"48 megapiksel? Oz qolibdi, Apple!" - Samsung

Apple'ning iPhone 14 smartfonlari taqdim qilingan "Far Out" taqdimotidan bir necha kun avval Samsung o‘zining so‘nggi flagman smartfon va buklamafonlari reklama videosini chiqargan edi. Unda Janubiy Koreya kompaniyasi o‘zining telefonlari afzallik tomonlarini maqtab, yangi chiqadigan iPhone’lar bunday innovatsion xususiyatlarga ega bo‘lmasligi aytib, Apple ustidan kulgan. 

Biroq, Samsung birgina reklama videosi bilan to‘xtab qolmaydigan ko‘rinadi, kompaniyaning AQShdagi rasmiy Twitter sahifasiga Apple'ning iPhone'larida yo‘q bo‘lgan xususiyatlar ta’kidlangan tvitlar paydo bo‘ldi.

Bir necha kun oldin Apple taqdim qilgan iPhone 14 smartfonlariga ishora qilgan holda "Chorshanbada taqdim qilingan yangi "innovatsion" qurilmalarga bizning reaksiyamiz haqida qisqacha" deya gap boshlaydi Samsung. Birinchi va ikkinchi tvitlar kompaniya o‘tgan oyda taqdim qilgan Galaxy Z Fold/Flip 4 buklamafonlariga qaratilgan bo‘lib, Samsung o‘zining "yaqin do‘sti"ga "Biz 2 yil, 5 oy, 20 kundan beri buklana olamiz" deydi reklama posterida. Keltirilgan sanalar buklamafonlarning ilk marta chiqarilgan kunlar bo‘lib, bu bilan Janubiy Koreya kompaniyasi Apple'ga qancha ortda ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchiga o‘xshaydi.

Garchi smartfonlarda olingan suratlar sifati ularning kameralaridagi megapiksellarga bog‘liq bo‘lmasada, Samsung hali ham Apple bilan "megapiksellar poygasi" o‘yinini o‘ynashda davom etayotgan ko‘rinadi. Navbatdagi tvitda Janubiy Koreya kompaniyasi o‘zining Ultra smartfonlari 2 yil-u 6 oydan beri 108 megapikselli kameraga ega ekanligini aytib, Apple'ning yangi chiqqan iPhone 14 Pro smartfonlari endigina 48 megapikselga yangilanganini mazax qiladi.

Bundan tashqari, Samsung ilgari kuni ham iPhone egalarini "buklanadigan tomonga" o‘tishga undaydigan reklama roligini ham chiqargan edi. Unda o‘z (iPhone) smartfoniga sodiq qizning qanday qilib boshqa smartfon, bo‘lganda ham buklanadiganidan sotib olishini ko‘rish mumkin.

O‘QING: Instagram'ga tez kunda repost qilish funksiyasi qo‘shiladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!