchun taqdimoti 7 fevral sanasida bo‘lib o‘tadi. Garchi Pro nomi yo‘q bo‘lsa-da, eng so‘nggi chipset, xotira va kameralarga ega bo‘lgan ushbu qurilma OnePlus'ning eng kuchli smartfoni hisoblanadi. 

Smartfon Snapdragon 8 Gen 2 chipi bilan jihozlangan. OnePlus rahbarlarining aytishicha, chip maksimal kuchi bilan ishlay oladi. Odatda kompaniya akkumulyator quvvatini tejash maqsadida chip unumdorligini cheklab qo‘yar edi. 

Qurilma 12/16GB LPDDR5X tezkor xotira hamda 256/512GB UFS 4.0 doimiy xotira bilan jihozlangan. Unga, shuningdek, 1440p rezolyutsiyadagi 6.7 dyuymli LTPO 3.0 AMOLED displeyi o‘rnatilgan. 1-120 gerts adaptiv chastotani yuzdan ortiq ilovalar qo‘llab-quvvatlaydi. 

Kamera modulida yana Hasselblad yozuvini ko‘rish mumkin. Asosiy kamera sifatida smartfonga optik stabilizatsiya hamda ko‘p yo‘nalishli avtofokusga ega 50MP Sony IMX890 sensori o‘rnatilgan. Uning yonidan avtofokus hamda makro imkoniyatiga ega bo‘lgan 48MP Sony IMX581 sensorli ultrakeng kamera hamda 2x zumni qo‘llab-quvvatlovchi 32MP Sony IMX709 telefoto kamera o‘rin olgan. Old tomonda 16MP selfi kamera joylashgan. 

OnePlus 11 modelining kamera moduli Oppo Find N2 modelinikiga o‘xshab ketadi. Yaqinda ikki brend yangi strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yganlarini e’lon qilgan edilar. 

Xuddi o‘tgan yilgi model kabi yangi model 5,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘ldi. Ammo quvvatlash tezligi 100 vattga oshdi. Afsuski, simsiz quvvlash imkoniyati mavjud emas. 

X-axis dvigateli bilan o‘yinlarni o‘ynash yanada maroqliroq bo‘ladi. Xitoy bozori uchun ishlab chiqilgan modellar Android 13 operatsion tizimiga asoslangan ColorOS 13 grafik qobig‘ida ishlaydi. Smartfonga oldindan buyurtma berish boshlangan. Savdolar esa 9 yanvardan boshlanadi. Qurilmaning qora va yashil ranglarda taqdim etildi. Uning narxi quyidagicha:

12/256GB - 580 dollar

16/256GB - 640 dollar

16/512GB - 710 dollar 

O‘QING: Galaxy S23 va S23+ smartfonlarining 128GB xotiraga ega turi bo‘lmaydi 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!