5G: 1000 marta tezkor mobil aloqani qarshi oling

5G: 1000 marta tezkor mobil aloqani qarshi oling

Siz suratda ko‘rib turgan Martin Kuper ilk marotaba Motorola rusumidagi simsiz telefon orqali mobil aloqa o‘rnatgan 1973 yildan 27 yil o‘tib, ya’ni 2000 yillardan boshlab taqdim etilgan 3G aloqa texnologiyasi foydalanuvchilarga mobil vosita orqali internetning veb-qidiruv xizmatidan foydalanish imkonini berdi.

Bugun esa insonlar faqatgina mobil internet bilan kifoyalanib qolishayotgani yo‘q. Bugun aloqa texnologiyasi orqali sanoatni boshqarish, tezkor ma’lumot almashishga asoslangan haydovchisiz mashinalar, dronlarni boshqarish, “aqlli” uy hamda shaharlarni bunyod etish ehtiyoji paydo bo‘lgan. Bunga esa 5G tarmog‘isiz erishib bo‘lmaydi. Mobil texnologiyasining yangi to‘lqini tub o‘zgarishlarni va’da qilmoqda.

Kimda qachon?

Mobil texnologiyaning kelajagi deyarli insoniyat turmush tarzining ostonasida turibdi. Ericsson va China Mobile kompaniyalari avgust oyida ilk marotaba ushbu texnologiyani sinovdan o‘tkazdilar.  Xitoyning Shanxay shahridagi ko‘chalardan birida, Angliyaning Gildford shahrida sinov tariqasida ilk 5G aloqa tarmog‘ining sinov antennalari  o‘rnatilgan. Kanada, Litva, Estoniya kabi davlatlarda ham muvaffaqiyatli izlanishlar olib borilmoqda.

Janubiy Koreya hukumati mamlakatda 2018 yilda bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiya o‘yinlari chog‘ida 5G tarmog‘ini ommaviy ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yaponiya esa o‘zi mezbonlik qiladigan Yozgi Olimpiya o‘yinlari arafasida, ya’ni 2020 yildan boshlab mazkur texnologiyaga o‘tmoqchi. 2021 yildan boshlab esa yangi texnologiya AQSh, Buyuk Britaniya, Shvedsiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoyda joriy qilinadi.

Yuqori tezlikdagi ma’lumot almashish mumkin bo‘lgan optik tolali aloqa tarmog‘ini yaratayotgan Google ham 5G’ga qiziqish bildirmoqda. Kompaniya 2014 yilda “millimetrli to‘lqin” (mmWave) nomli spektr polosasi 3 GGs.dan yuqori radiochastotadan foydalangan holda arzon va tezkor kommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirayotgan Alpental Technologies startapini sotib olgan.

5G: imkoniyat va talablar

Ma’lumot almashishning yangi – 5G texnologiyasining katta imkoniyatlar bilan kirib kelishi kutilmoqda. Agar siz mobil aloqaning 4G tarmog‘idan foydalanayotgan bo‘lsangiz, 5G texnologiyasi sizga bu tezlikdan 1000 barobar tezkorroq ma’lumot almashishni tuhfa etadi. Nazariy jihatdan 5G tarmog‘i 33 tagacha HD sig‘imli filmlarni bir soniya ichida yuklab olish imkoniyatini yaratadi. 5G simsiz tarmog‘i media va telekompaniyalarga film va video mahsulotlarni yuqori sig‘imda uzatish imkoniyatini yaratadi. 4K sig‘imli videolarni onlayn rejimda tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Strategy Analytics kompaniyasining tahlillari yangi aloqa tarmog‘i 2018 yildan tatbiq etilishini ko‘rsatmoqda. 5G beqaror aloqa, aloqa uzilishi va tarmoqqa ulanish sekinligi, akkumulyatorning tez tugab qolishi kabi muammolarga chek qo‘yadi.  Birinchi navbatda, 5G’ni qo‘llab-quvvatlaydigan smartfon va mobil aloqa vositalariga bo‘lgan talab oshib ketadi. Strategy Analytics’ning bashoratiga ko‘ra, 2022 yilda jahon bo‘ylab har yili 10 million dona ushbu tarmoqda ishlaydigan smartfon sotiladi.

5G texnologiyasida sekundiga 10 gigabaytgacha bo‘lgan ma’lumotni almashish mumkin. Tadqiqotlar 2025 yilga qadar aloqa tarmoqlarining ma’lumot sig‘imi bugungidan 1000 barobargacha kattaroq bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmoqda.

IoT, ya’ni tashqi sensor va datchiklar bilan ta’minlangan va ular orqali ma’lumot olib o‘zaro aloqaga kirishuvchi buyumlar tarmog‘ini yaratuvchi kompaniyalar uchun katta hajmdagi trafik zarur bo‘lmasa ham, qurilmadagi akkumulyator uzoq vaqt ishlashi uchun u tezkor ma’lumot almashish tarmog‘iga ehtiyoj sezadi.

Apple, IBM va Samsung kabi yirik axborot texnologiyalari kompaniyalari uchun ham 5G yangi daromad manbai bo‘ladi. Ular endi nafaqat mobil aloqa vositalari, balki internet buyumlari tarmog‘i uchun ommaviy ravishda yangi turdagi datchik va sensorlar ishlab chiqara boshlaydilar.

Raqamli rivojlanishmi yoki inqilob?

Joriy yilning 11 fevral kuni protsessor ishlab chiqaruvchi Qualcomm kompaniyasi jahondagi ilk 4G protsessorini namoyish qildi. U sekundiga 1 gigabit hajmdagi ma’lumotni o‘tkazish imkoniyatiga ega. Qurilma bir vaqtning o‘zida 10 ta simsiz ma’lumotlar oqimini jamlashtirib, ularning har birida 100 Mb ma’lumot almashadi.

Ammo radiochastota spektri yoki simsiz texnologiyani o‘rnatgan bilan 5G o‘z imkoniyatini namoyon qilmaydi. Buning uchun elektron qurilmalar ham bu texnologiyaga tayyor bo‘lishi kerak. 2025 yilga kelib 5G-apparatlar soni 300 mln donaga yetadi va 7% mobil ulanish 5G-tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.

5G qanchaga tushadi?

Mazkur xizmatni yo‘lga qo‘yish esa operatorlardan 100 mlrd. AQSh dollarigacha bo‘lgan mablag‘ni talab etar edi. 90-yillarda internet xizmatlari narxi  kilobaytda o‘lchangan bo‘lsa, 2000-yillarga kelib uni megabaytlarda o‘lsay boshladik. Bugun esa mobil aloqaning internet xizmatlari narxi gigabaytda baholanmoqda. 5G tarmog‘i ma’lumotni tez va arzon narxda almashishni va’da qilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ushbu tarmoqdan foydalanish narxi hozirgidan bir necha barobar arzonga tushadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!