38 daqiqadayoq quvvatlanib ulguruvchi, hamyonbop Huawei Nova 8i sotuvga chiqdi

  •   DiMaX
  •  780
  •  07.07.2021 10:38

38 daqiqadayoq quvvatlanib ulguruvchi, hamyonbop Huawei Nova 8i sotuvga chiqdi

Huawei kompaniyasining Nova 8 modeli may oyida AnTuTu benchmarkiga ko‘ra o‘rta narxli o‘nta eng kuchli smartfon reytingiga kirgan. Ishlab chiqaruvchi endi ushbu turkumning yangi vakilini global versiyada namoyish etib, sotuvga ham chiqardi.

O‘QING: Egasini rozi qilgan o‘nta smartfon (Antutu reytingi, 2021 yil iyun)

Xitoylik texnogigantning global bozordagi yangi smartfoni Huawei Nova 8i deb nomlangan bo‘lib, dizayni Mate 30 Pro flagmanini eslatadi. Uni diagonaliga 6.67 dyuymlik IPS-ekran bilan ta’minlashgan. Kadr yangilanish chastotasi 60 gers bo‘lgan displeyning tirqishiga 16 MPlik selfi-kamera o‘rnatilgan.

Nova 8i bosh kamerasida asosiy modul 64 megapiksellik bo‘lsa, ikkinchi – keng burchakli ob’yektiv bilan taqdim etilgan sensorning aniqligi 8 MPga teng. Kvadrokamera jamlanmasiga yana har biri 2MPlik sahna chuqurligi datchigi hamda makromodul ham kirgan.

Huawei Nova 8i modeli Qualcomm Snapdragon 662 protsessori bazasida tayyorlangan va 8/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotira bilan ta’minlangan. Uning akkumulyatori 4300 mA/soatlik sig‘imga va 66 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Buning natijasida smartfonni noldan boshlab to‘liq zaryadlash uchun atigi 38 daqiqa vaqt kifoya qiladi.

Gadjetni qadoqdanoq Android 11 operatsion tizimi ustiga qurilgan EMUI 11 grafik qobig‘i bilan taklif etishmoqda, lekin unda Google servislari yo‘q. Ular o‘rniga Huawei ilovalari hamda AppGallery katalogi o‘rnatilgan.

Huawei Nova 8i modelini allaqachon Malayziyada, taxminan 312 AQSh dollariga teng narxda sota boshlashgan. Uning boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Eng ravon ishlovchi mobil operatsion tizim va smartfonlar (Master Lu reytingi, 2021 yil iyun)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!