5G-smartfonlar bozorida Samsung to‘rtinchi o‘ringa tushdi. Undan zo‘rlari kimlar?

  •   DiMaX
  •  1041
  •  10.08.2021 18:03

5G-smartfonlar bozorida Samsung to‘rtinchi o‘ringa tushdi. Undan zo‘rlari kimlar?

Yaqindagina biz Xiaomi tarixda ilk bor Yevropa smartfon bozorida Samsung va Apple’dan o‘zib, yetakchi bo‘lgani haqida yozgan edik. «Xitoycha Apple» bu bilan cheklanib qolmasdan, balki dunyo smartfon bozorida ham yetakchilikka erishgan.

O‘QING: TOP-10: Hamyonbop smartfonlarning eng zo‘rlari (AnTuTu reytingi, 2021 yil iyul)

Strategy Analytics kopmaniyasi joriy yilning ikkinchi choragi holatiga ko‘ra Android tizimli 5G-smartfonlar bozori bo‘yicha hisobotini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu orada ham Xiaomi “uloqni ilib ketibdi” – bozorning salkam 26 foizi uning mahsulotlari ekan!

Xabarga ko‘ra, bu yilnlning 2-kvartalida dunyo bo‘ylab 95 millionta 5G tarmog‘ini qo‘llovchi Android-smartfon sotilgan. Shulardan deyarli 24 million donasi Xiaomi tomonidan yetkazib berilgan.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Vivo hamda Oppo egallagan – ular mos tarzda 17,5 million va 16,9 million dona 5G-smartfon sotishgan (bozordagi ulushlari – tegishlicha 18,5 hamda 17,9%). Mazkur davrda Samsung jami 15,6 millionta 5G-smartfon sotib, bozordagi 16,5 foizlik hissasi bilan to‘rtinchi o‘ringa tushib qolgan.

O‘QING: Egalari rozi bo‘lgan smartfonlar reytingida kutilmagan o‘zgarish! (AnTuTu, 2021 yil iyul)

Xiaomi so‘nggi to‘qqiz kvartal davomida jahon bozoriga jami 70 millionta 5G-smartfon yetkazib bergan. Samsung esa bu muddatda 77 millionta shunday qurilma sotishga erishgan. Ammo bu borada Huawei baribir birinchi – dunyodagi naq 95 millionta 5G-smartfonni u ishlab chiqargan.

Xitoylik texnogigant keyingi paytlarda AQSh sanksiyalari tufayli bozorda o‘z maqomini yo‘qotib bormoqda, shuning evaziga Oppo, Vivo, Honor, Realme kabilar o‘z o‘rinlarini mustahkamlab borishayotir.

5G-smartfonlar sotish hajmining o‘sishi borasida Lenovo (unga qarashli Motorola brendi bilan qo‘shib hisoblaganda) lider bo‘lib turibdi. 2021 yilning ikkinchi choragida uning savdolari yillik 3480 foizga oshgan. O‘sish bo‘yicha Realme ikkinchi (+1773%), OnePlus esa uchinchi (+877%) o‘rinlarni egallashgan.

O‘QING: Eng tezkor Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil iyul)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!