560 yevrodan boshlanuvchi OnePlus 7 va OnePlus 7 Pro namoyish qilindi (+video)

  •   DiMaX
  •  4407
  •  15.05.2019 12:46

560 yevrodan boshlanuvchi OnePlus 7 va OnePlus 7 Pro namoyish qilindi (+video)

OnePlus kompaniyasi kecha Londonda maxsus taqdimot marosimini o‘tkazdi. Ishlab chiqaruvchi unda o‘z tarixida ilk bor ikkita yangi – OnePlus 7 va OnePlus 7 Pro smartfonlarini namoyish etdi.

O‘QING: VIDEO: Suvdan himoyalanmagan OnePlus 7’ni kompaniya suv to‘la chelakka solib ko‘rsatdi!

OnePlus 7 Pro

Eng ilg‘or flagmandan boshlaydigan bo‘lsak, OnePlus 7 Pro modeli dunyoda ilk bor Fluid AMOLED-matritsali ekran bilan jihozlangan. Diagonaliga 6.67 dyuymlik ushbu displey QHD+ formatida tasvir uzatadi, 90 gerslik kadrlar yangilanishini hamda HDR10+ standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon old yuzasining 93 foizdan oshiqroq qismini egallagan ekranga Gorilla Glass 6 himoya shishasi yotqizilgan. Ammo korpusi birorta IP standarti bo‘yicha suvdan himoyalangan emas.

Displeyda kemtik yoki o‘yiq yo‘q – old kamera korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi mexanizmga o‘rnatishgan. Selfi-kamera 16 megapiksellik bo‘lib, keng ko‘rish burchagiga hamda f/2.0 diafragmaga ega. Smartfon tushib ketganida kamera shikastlanmasligi uchun OnePlus ajoyib yechim qo‘llagan: bunda kamera mexanizmi avtomatik tarzda korpus ichiga yashirinadi.

OnePlus 7 Pro, tabiiyki, zamonamizning eng zo‘r Android-protsessori – Snapdragon 855 bazasida ishlaydi. Smartfonga suyuqlikli sovitish tizimi joriy etilgan, tezkor xotirasiga ko‘ra uch variantda – 6/8/12 gigabaytlik. Doimiy xotirasiga ko‘ra smartfon ikki xil – 128 va 256 GBlik modifikatsiyalarda taklif etiladi. Flagmanda yangicha – UFS 3.0 turidagi xotira qo‘llangani bois, kompaniyaning ta’kidlashicha, ilovalarning o‘rnatilish tezligi naq 5 karraga oshgan!

Yangi flagman zamonaviy USB-C (USB 3.1) portiga ega, ammo quloqchin uchun 3,5 millimetrlik standart audiotirqishi yo‘q. 4000 mA/soatlik akkumulyatori Warp Charge 30 tezkor quvvatlash texnologiyasi orqali batareya 20 daqiqadayoq 50 foizga to‘ladi. Biroq ko‘pchilik zamonaviy flagmanlarga joriy etilayotgan simsiz quvvatlash texnologiyasi bunda yo‘q.

 

O‘QING: OnePlus asoschisi Apple’ga minnatdorchilik bildirdi

OnePlus 7 Pro smartfoniga Dolby Atmos stereodinamiklari hamda yangilangan, 0.21 soniyada ishlovchi ekranosti optik daktiloskop bilan ta’minlangan. Uni sinab ko‘rgan jurnalistlar Galaxy S10’ning ultratovushli barmoq izi skaneridan ko‘ra tezroq ishlashini e’tirof etishgan.

Flagmanning bosh kamerasi uch modulli bo‘lib, asosiy sensor sifatida 48 megapiksellik Sony IMX586 o‘rnatilgan. Ikkinchisi 16 MPlik, keng burchakli (qamrov burchagi 117 darajalik) ob’yektiv bo‘lsa, uchinchisi – uch karralik optik yaqinlashtirish funksiyasiga ega, 8 MPlik teleob’yektivdir. Kamerada optik barqarorlashtirish, suratga olishning tungi rejimi hamda uch xil: PDAF, CAF va Laser AF fokusirovka turlari mavjud. DxOMark mutaxassislari allaqachon OnePlus 7 Pro kamerasini sinab ko‘rib, 111 ball berishgan; bu – Huawei P30 Pro va Samsung Galaxy S10 5G kamerofonlaridan keyingi uchinchi o‘rindir.

OnePlus 7 Pro eng so‘nggi – OxygenOS 9.5 grafik qobig‘i ostidagi Android 9 Pie operatsion tizimi bilan taqdim etilgan bo‘lib, yaqin orada Android Q beta-versiyasini ham qabul qiladi.

 O‘QING: RASMAN: Android Q uchinchi beta-versiyasigacha yangilanuvchi smartfonlar ro‘yxati

Quyida OnePlus 7 Pro flagmaniga bag‘ishlab tayyorlangan videolavhani tomosha qilamiz:

Endi esa kompaniyaning standart flagmaniga navbat keldi...

OnePlus 7

Ushbu model tashqi ko‘rinishidan o‘z «ajdod»i – OnePlus 6T smartfoniga o‘xshaydi, ammo unga nisbatan «ichki dunyosi boy». Pro-versiyasidagi kabi, standart flagmanga ham eng ilg‘or Snapdragon 855 protsessori hamda Dolby Atmos stereodinamiklari o‘rnatilgan, audiotirqish yo‘q.

Nomidan tashqari, OnePlus 7 smartfonining Pro-versiyasidan farqlari ham yetarlicha. Avvalo, bosh kamera qo‘sh modulli: 48 MPlik asosiy moduli f/1.7 diafragmali ob’yektivga, fazali avtofokusga hamda optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Ikkinchi sensori 5 megapiksellik bo‘lib, suratga olinayotgan sahna chuqurligini aniqlashga mo‘ljallangan.

OnePlus 7 akkumulyatori ham nisbatan kam sig‘imli – 3700 mA/soatlik bo‘lib, «atigi» 20 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi. Tezkor xotirasi 6 va 8 gigabaytlik, UFS 3.0 turidagi ichki xotirasi esa 128 va 256 gigabaytlik talqinlarda taklif etiladi. Standart flagmanda «oddiy» AMOLED-matritsali, diagonaliga 6.4 dyuymlik displey qo‘llangan va barmoq izi unga integratsiya qilingan. Ekranning tomchisimon kemtigidagi selfi-kamera ham 16 megapiksellik aniqlikda.

Kompaniya standart OnePlus 7 flagmanini iyun oyida, 560 yevrodan boshlangan narxlarda savdoga chiqaradi. Uning Pro-versiyasi esa Yevropa bozoriga 21 maydanoq chiqadi va 700-830 yevro narxida sotiladi.

Shuningdek, taqdimotda kompaniya OnePlus 7 Pro 5G modelini ham e’lon qilgan, ammo uning tafsilotlari keyinroq ma’lum bo‘ladi.

O‘QING: 4G va 5G’ni amalda o‘zaro taqqoslab ko‘rishdi: kutilmagan natija!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!