390 dollardan boshlanuvchi Nubia Red Magic Mars chiqdi: 10 GBgacha «operativka»li o‘yinbop smartfon!

  •   DiMaX
  •  1034
  •  30.11.2018 18:17

390 dollardan boshlanuvchi Nubia Red Magic Mars chiqdi: 10 GBgacha «operativka»li o‘yinbop smartfon!

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi, nihoyat, ikkinchi o‘yinbop smartfoni – Red Magic Mars modelini rasman taqdim etdi. Mazkur qurilma avvalroq Xitoydagi kraudfanding saytida sotuvga chiqib ham ulgurgandi.

O‘QING: Benchmarkda Xiaomi Black Shark Helo hamda Huawei Mate 20’lardan ustun kelgan flagman bilan tanishing!

Red Magic Mars diagonaliga 6 dyuymlik, cho‘zinchoq shaklli IPS-displeyga ega, uning tasvir aniqligi 2160x1080 piksel. Snapdragon 845 protsessorli bu geymerofon tezkor/doimiy xotirasi hajmiga ko‘ra 6/64, 8/128 va 10/256 gigabaytlik  modifikatsiyalarda taqdim etilgan, ammo ularga xotira kartasi qo‘yish imkoni yo‘q.

Suvli sovitish tizimidan tashqari Red Magic Mars havo orqali ham sovitiladi. Ammo bunda ventilyator qo‘llanmasdan, shunchaki korpusning yuqori va pastki qismlarida havo aylanishi uchun tirqishlar ochilgan, xolos. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, ular evaziga haroratni 13,2 darajagacha pasaytirish mumkin.

Bu smartfonni gorizontal holatda ushlaganingizda, korpusning o‘ng qirrasidagi ikkita sensor hudud o‘yinlarda boshqaruvchi tugmacha sifatida xizmat qiladi.

Shuningdek, geymerofonda 4D Shock tizimi ham mavjud – o‘yinlardagi dinamik sahnalarda mos ravishda korpus ham titraydi.

O‘QING: O‘yin smartfonlarining kelajagi porloqmi?

Red Magic Mars eng so‘nggi talqindagi – Android 9.0 Pie operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlaydi. Kompaniya dasturchilari undagi Red Magic OS UI grafik qobig‘iga tezkor sozlamalar panelini ham qo‘shishgan. Ular orqali tezkorlik bilan displey yorqinligini sozlash, protsessorning zo‘riqish darajasini ko‘rish va o‘yinning ma’lum sahnalarini video tarzida – geympley yozib olish mumkin.

Metall korpusning orqa panelida 16 megapikselli, f/1.8 diafragmali yakka modulga ega kamera, uning ustidagi fotochaqnoq hamda ostidagi barmoq izi skaneri – barchasi olti burchakli shaklda ishlangan. RGB-chiroqli chiziqlar esa unga o‘zgacha jangovarlik baxsh etib turibdi. Old kamerasi esa 8 megapiksellik datchikka ega.

Nubia kompaniyasi ushbu smartfon dizayniga unchalik ko‘p o‘zgartirish kiritmagan: uning tashqi ko‘rinishi birinchi avlod – Red Magic geymerofonidan ancha farqlanmaydi. Red Magic Mars qora va qizil rangli korpuslarda chiqarilmoqda, shuningdek, faqatgina 10/256 gigabaytlik ilg‘or talqini kamuflyaj tusida ham taqdim etilgan.

Red Magic Mars avtonomligi uchun 3800 mA/soatlik akkumulyator mas’ul. Unga stereodinamiklar o‘rnatilgan, quloqchinda virtual 7.1-kanalli ovoz yetkazib beruvchi texnologiya ham joriy etilgan. Ammo smartfonda 3.5 millimetrlik audiotirqish yo‘q – uning uchun alohida sotiluvchi perexodnik ham ishlab chiqilgan. Mazkur qo‘shimcha jihoz audiotirqishdan tashqari USB Type-C portiga ham ega bo‘lib, uning yordamida bir vaqtning o‘zida quloqchindan ham foydalanish, yana smartfonni quvvatlash imkoni bor.

Shuningdek, aynan Red Magic Mars modeli uchun Nubia taqdim etgan boshqa aksessuarlar ham bor: g‘ilof, quloqqa kirib turuvchi quloqchin va unga ulanuvchi mikrofon (bunaqasi bo‘lmagan!)...

Lekin eng qizig‘i – smartfonga simsiz ulanuvchi geympad: u trigger, bamper, stik hamda yo‘nalish tugmachalariga ega.

Xitoyning o‘zida 6/64 GB xotirali Nubia Red Magic Mars narxi 2699 yuandan boshlanadi, bu taxminan 390 AQSh dollariga teng. 8/128 GBlik «o‘rta» konfiguratsiyadagisi 460 dollar, 10/256 GBlik ilg‘or versiyasi esa 575 dollar turadi. Mazkur smartfonning tashqi bozorga qachon va qanday narxlarda chiqarilishi hozircha noma’lum, ammo o‘yin ishqibozlari uchun biz boshqa yechimni taklif etamiz. Ya’ni, 2018 yilning aprelidan to oktyabrigacha benchmarklarda Android-smartfonlarning eng zo‘ri sifatida «taxtdan tushmay» kelgan Xiaomi Black Shark modeli bor. Ayni shu geymerofonning global versiyadagi, 6/64 gigabaytlik xotiraga ega talqinini Terashop.uz internet-do‘konimizdan 3 849 000 so‘mga xarid qilish mumkin.

O‘QING: Xiaomi smartfonlarini Terashop.uz’dan oling (2018 yil 20 noyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!