450 dollardan boshlanuvchi Nova 4 taqdim etildi: ekran «tirqish»ida 25 MPlik eng ixcham old kamera, uchtalik bosh kamerasi 48 MPlik modulli!

  •   DiMaX
  •  975
  •  18.12.2018 12:03

450 dollardan boshlanuvchi Nova 4 taqdim etildi: ekran «tirqish»ida 25 MPlik eng ixcham old kamera, uchtalik bosh kamerasi 48 MPlik modulli!

Huawei kompaniyasi 17 dekabr kuni yoshlarbop flagmani – Nova 4 smartfonini taqdim qildi. Bu – xitoylik texnogigantning ommaga rasman ko‘rsatgan ikkinchi «teshik» displeyli modelidir.

O‘QING: Honor View 20 namoyish etildi: 48 MPlik kamera va «teshik» ekranli ilk smartfon!

Taqdimot marosimida smartfonning old kamerasiga asosiy e’tibor qaratildi: u displeyning yuqori chap burchagidagi «tirqish»da joylashgan. Huawei’ning ta’kidlashicha, Nova 4 selfi-kamerasida «industriyadagi eng ixcham modul» qo‘llangan – o‘lchami atigi 3,05 millimetrga teng.

Yangi smartfonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi – Samsung Galaxy A8s old kamerasining diametri 6,5 millimetr bo‘lsa, Nova 4 modelida bu ko‘rsatkich 4,5 millimetrni tashkil etadi. Shuningdek, 15 megapiksellik ushbu kamera displeyning judayam chekka burchagiga joylangan – ekrandagi kontentni ko‘rishga xalaqit bermaydi.

Avval tarqalgan xabarlar rost bo‘lib chiqdi: Nova 4 ikki xil variantda chiqadi va ular o‘zaro bosh kamera asosiy datchigi aniqligiga ko‘ra ham farqlanadi. Smartfonning boshlang‘ich varianti 20, 16 va 2 megapiksellik sensorlarga ega bo‘lsa, ilg‘or konfiguratsiyali talqinida asosiy modul sifatida 48 megapiksellik Sony IMX586 datchigi qo‘llangan.

O‘QING: Sony smartfonlar kameralari uchun innovatsion sensor yaratdi

Huawei Nova 4 bosh kamerasining asosiy datchigi F/1,8 diafragmali bo‘lsa, 16 MPdik modulida u F/2,2, 2 MPligida esa – F/2,4’ga teng. Smartfonning har ikkala – old va orqa kameralarida «sun’iy ong» texnologiyalari qo‘llangan. Shisha korpusning orqa qopqog‘ida barmoq izi skaneri ham joy olgan.

Smartfonning ekrani diagonaliga 6,4 dyuymlik bo‘lib, tasvir aniqligi 2310*1080 pikselga teng (Full HD+ formatida). Korpus old yuzasining 91,8 foizini IPS matritsali displey egallagan.

Uning tepa romida atigi 0,85 millimetrlik nafis chiziq shaklidagi teshikda suhbatlashuv dinamigi joylashgan. Shu «chiziq»ning o‘ziga, chap tomonida bildirishnomalar indikatori ham integratsiya qilingan. Yaqinlashuv datchigi bo‘lsa umuman korpusning tepa qirrasiga ko‘chirilgan – bunaqasi hali bo‘lmagan!

Huawei Nova 4 apparat ta’minoti asosini 10 nanometrlik texnologik jarayon asosidagi Kirin 970 protsessori tashkil etadi. Smartfonning tezkor xotirasi 8 gigabayt, ichki xotirasi esa 128 gigabayt hajmga ega.

Yangi qurilma Huawei shu yil yozda taqdim etgan GPU Turbo texnologiyasiga ega. Akkumulyatorining tok sig‘imi 3750 mA/soatlik bo‘lib, 18 vattlik quvvat bilan tezkor zaryadlana oladi. Smartfonga zamonaviy USB-C porti joylanishi bilan birga, quloqchinlar uchun an’anaviy 3.5 millimetrlik audiotirqish ham saqlanib qolgan. Nova 4 eng so‘nggi – Android 9.0 operatsion tizim talqini asosidagi EMUI 9.0.1 grafik qobig‘i bilan taqdim etiladi.

Eng qizig‘i shundaki, Huawei Nova 4 modeli narxi xotira hajmiga emas, balki faqatgina kamera konfiguratsiyasiga bog‘liq bo‘lgan ilk smartfondir. Uning boshlang‘ich versiyasiga 450 dollar narx belgilangan bo‘lsa, 48 megapiksellik modulli bosh kameraga ega varianti 495 dollar turadi. Xitoyda bu modelni 27 dekabrdan sotuvga chiqarishadi, uning jahon bozoriga chiqishi va O‘zbekistonga yetib kelishi hozircha noma’lum. Huawei’ning aksariyat smartfonlarini esa 890 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish mumkin.

O‘QING: Terashop.uz’da Huawei smartfonlari narxlari (2018 yil 24 noyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!