4 000 dollargacha grantlar, FoBot roboti – Moskvadagi yosh robototexnik bilan suhbat

  •   DiMaX
  •  518
  •  09.07.2021 14:59

4 000 dollargacha grantlar, FoBot roboti – Moskvadagi yosh robototexnik bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi suhbatdoshi – Rossiyaning Moskva davlat texnologiya universiteti magistranti Sultonbek Erkinov, deb yozadi Xabar.uz nashri. U Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2018 yil Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bakalavr bosqichini tamomlagan.

O‘QING: Bir yil ichida universitetni tugatgan 11 yoshli bolakay kiborgga aylanishni rejalashtirmoqda!

Birinchi robotimni 2014 yil yasaganman

Ziyoli oilada tug‘ilib voyaga yetganman. Maktabni bitirganimdan so‘ng Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejiga qabul qilindim. Maktab vaqtlaridan boshlab texnika sohasiga qiziqish uyg‘ongan. Bunga yana bir sabab sifatida bobomning aynan texnika sohasida faoliyat yuritgani va professor ekanliklarini aytishim mumkin. Har doim ularning oldilariga darslardan keyin borib elektr qurilmalardan turli xil sxemalar yasar edim. Masalan, svetofor, signalizatsiya, pianino va shu kabilar.

Kollejni bitirganimdan so‘ng Koreyadagi universitetlarga tayyorlandim va taqdir taqozosi bilan Koreyaga emas, O‘zbekistondagi oliygohga topshirishga qaror qildim. 2014 yil Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga birinchi o‘rinda davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilindim. Talabalik yillarida ham yaxshi o‘qishga, o‘z ustimda ishlashga intildim. Masalan, birinchi robotimni 2014 yil yasaganman.

Shuningdek, respublika hamda xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar va festivallarda yuqori o‘rinlarni egalladim.

O‘QING: «100 ta foydali ilova ishlab chiqmoqchiman» – Sardor Tal’atov

 «Deviser» nomli elektron konstruktor ishlab chiqdim

Bolaligimdan biror narsa ixtiro qilmoqchi bo‘lsam yoki yasamoqchi bo‘lsam, asosan bir xil muammolarga duch kelar edim. Ya’ni oddiy kichik qurilmalar bir joyda sotilmasligi yoki umuman topilmasligi va eng asosiysi o‘sha qurilmalar haqida ma’lumotlar o‘zbek tilida yo‘qligi edi. Ko‘p kerakli qurilmalar Xitoy yoki Rossiyadan buyurtma qilish va uni ancha vaqt kutish zarur bo‘lgan.

Bunday holatlar motivatsiyamni so‘ndirardi. Lekin onam ruhiyatimni ko‘tarar va kerakli qurilmalarni imkon qadar topib berardi. Mazkur muammolarni yechish maqsadida 2015 yil «Deviser» nomli elektron konstruktor ishlab chiqdim. Elektron konstruktor yuqorida aytib o‘tgan har ikkala muammoni ham yechadi. Ixtiro ustida 1 yildan ortiq ustozlarim ko‘magida ish olib bordim.

Bu konstruktorda o‘rganish uchun o‘quv qo‘llanma 3 ta o‘zbek, rus, ingliz tillarida 150 dan ortiq elementlar va 20 xildan ortiq sxema qurilmalar yasash imkoniyati mavjud. 2019 yil mazkur loyihamga Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 272 mln so‘m ajratilgan. Hozir loyiha muvaffaqiyatli ishlab turibdi. 2016 yilda o‘zimning «OOO DEVISER» nomli firmamni ochdim va 2019 yilgacha 600 nafardan ko‘p o‘quvchiga robototexnikadan dars berib keldik. O‘zim ham dars berar edim. 2019 yili esa Moskva davlat texnologiya universitetiga o‘qishga kirdim va Rossiyaga uchib keldim.

O‘QING: Yevropada ishlayotgan o‘zbek dasturchisi: «Germaniyadagi imkoniyatlar, Toshkentdagi muammolar...»

Daftarini yozishga berib turmaydi

Magistratura uchun Rossiyani tanlashimdan maqsad mamlakatda robototexnika sohasi ancha rivojlangan. Qolaversa, bu yerda intellektual robot chiqaradigan «Promobot» nomli katta kompaniya bor. O‘qish davomida kompaniyada stajirovka o‘tash, ularning tajribasini yaqindan o‘rganish niyatim bor edi.

Lekin, afsuski, kompaniya men o‘qib yashayotgan shahar Moskvadan 700 km uzoqda joylashgan ekan.

O‘qish bu yerda O‘zbekistondagi ta’limga nisbatan ancha qat’iy. Bu yerda universitetga hamma xohlagan kiyimini kiyib keladi. Shu bilan birga, barcha darslarda ishtirok etishga harakat qiladi. Ma’ruzalarni kerak bo‘lsa, nuqta, vergulgacha yozib oladi. Chunki sessiya imtihonlari juda qiyin va o‘tilgan mavzulardan savollar albatta tushadi. Yana oliygohda ko‘pchilik bizga o‘xshab daftarini kursdoshiga ko‘chirtirishga berib turmaydi.

O‘QING: «Qachongacha Ilon Maskning raketalariga qarab o‘tiramiz?» – kosmosga stratostat uchirgan o‘zbek yigiti hikoyasi

Robotlar xizmatlarini ommalashtirish zarur

Mutaxassisligimning dunyodagi ahamiyati juda katta. Boisi hozirgi kunda robototexnika har bir sohaga kirib kelgan. Misol uchun, oshpazlik, haydovchilik, sartaroshlik, yetkazib berish xizmatlarini robotlar bajara boshladi.

Robot yaratishning asosiy maqsadlaridan biri – odamlarning yumushini yengil qilish va osonlashtirish. Masalan, tog‘-kon sanoatida odamlar og‘ir mehnatlar qilishadi. Aksariyat hollarda og‘ir sharoitlar ortidan baxtsiz hodisalar ro‘y berib turadi. Buning oldini olish uchun og‘ir sanoat ishlarida robotlar xizmatidan samarali foydalanish kerak.

Nafaqat konlarda, balki insonning sog‘ligiga zarar yetkazadigan kimyoviy zavodlarda ham robotlar xizmatlarini ommalashtirish zarur.

O‘QING: «Chiqindi qutisi bolasi» – go‘dakligidayoq tashlab ketilgan millioner dasturchi hikoyasi

Harakatlanuvchi kuchuk robot yasash bo‘ldi

Magistraturadagi ilmiy ish mavzuim: «4 oyoqli harakatlanuvchi kuchuk robot yasash» bo‘ldi.

Yerning juda katta qismida balonli, ya’ni g‘ildirakli transport yoki robotlar uchun bosib o‘tolmaydigan to‘siqlar mavjud. Masalan, qiyalik, jarlik, chuqurlik yoki juda baland bo‘lgan joylarga g‘idirakli transportlarning chiqishi imkonsiz. Shuning uchun men qadam tashlaydigan robot yasashga qaror qildim. Nega aynan 4 oyoqli ekanligiga qiziqishingiz mumkin. Sababi shundaki, qancha oyoqlar soni kam bo‘lsa, robotda shuncha muvozanat saqlash qiyin bo‘ladi. Masalan, ikki oyoqli odam yoki robot bitta oyog‘ini ko‘tarib tursa, uning yiqilish mumkin bo‘lgan tomonlari 4 ta: oldinga, orqaga, o‘ngga, chapga bo‘ladi. Agar 4 oyoqli robot ikkita oldi oyog‘ini ko‘targan taqdirda ham, u faqat ikkita tomonga yiqilish ehtimoli bo‘lishi mumkin.

Shu mavzuni tanlashimga yana bir turtki bo‘lgan tomoni «Boston Dynamics» kompaniyasining texnologiya va robotlaridan ruhlanishim bo‘ldi. Chunki ularda robot kuchuklar va hatto robot odamlar ham ishlab chiqariladi. Shu kompaniyaning SpotMini nomli roboti juda yoqqan. Va men ham o‘z robotimni yaratdim. Uning nomi FoBot.

O‘QING: Ish o‘rinlarini telerobotlar egallab oladi(mi?)

Diplom berish bilan chegaralanishadi

Savolingizdan kelib chiqib, birinchi navbatda, Rossiyaning ta’lim tizimini va tanlovlarni o‘tkazishdagi shaffoflik kabilarni yurtimizda tatbiq qilishni aytishim mumkin.

Shuningdek bu yerda loyihalaringiz va ixtirolaringiz uchun yetarli miqdorda, aniqrog‘i, o‘rtacha 2 000 AQSh dollaridan 4 000 AQSh dollarigacha moliyaviy grantlar beriladi. U xoh maktab o‘quvchisi bo‘lsin, xoh universitet talabasi, umuman, barcha uchun teng imkoniyat beriladi. O‘zbekistonda esa asosan ixtirochilarga diplom berish bilan chegaralanishadi.

Kelajakda jahon standartiga javob bera oladigan FoBot robotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarmoqchiman.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalarga aqlli ko‘zoynak, protez qo‘llar, soqov va karlar uchun maxsus mimikani taniy oladigan qurilmalar ishlab chiqarish niyatim bor.

O‘QING: Farrosh, qorovul, choy tarqatuvchi... O‘zbekistonda kimlar IT-mutaxassisdan IKKI KARRA KO‘P maosh oladi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.