29 iyun – ilk iPhone sotuvga chiqarilgan kun!

  •   DiMaX
  •  3722
  •  29.06.2017 10:14

29 iyun – ilk iPhone sotuvga chiqarilgan kun!

2007 yilning 29 iyunida eng birinchi iPhone savdolari boshlangan. Hali o‘sha yilning yanvaridayoq namoyish etilgan bu yangi avlod telefoni bozordagi eng intiqlik bilan kutilgan yangilik edi, deb yozadi TASS.

Klaviaturasiz telefon!? Kulgili-ku!

Aytish kerakki, iPhone ustida ishlar 2005 yili, Apple rahbari Stiv Jobs hamda dizayner Jonatan Ayv rahbarligi ostida boshlangan edi. Nihoyat, tayyor bo‘lgan birinchi modelni 2007 yil 9 yanvarda, San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tgan Macworld ko‘rgazmasida ommaga namoyish etishdi.

Inqilobiy smartfon katta shov-shuvni yuzaga keltirdi, ammo unga qarashlar turlicha bo‘ldi. Microsoft bu mahsulot ustidan ochiq-oshkora kuldi – klaviaturasiz biznes-gadjet juda noqulay, deya e’tirof etdi. Biroq iste’molchilarni yangi turdagi telefon o‘zining chiroyi, oddiyligi va qulayligi bilan rom etgan edi. Buni o‘sha yilning 29 iyunida boshlangan savdolar ham ko‘rsatib berdi.

Qanaqa ekan o‘zi?

Ilk iPhone ekranining diagonali 3,5 dyuymga (115x61 mm), kamerasining sig‘imi esa 2 megapikselga teng bo‘lgan. Qurilma korpusi asosan alyuminiydan yasalgan, ayrim tashqi detallari shisha, po‘lat va qora plastikdan edi. Devaysning qalinligi 11,6 mm, vazni esa 135 gramm kelardi.

Smartfon ma’lumotlar uzatish standartlarining ikkinchi avlodini (GSM, EDGE) qo‘llab-quvvatlagan. Unda Wi-Fi hamda Bluetooth simsiz tarmoq standartlari ham joriy etilgan.

Birinchi iPhone uch xil – ichki xotirasi 4, 8 va 16 gigabaytli talqinlarda taqdim etilgan.

iPhone’ning ilk modeli hozirgilariga taqqoslaganda o‘ta jo‘n, oddiy edi. U hatto 3G tarmog‘ini ham qo‘llab-quvvatlamasdi! Smartfonga «begona» dastur o‘rnatib bo‘lmasdi – Apple bunaqa imkoniyatni oradan bir yil o‘tgachgina taqdim etdi.

Bulardan tashqari, hatto kulgili tuyuladigan jihat – birinchi iPhone’da MMS qabul qilish va uzatish imkoniyati bo‘lmagan! Shuningdek, matndan nusxa olish va uni joylashdek oddiy funksiya yangi avlod smartfonida taqdim etilmaganiga nima deysiz?

Lekin savdosi avjida!

Ilk iPhone’lar savdosi Apple’ning o‘z do‘konlarida hamda AT&T aloqa operatori salonlarida yo‘lga qo‘yildi. O‘shanda mazkur operatorga uzoq muddatli ulanish uchun albatta undan iPhone xarid qilish shart edi.

Hali do‘konlar ochilishidan ancha oldinoq ular oldida uzun navbatlar paydo bo‘ldi – minglab kishilar iPhone’ni birinchilardan bo‘lib sotib olishni niyat qilishgan edi. Undan uch yil avval – Sony PlayStation 3 savdoga chiqarilganidagi talonchilik va hatto otishma holatlarini hisobga olib, Apple o‘z savdo nuqtalarida jamoat tartibini saqlash uchun politsiyani ham jalb etdi.

Buni qarangki, o‘shanda 600 dollarga narxlangan yangi telefonning bir million donasi atigi 74 kunda sotilib ketdi. To‘g‘ri, bu muddatning oxirgi besh kunida smartfon narxini 400 dollarga tushirishgan edi.

Shu tariqa, bir yilda 5,4 million donaga yaqin gadjet sotildi. So‘ngroq – iPhone’ning keyingi versiyalari chiqqanida, bu rekordlarni ham «sindirishdi», ammo birinchi model o‘z davrining bestselleri bo‘lib tarixda qoldi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!