5G standartidagi raqamli kelajakka tayyormisiz?

  •   DiMaX
  •  952
  •  03.02.2017 20:10

5G standartidagi raqamli kelajakka tayyormisiz?

Atrofimizdagi olam shiddat bilan o‘zgarib, fan-texnika taraqqiy etib borayotganiga har birimiz guvohmiz. Xususan, axborot texnologiyalarining takomillashuvi hayotimizga katta o‘zgarishlar kiritayotir. Masalan, o‘zini-o‘zi boshqaradigan avtomobillar, uy robotlari, aqlli shaharlar… – bularning bari insoniyatning turmush tarziga kirib kelishiga oz qoldi. Ammo hozircha ular kam sonli bo‘lgani uchun ham rivojlanishi sekin bo‘lmoqda. Dunyo bo‘ylab millionlab shunaqa aqlli qurilmalar ishlashi uchun esa yangicha aloqa standarti zarur. Bu – 2010 yildan beri amaliyotga tatbiq etishga hozirlik ko‘rilayotgan 5G standartidagi aloqa tarmog‘idir.

Qismlardan butunlik sari

Raqamli kelajakning ayrim «vakil»lari hozirgacha yaratib bo‘lingan ham: o‘zi boshqariladigan avtomobillar yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro axborot almashgan holda harakatda bo‘ladi va natijada yo‘l-transport hodisasi yuz bermaydi, ular hatto haydash uslubini tahlil qilib, sug‘urtalash narxini hisoblab beradi; dronlar uzoq masofalarga uchib, kameradagi videotasvirni masofaga bevosita uzatib turishyapti, ular ayrim mahsulotlarni tashishda ham qo‘llanyapti; aqlli rozetkalar bor – esdan chiqarib qoldirilgan dazmolni tarmoqdan uzib qo‘yadi…

Hozirda bunaqa gadjetlardan foydalanish mantiqsizlikdek tuyuladi: internetga ulanadigan multivarka, o‘z ichidagi oziq-ovqat mahsulotlarining miqdori va kaloriyasini hisoblab chiqib, ma’lumotlarni smartfonga uzatuvchi muzlatkich kabilar hozir nimaga kerak, to‘g‘rimi? Bunaqa aqlli qurilmalarning funksiyalari cheklangan, ulardan amaliy foyda kam, tag‘in narxi ham osmonda…

Lekin muammo shundaki, ular katta bir tizimning mayda bo‘laklari, xolos – qolgan qismlar ham amaliyotga joriy etilmagunicha bulardan naf yo‘q hisobi. Aqlli avtomobillardagi, ishlab chiqarish va uy robotlaridagi, smartfon va kompyuterlar, hatto aqlli qo‘l soatlaridagi yuz millionlab datchiklar o‘zaro bog‘lanib, uyg‘unlikda ishlashi uchun esa hozirgi aloqa standartlari to‘g‘ri kelmaydi. Bu gadjetlar axborotni to‘plashi, qayta ishlashi, boshqasiga uzatishi, qabul qilishi uchun yuqori tezlikda va uzilishlarsiz ishlaydigan internet kerak-da, axir! Bittagina aqlli rozetka bilan «aqlli shahar»ga asos solib bo‘lmaydi-ku.

Aqlli raqamli qurilmalar tarmog‘i – go‘yoki ulkan bir pazzl: birorta kichkina bo‘lakchasi tushib ketsa, kartinaning butunligiga putur yetadi. Shu bo‘lakcha esa istalgan bir qurilmadagi datchik bo‘lishi mumkin: aqlli soat, avtomobil avtopiloti, eshiklarni avtomatik ochib-yopish moslamasi…

Hozirda avtopilot – bor-yo‘g‘i haydovchiga ayrim vaziyatlarda ko‘makka keluvchi bir yordamchidir. Unda ham aloqada kichik bir uzilish yuzaga kelsa, qayta ulanishi, yo‘ldagi vaziyatni qayta tahlil qilishi, svetoforlar signallarini qaytadan ko‘zdan kechirishi, yo‘ldagi boshqa avtopilotlar bilan axborot almashinishi uchun ozgina bo‘lsayam vaqt talab etiladi. Mana shu soniyalar yo‘qotilishi oqibatida avtohalokat yuzaga kelishi hech gap emas.

Boshqa misolga nazar solsak: aytaylik, sizda aqlli lampochka bo‘lishi mumkin. Ammo haqiqiy «aqlli uy»da undan tashqari rozetkalar, uy iqlimini sozlash moslamalari, eshik-derazalar, boshqa maishiy jihozlar – hamma-hammasini bitta qurilma orqali boshqarish imkoni bo‘lishi lozim. Masalan, Sony Xperia Agent singari biror qurilma.

5G tarmog‘i – butunlay yangicha aloqa standarti

5G tarmoqlarida har bir avtomobil o‘zining harakat tezligini, boradigan manzili va yo‘lini, yo‘lda boshqa harakat ishtirokchilarining qanday harakat qilishini «bilib turadi», chunki tarmoq tezligi va sig‘imi borasida muammolar bo‘lmaydi. Xuddi aeroportdagi dispetcher singari, hammasi uning «ko‘zi o‘ngida» bo‘ladi. Yo‘llardagi barcha avtomobillar sinxronlashgach, keyingina haqiqiy avtopilotlar, o‘zini-o‘zi boshqaradigan avtomobillar paydo bo‘ladi. Masalan, Toyota kompaniyasi 2025 yilga borib o‘z aqlli avtomobillari umumiy mahsulotning 68 foizini tashkil etishini bashorat qilmoqda. Bu esa juda katta ko‘rsatkich, ularning barchasi u yoki bu darajada internetga ulanishi lozim bo‘ladi.

Olimlarning prognozlariga ko‘ra, 5G tarmog‘i iste’molga kiritilganidan so‘ng bir yarim yil o‘tib, dronlar va ularni boshqaruvchi qurilmalar orasidagi masofa bir necha martagacha uzayishi mumkin bo‘ladi. Har bir dron boshqalarining harakat yo‘nalishini bilib turadi va ular yo‘lda o‘zaro to‘qnashib ketishmaydi. Dronlardagi datchiklar 5G tarmoqlarida hech qiyinchiliksiz o‘zaro ma’lumot almashib boradi, tarmoq sig‘imi ham yuz minglab dronlarning faoliyati uchun yetarli darajada kengayadi.

2018 yillarga borib dronlardagi kameralarning imkoniyatlari va xotira hajmlari butkul kengayadi: 5G tarmoqlaridagi yuqori tezlik sharofati bilan dronlar yuqori sifatli, 360 darajali videoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatadigan bo‘ladi. Huuuv chekka qishloqdagi buvayu buvilar bilan videomuloqot oddiy holga aylanib qoladi.

Uydagi maishiy texnika jihozlari esa xonalardagi haroratni, havoning namligini o‘zi o‘lchab, kerak bo‘lsa me’yorga solib turadi. Aqlli jihozlar uyda odam bor-yo‘qligini o‘zlari kuzatib, uning uyqudan uyg‘onish vaqtiga qahva tayyorlashadi;  internetdan unga qiziqarli yangiliklarni to‘plab olib, nonushta payti o‘qib berishadi; yo‘lga chiqadigan vaqtigacha yo‘llardagi tiqilinchlar va boshqa holatlar xususida ma’lumotlarni to‘plab, smartfoniga yuborishadi; iste’mol qilingan gaz, elektr, suv va boshqalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plab, markazga jo‘natishadi…

Bular ertak emas!

Ha, bir qarashda bularning barchasi fantastikaga o‘xshab ketadi, lekin o‘ylab ko‘ring – yaqin-yaqinlargacha ekranidan boshqariladigan telefon haqida tasavvurga ham ega emas edik-ku, to‘g‘rimi? Oddiy bir inson o‘z uyida o‘tirib olganicha, dunyoning narigi chekkasidagi kishi bilan real vaqt rejimida, xuddi yuzma-yuz o‘tirgandek ko‘rishib gaplashishi mumkinligi kimning xayoliga kelgandi?

Xullasi kalom, bizda uyali aloqa operatorlari 3G tarmog‘ini kengaytirib, 4G tarmog‘ini endi ishlata boshlagan bugungi kunda, dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida 5G standartini takomillashtirish ustida qizg‘in ishlar ketayotir. Unda uzilishlar deyarli bo‘lmaydi, bo‘lganda ham nanosoniyalar ichida qayta ulanadi. Millionlab aqlli qurilmalarning datchiklari cheklanmagan hajmda va mislsiz yuqori tezlikda o‘zaro axborot almashishlariga aynan 5G tarmog‘i imkon yaratib beradi.

Quyidagi suratda uyali aloqa standartlarining rivojlanishi yillarni shkala tarzida aks ettirib ko‘rsatilgan:

Demak, 5G tarmog‘ining hayotimizga kirib kelishiga unchalik ham ko‘p vaqt qolgani yo‘q. Bu taraqqiyotdan eng ko‘p uyali aloqa operatorlari foyda ko‘radi: ularning «mijoz»lari qatoriga smartfon, planshet va hokazolardan tashqari, minglab turdagi «aqlli uy» jihozlari ham qo‘shiladi. Tabiiyki, shunga mos tarzda ular ham o‘z texnik vositalarini va xizmat ko‘rsatish standartlarini takomillashtirib borishadi. Axir, 5G tarmog‘ida millionlab qurilmalarning yirik hajmda ma’lumot almashishlarini uzluksiz ta’minlab turish uchun ozmuncha harakat va xarajat kerakmi!?

5G tarmoqlari uchun qurilmalar

Qualcomm kompaniyasi kelajak gadjetlari uchun dunyodagi ilk uskunani taqdi etdi, bu – Snapdragon X50 modemidir. Mazkur chip istalgan qurilmaga o‘rnatilishi mumkin: mobil routermi, smartfonmi, yo endi ishlab chiqariladigan boshqa aqlli jihozlarmi… Aynan shu kabi chiplar kelajakda 5G tarmoqlarida o‘ta yuqori tezlikdagi yirik hajmli axborotlar uzatishni ta’minlab beradi. Ular qo‘llanadigan va soniyasiga 5 gigabit tezligida ma’lumot uzata oladigan aniq qurilmalarning yaratilishiga ham bir-ikki yil qoldi, demoqda kuzatuvchilar.

Darvoqe, Snapdragon X50 chipini yaratish ustida ish ham bir necha yil davom etgan. Operatorlar tarmoqlarni testdan o‘tkazishlari jarayonlarida Qualcomm muntazam tarzda tezlikni oshirib bordi. Bir yarim yillar avval Snapdragon X16 chipi taqdim etilgan edi, u allaqachon gadjetga o‘rnatib, foydalanishga topshirildi. Endi X50 ham bir yillar ichida iste’molga kiritilishi mumkin.

2018 yillarga borib, ilk mobil 5G routerlar paydo bo‘lgach, bu chip smartfonlarga ham o‘rnatilib, testdan o‘tkazila boshlaydi. Kim biladi, balki Samsung Galaxy S10 yoki iPhone 8 qurilmalari 5G tarmoqlarida ishlaydigan qilib chiqarilar hali? Bu esa texnologiyalar bozorida ham inqilob bo‘lishi mumkin.

Taxminlarga ko‘ra, testlar bir-ikki yilda tugatilsa, keyin boshqa ishlab chiqaruvchilar ham nafaqat o‘z smartfonlariga, balki dron, avtomobil, televizor, muzlatkich, multivarka, qo‘l soati va boshqalariga shu singari chiplar o‘rnatib chiqara boshlashi ehtimoli bor. Uy uchun aqlli jihozlarning soni va assortimenti ham oshsa, shuning barobarida narxlari pasaysa – ana keyin ko‘rasiz raqamli kelajakni…

Tayyor turing!