3D tizimida krossovkalar uchun tagcharm zarb qilinadi

3D tizimida krossovkalar uchun tagcharm zarb qilinadi

Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi, Amerikaning ommabop New Balance kompaniyasi 2015 yilning 19 noyabr kuni 3D Systems kompaniyasi bilan hamkorlikda krossovkalar ishlab chiqarishda 3D tizimini joriy qilmoqchi. Avvaliga 3D usulida oyoq kiyimining ichki va tashqi qavatlari orasiga yotqiziluvchi, yurganda krossovkaning yerga urilish zarbini yumshatishga, qayishqoqligini ta’minlashga xizmat qiluvchi maxsus tagcharm tayyorlanadi.

Bu texnologiya keyinchalik kompaniyaga sportchining tana va oyoq tuzilishi, vazni va harakati, boshqa muhim jihatlaridan kelib chiqib, kerakli poyafzalni tez va sifatli ishlab chiqarish imkoniyatini berishiga umid bog‘lanmoqda.

Kompaniya ishlab chiqarishda 3D texnologiyasini rivojlantirish loyihasi doirasida yaratilgan DuraForm Flex TPU nomli sintetik kukundan foydalanadi. Bu turdagi oyoq kiyimlarini 2016 yilning bahor oylaridan ommaviy ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

“Ushbu texnologiya oyoq kiyimlari tarkibini xohlagancha, ta’bga ko‘ra o‘zgartirish, ishlab chiqarish sifati samarasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi organik va molekulyar geometriyaning rivojiga zamin yaratadi. New Balance’ning elastik, pishiq, vazn hamda vaqtga chidamli, innovatsion tagcharmlarini katta ilmiy muvaffaqiyat deyish mumkin,” deyiladi kompaniya relizida.

Kompaniya 2013 yildan boshlab 3D usulida oyoq kiyimlari yaratish yo‘nalishida izlanishlar olib bormoqda. Ilk marotaba 2013 yilda Londonning Arsenal futbol jamoasi o‘yinchisi Aaron Remzi kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan, tagcharmi 3D usulida tayyorlangan butsidan foydalangan. Adidas kompaniyasi ham 2015 yilning oktyabr oyida Futurecraft nomli 3D usulida yaratilgan krossovkani namoyish qilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!