5G-smartfonlar uchun Samsung yangicha OLED-displey taqdim etdi va uni Galaxy Note 20 Ultra’da qo‘llaydi

  •   DiMaX
  •  672
  •  05.06.2020 12:41

5G-smartfonlar uchun Samsung yangicha OLED-displey taqdim etdi va uni Galaxy Note 20 Ultra’da qo‘llaydi

Samsung Display kompaniyasi 5G-smartfonlar uchun maxsus ishlab chiqilgan yangicha OLED-displey namoyish qildi. SGS kompaniyasi allaqachon unga Eye Care Display sertifikatsiyasini topshirdi.

O‘QING: Kelajak mobil displeylari qanday bo‘lishi ko‘rsatildi

Yangi OLED-ekran LTPO texnologiyasiga ega; mazkur qisqartma past haroratli polikristallik oksidlarni anglatadi. Bungacha esa odatda LCD va OLED-displeylarda past haroratli polikristallik kremniy qo‘llanib kelgan.

Yangicha displey 4K hamda 8K sifatidagi tasvirlarni uzatishga, kadrning yuqori chastotalarda yangilanishiga qodir va AMOLED-panellardan arzonroqqa tushadi. Uning ijobiy jihatlaridan yana biri o‘ta kam quvvat sarflashidir – smartfonlarda batareya zaryadining ko‘p qismi aynan displeyga xarj etiladi. UL mustaqil agentligi testlarida aniqlanishicha, yangicha ekranlarning quvvat sarfi hozirgi Infinity ekranlarnikiga nisbatan 15 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, yangi OLED-displey ko‘zlar uchun zararli bo‘lgan moviy nurni 6,5% taratadi. Taqqoslash uchun, hozirda qo‘llanayotgan Samsung Infinity displeylarida bu ko‘rsatkich 7,5% ga teng.

O‘QING: VIDEO: Smartfon quvvati tez tugayaptimi? «Hayotning zulmat tarafiga o‘ting!»

XDA Developers resursi bosh muharriri Maks Vaynbax (Max Weinbach) o‘zining Twitter-akkaunti orqali ma’lum qilishicha, Galaxy Note 20 Ultra smartfonida ayni shu yangi displey ilk bora qo‘llanadi. Fabletning LTPO texnologiyali ekrani diagonaliga 6,9 dyuymlik, tasvir aniqligi 3040x1440 piksellik bo‘lib, kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik.

Maks Vaynbax ushbu smartfonning boshqa xususiyatlarini ham oshkor etgan. Jumladan, Galaxy Note 20 Ultra moslashuvchan rejimga ega, ya’ni smartfon turli ishlash ssenariylarida displeyda kadr yangilanishining kerakli chastotasiga avtomatik ravishda o‘tadi va bu bilan quvvat sarfini kamaytiradi. Bunaqa xususiyat hali kelasi yil chiqadigan iPhone’lardagina bo‘lishi ma’lum.

Ushbu smartfon Qualcomm kompaniyasining amaldagi flagmani – Snapdragon 865 chipseti yoki hali rasman taqdim etilmagan Snapdragon 865+ protsessori bazasida ishlaydi, ayrim hududlar uchun esa fablet Exynos 992 chipseti bilan taqdim etiladi. Samsung mazkur qurilmasini 12/16 gigabaytlik tezkor va 128 dan 512 gigabaytgacha doimiy xotira bilan chiqaradi.

O‘QING: Galaxy Note 20 Ultra bo‘lmaydi, deyishgandi. Lekin u ilk bor internetga chiqdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!