5 nanometrlik Snapdragon 888 Plus namoyish etildi – flagmanlar uchun eng zo‘r protsessor!

  •   DiMaX
  •  401
  •  29.06.2021 09:36

5 nanometrlik Snapdragon 888 Plus namoyish etildi – flagmanlar uchun eng zo‘r protsessor!

Qualcomm kompaniyasi Snapdragon 888 Pro rusumli chipseti tayyorlayotgani, uning bazasida birinchi bo‘lib Honor, Xiaomi yoki Lenovo smartfon chiqarishi haqida xabarlar yurardi. Amerikalik chipsoz kecha – 28 iyun kuni chindan ham flagman protsessorini namoyish etdi, ammo uning nomi boshqacharoq ekan.

O‘QING: Snapdragon 888 Pro benchmarkda: uning «oddiy» Snapdragon 888 flagmanidan farqi nimada?

Qualcomm’ning yangi flagman platformasi Snapdragon 888 Plus deb nomlangan bo‘lib, 5 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan. Uning o‘z «ajdod»i – Snapdragon 888 rusumli flagman chipsetdan ikkita farqi bor ekan.

Farqlardan birinchisi Cortex-X1 «super’yadro»sining takt chastotasi bilan bog‘liq: uni 2,84 gigagersdan 2,995 gigagersgacha ko‘tarishgan (Qualcomm bu birlikni yaxlitlab 3,0 GGs demoqda). Ikkinchisi esa – chipset jamlanmasidagi (sun’iy ong vazifalarining tezligiga javobgar bo‘lgan) Qualcomm AI Engine blogining samaradorligi oshirilgan. Snapdragon 888 modelida uning samaradorligi 26 TOPS (teraOps per second – soniyasiga necha trillion operatsiya bajarishini ko‘rsatuvchi birlik) bo‘lsa, Snapdragon 888 Plus samaradorligi 32 TOPS’ga yetgan.

Qualcomm Snapdragon 888 Plus platformasining qolgan barcha xususiyatlari Snapdragon 888 modeliniki bilan bir xil. Ya’ni, uning tarkibida Adreno 660 grafik tezlatgichi, Spectra 580 raqamli signal protsessori, Snapdragon X60 5G modemi hamda FastConnect 6900 aloqa moduli mavjud. Yangi chipset smartfonlarning Quick Charge 5 texnologiyasi asosida tezkor quvvat olishini ta’minlaydi.

Yangi 5G-protsessor bazasidagi smartfonlar joriy yilning ikkinchi yarmidan namoyish etila boshlaydi. Bunday flagmanlarni Asus, Honor, Motorola, Vivo hamda Xiaomi allaqachon tayyorlashmoqda.

O‘QING: Honor ham, Xiaomi ham «damini olaversin» – Snapdragon 895 chipli ilk smartfonni boshqasi chiqarmoqchi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!