5 000 mA/soatli Redmi 8A'ning taqdimot sanasi ma’lum bo‘ldi

5 000 mA/soatli Redmi 8A'ning taqdimot sanasi ma’lum bo‘ldi

May oyida taqdim qilingan Redmi 7A'ning "uka"si Redmi 8A kelasi kelasi hafta, 25-sentyabr sanasida Hindistonda taqdim qilinishi rasman ma’lum qilindi.

Kompaniya, shuningdek, Redmi 8A'ning akkumulyator sig‘imi 5 000 mA/soat bo‘lishini ham aytib o‘tdi. Bu esa Redmi 7A'nikidan 1 000 mA/soat ko‘proq.

Bundan tashqari, Xiaomi Hindiston saytida taqdimot uchun alohida sahifa ham ochilib, u yerda smartfonning tezkor quvvatlanishi, qo‘lda yaxshi "o‘tirishi" va professional darajadagidek tasvirlar oluvchi kameralari reklama qilingan.

Sahifada devays tirqishli displeyga ega bo‘lishi, quyi tomondagi hoshiyasi qalinroq, qokgan uch tomon romlari esa ingichka bo‘lishi aytilgan. Smartfonning orqa tomondan rasmi ham joylangan bo‘lib, bu rasm TENAA ochiqlagan tasvir bilan bir xil.

TENAA saytida e’lon qilingan Redmi 8A tasvirlari

Kompaniya Redmi 8A'ning boshqa jihatlarini oshkor qilmagan, lekin TENAA'da keltirib o‘tilgan ma’lumotlardan shuni bilamizki, qurilma 6.2" HD+ displey, 2.0 GHz sakkiz yadroli protsessor va 2GB/3GB/4GB tezkor xotiraga ega bo‘ladi.

TENAA yana shuni ma’lum qilganki, Redmi 8A Android Pie'da ishlab, doimiy xotira sig‘imi 16GB/32GB/64GB bo‘ladi.

Tasvirlar uchun Redmi 8A'ga 12 megapikselli orqa kamera, 8 megapikselli old kamera o‘rnatilgan.

Taqdimotga qadar yana besh kun bor. Xiaomi'dan ushbu smartfon haqida ko‘proq ma’lumot kutib qolamiz.

O‘QING: Xiaomi Mi 9 Pro allaqachon savdoda, lekin u hafsalani pir qildi! (+ilk «jonli» rasm va videolari)