25 yashar Amazon solnomasi

25 yashar Amazon solnomasi

“Amazon muvaffaqiyatli kompaniya bo‘lishiga hech qanday kafolat yo‘q. Bizning faoliyat turimiz juda ham murakkab“. Bu so‘zlar 1999 yilda, Amazon yaratilganidan 5 yil o‘tib, kompaniya asoschisi Jeff Bezos aytgan so‘zlardir. Bezosning o‘zi ham Amazon istiqboliga shubha bilan qaragani juda ham hayratlanarlidir.

Bugunga kelib, asos solinganidan 25 yil o‘tgach, Amazon butun dunyodagi eng qimmat kompaniyalardan, Bezos esa eng boy kishilardandir. Avvaliga kitoblarning onlayn savdosiga ixtisoslashgan Amerika kompaniyasi, hozirgi kelib pullik a’zolik tizimi, do‘konlari va onlayn xarid qilingan mahsulotni mijozga bir soat ichida yetkazib beruvchi xususiy aqlli texnologiyalariga ega global gigantga aylanib ulgurdi.

Xo‘sh, Amazon imperiyasining yuzaga kelishi qanday bo‘ldi?

Amazon'ning qanchalik innovatsion bo‘lganligini kompaniyaning moliyaviy hisobotidan bir qarashdayoq bilish mumkin. O‘tgan yili Amazon 1 trillion AQSh dollariga baholanib, Apple'dan keyingi ikkinchi eng qimmat xususiy kompaniya bo‘ldi. Bozor bahosi yuqoriligi bo‘yicha esa Microsoft'dan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya muvaffaqiyatini uning yillik daromadlarida ham ko‘rish mumkin.

Joriy yil oxiriga qadar savdolar rekord darajadagi 275,06 mlrd dollarga yetishi, 2020 yilda esa 320 mlrddan oshishi prognoz qilinmoqda.

Amazon'ning yuksalishi kompaniyaning global miqyosda kengayishi va ko‘plab tarmoq mahsulotlarini ham qamrab olishi bilan bo‘ldi. Video striming xizmatlari va qurilmalari, bulutli xizmatlar hamda oziq-ovqat mahsulotlarining yo‘lga qo‘yilishi/sotilishi Bezosning kompaniyasiga Facebook, Apple, Google va Netflix kabi texnogigantlar bilan texnologiya borasida raqobatga kirishish imkonini berdi.

Vaholanki, yuqorida ham ta’kidlanganidek, kompaniya faoliyatini kitob savdosi bilan boshlagan.

1995 yil: Amazon o‘z faoliyatini kitoblarning onlayn savdosi bilan boshladi

“To‘rt yil avval kitoblar sotishni boshlaganimizda hamma bizga: “Sizlar faqat kompyuterni tushunasizlar, kitob sotishni esa umuman bilmaysizlar“, degan edi. Bu haqiqat edi“, deb aytgandi yosh Bezos 1999 yilda.

O‘sha davrda kompaniyaning katta hajmdagi ombori borligi Amazon'ning bu sohada yetakchiga aylanishi, hattoki, kitoblarning onlayn bo‘lmagan savdosi bilan shug‘ullanuvchi moddiy do‘konlarni ham ortda qoldirishini ta’minladi.

Keyinroq, elektron kitoblar ham yaratila boshladi. Amazon bunday kitoblar savdosida ham birinchilikni qo‘lga oldi.

1999 yil: Amazon butun dunyodagi eng katta onlayn shopping platformasiga aylandi

90 yillar oxiriga kelib, Amazon boshqa mahsulotlarni ham sotishga qaror qilib, musiqiy tovarlar va DVD disklar savdosini ham yo‘lga qo‘ydi.

Tez orada Bezosning imperiyasi yanada kengayib, elektronika mahsulotlari, o‘yinchoqlar va oshxona anjomlarini ham sota boshladi. Kompaniyaning AQShdagi omborlari soni o‘sib borishi bilan onlayn “peshtaxta“lardan yangi-yangi tovar turlari joy ola boshlab, Amazon'ning iste’molchilar orasida yana ham ommalashuviga olib keldi.

Shunday qilib, Amazon keyingi yillarda ham mashhurlikda davom etib, o‘n yil ichida AQSh va dunyodagi eng katta onlayn sotuvlar kompaniyasi maqomiga erishdi.

2005 yil: Amazon Prime a’zolik xizmati yaratildi

2000 yilda uchinchi tomonlarning o‘z mahsulotlarini Amazon'da sotishiga imkon beruvchi Amazon Marketplace platformasi yaratildi. Shundan so‘ng, kompaniya o‘zining sodiq mijozlari uchun yetkazib berish xizmatini tezlashtirishiga ehtiyoj sezildi.

Shu maqsadda 2005 yilda tanlangan xaridlarni tezroq yetkazib berishga qaratilgan Amazon Prime xizmati yaratildi. Bu tashabbus barcha turdagi tovarlar bozori chaqqon bo‘lishini ta’minladi.

Ayni damda 100 milliondan ortiq mijoz ushbu pullik xizmatga a’zo bo‘lgan. Amazon Prime orqali, shuningdek, musiqa va video striming xizmati ham taqdim qilinadi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, hozirda bu xizmat dunyodagi ikkinchi eng ommabop pullik a’zolik xizmati sanaladi.

2007 yil: Amazon o‘zining ilk iste’mol tovari — Kindle'ni yaratdi

Amazon “o‘zligi“ni unutgani yo‘q. Elektron kitoblar ommalashib borayotgan 2007 yilda Bezos elektron kitoblarni onlayn qidirish va yuklab olish imkonini beruvchi Kindle devaysini yaratib, e-kitoblar sohasida ham global miqyosdagi yetakchiga aylandi.

Kompaniyaning Aqlli qurilmalar bo‘limi sezilarli darajada kengayib borib, 2010 yildan boshlab Apple va Google kabi raqiblar bilan kuchli raqobatga kirishdi.

Biroq Amazon'ning boshqa texnogigantlardan ajralib turuvchi jihati shuki, u birinchi bo‘lib aqlli qurilma yaratgan kompaniyadir: kompaniya Echo speaker'iga Amazon'ning o‘zi yaratgan Alexa nomli sun’iy ong tizimi o‘rnatilgan.

Janob Bezos asos solgan kompaniya hozirda smart devayslar sotuvchi AQShdagi uchinchi eng katta tashkilotga aylangan.

Amazon'ning istiqboli faqatgina internetda tovarlar sotish bilan chegaralanib qoladiganga o‘xshamaydi.

2018 yilning ikkinchi yarmi Amazon uchun murakkab kechib, kompaniya bozor bahosi yana 1 trillion dollardan tushib ketdi.

Endilikda kompaniyadagilar xizmatlar qamrovini kengaytirish va hattoki, joylarda o‘z do‘konlarni ochishni rejalashtirmoqda.

25 yildan so‘ng Amazon qanday kompaniyaga aylanadi? Bu savolga javobni vaqt hukmiga qo‘yib berish kerak.

O‘QING: Dunyodagi eng qimmat brend nomi ma’lum qilindi