5G tarmog‘iga nazar: imkoniyatlar, muammolar va smartfonlar...

  •   DiMaX
  •  1715
  •  12.12.2018 13:34

5G tarmog‘iga nazar: imkoniyatlar, muammolar va smartfonlar...

2019 yili smartfonsozlar, uyali aloqa operatorlari va umuman yirik texnologik kompaniyalar beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini joriy etish ustida ishlashadi. Bu – aloqaning yangicha standarti, raqamli dunyoning yangi sifati, internetning aql bovar qilmas tezligi deganidir.

 O‘QING: UZMOBILE allaqachon 5G texnologiyasini sinovdan o‘tkazdi

Allaqachon beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llovchi modem va protsessorlar yaratilgan, ular bazasidagi smartfonlar taqdim etila boshladi. Ammo ushbu standart haqidagi ma’lumotlar tarqoq ekanligini hisobga olib, biz umuman 5G tarmog‘i haqidagi ma’lumotlarni sizga yetkazishga qaror qildik.

5G tarmog‘i qanaqa bo‘ladi o‘zi?

5G – simsiz aloqa tarmog‘ining beshinchi avlod standarti bo‘lib, unda ma’lumot uzatish tezligi o‘ta yuqori. Masalan, yuqori sifatli va katta hajmli bitta filmni unda bir soniyadan (1 sekunddan!) ham kamroq vaqtda ko‘chirib olish mumkin! Hozirda amalda bo‘lgan 4G tarmog‘ida esa bunga taxminan 10 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi.

Beshinchi avlod uyali aloqa tarmoqlarida ushlanib qolish muddati ham bir millisekunddan oshmaydi (4G tarmog‘ida bu ko‘rsatkich 70 ms.ga teng). To‘rtinchi avlod aloqa standartida o‘tkazuvchanlik qobiliyati bir gigabitga teng bo‘lsa, 5G’da bu 20 karra tezkorroq bo‘ladi.

5G standartidagi tijoriy tarmoqlar kelgusi o‘n yillikning boshiga boribgina keng ommalashadi. 2019 yili Shimoliy Amerikada uyali aloqa ulanishlarining atigi bir foizi 5G tarmoqlari orqali o‘tadi, bu ko‘rsatkichning 49 foizga yetishi esa 2025 yildagina yuz beradi. Rossiyaning «Raqamli iqtisodiyot» («Sifrovaya ekonomika») dasturiga ko‘ra, mamlakatdagi aholisi million nafardan oshuvchi shaharlarda 5G tarmog‘i 2022 yilda keng yoyiladi. Ayni damda esa faqatgina Janubiy Koreya – 2018 yilning 1 dekabrida beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini taqdim etdi. Hozircha bu tarmoqdan faqat korporativ mijozlargina foydalana oladilar, oddiy aholi uchun esa beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i kelasi yil martdan ishga tushadi.

O‘QING: HAFTA YaKUNLARI: Galaxy S10’ni 5G’da ishlatib ko‘rsatishdi; Sony’ning shaffof telefoni, Google messenjerlarini yopyapti, eng zo‘r o‘nta Android-smartfon...

O‘ylaganimizdan ko‘ra kengroq qamrovli

Shunisi ham borki, 5G bittagina texnologiya emas, balki butun boshli majmuadir. O‘ta yuqori tezlikni ta’minlash uchun u bir millimetrlik diapazonga «kirib boradi». Bir millimetrlik to‘lqinlar esa devor, o‘simliklar va yomg‘ir orqali ham qiyin o‘tadi, hatto yaxshi ob-havo sharoitlarida ham bir kilometr masofada uzilishlar bo‘lishi mumkin.

Barchasi to‘g‘ri ishlashi uchun:

  • shaharlarda eski baza stansiyalarini yangilariga almashtirishadi va yana minglab boshqalarini o‘rnatishadi; ular ixcham va «aqlli» stansiyalar bo‘ladi;
  • bir vaqtning o‘zida ko‘p kanalli uzatishni (massive MIMO texnologiyasi) qo‘llashadi; hozirgi tarmoqlarda bunday uzatish portlari sakkiztadan oshmaydi, 5G’da esa bir necha o‘nlab portlar bo‘ladi;
  • fazali antenna panjaralarida signalni qayta ishlash yordamida interferensiyani kichraytirishadi (beamforming texnologiyasi).

Bularning barchasi anchagina qimmatga tushadi; ammo Londonda beshinchi avlod tarmog‘ini ishga tushirish uchun allaqachon 6 milliard funt sterling ajratishgan va yaqin orada ilk 300 ta baza stansiyasini o‘rnatishmoqchi.

Kichkina baza stansiyalari har bir uyga, simyog‘ochlarga, peredatchik uchun qulay joylarga o‘rnatiladi. Ammo kichik 5G tarmoqlari birinchi bo‘lib ishlab chiqarishda, kasalxonalar, o‘quv yurtlari, transport uzellari va shaharni monitoring qilish tizimlarida paydo bo‘ladi.

5G standarti mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish tizimlari va ko‘ngil ochish sohasini jiddiy o‘zgartirib yuboradi:

  • virtual muhitlar 5G orqali ancha tezkorlikda yuklanadi;
  • «aqlli uy» tizimining har qanday qurilmalari, ovozli yordamchilar «bulutli» servislar bilan yanada tezkorroq va zezdirmay bog‘lana oladi;
  • ma’lumotlarni saqlash va sinxronizatsiya qilishda muammo bo‘lmaydi;
  • 5G tarmog‘i hatto 8K sifatidagi videolarni ham striming qilishga imkon beradi;
  • onlayn o‘yinlar misli ko‘rilmagan darajada ommalashadi;
  • bir necha yilgacha bitta nuqtaga ulanuvchi iste’molchilar soni muhim bo‘lmaydi.

Qualcomm kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan 5G Economy nomli tadqiqot natijalariga ko‘ra, 5G’ni tatbiq etishning iqtisodiy samaradorligi 2035 yilga borib 12 trillion AQSh dollarini tashkil etadi.

Kimlar taklif etyapti o‘zi?

Yuqorida ta’kidlangan afzalliklar hayotimizga kirib kelishining ham o‘zi bo‘lmaydi. Bu borada avvalo texnologiyani tatbiq etishning qimmatligi to‘siq bo‘lsa, o‘ylantirib qo‘yadigan ikkinchi masala – takliflarning ko‘p emasligi.

Beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishonchli ishlay oluvchi modemlarni ishlab chiqarishga qodir kompaniyalar sanoqligina. Bular – Samsung, Qualcomm, MediaTek, Huawei hamda Intel.

Samsung o‘zining Galaxy S10 smartfonini 5G-versiyada ham chiqaryapti, uni 2019 yilning boshidayoq – CES anjumanida taqdim etmoqchi. Korporatsiya bu flagmanining barcha modellarini 5G-modem bilan ta’minlamasligi tabiiy – hozircha bu tarmoqning o‘zi amalga kiritilmagani uchun bundan foyda yo‘q.

Kompaniya 2018 yilning avgustida o‘zining ilk 5G-modemi – Exynos 5100’ni, keyinroq esa – yakka kristalli Exynos 9820 flagman protsessorini taqdim etgan. Hozirda Samsung beshinchi avlod tarmog‘ida ishlovchi smartfonlarida o‘z modemini qo‘llaydimi yoki yo‘qmi, degan savol ham ochiq turibdi.

 Beshinchi avlod uyali aloqa modemini taklif etuvchi ikkinchi ishlab chiqaruvchi esa Qualcomm kompaniyasidir. Uning yaqindagina taqdim etilgan Snapdragon 855 protsessori jamlanmasida 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi Snapdragon X50 modemi mavjud. Yangi protsessor bu chipsozning Snapdragon 845 chipsetidan uch karra tezkor ishlaydi.

Qualcomm’ning bu boradagi strategik hamkorlari – Samsung, Verizon hamda AT&T kompaniyalaridir. Ehtimol, Galaxy S10’ning AQSh bozoriga chiqariladigan 5G-versiyasida Qualcomm protsessori qo‘llanar.

Darvoqe, 5G’ni kelasi yiliyoq keng tatbiq etishga qurilmalarning qimmatligi ham sababchi bo‘ladi. OnePlus vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning Snapdragon 855 protsessorli smartfoni 200–300 dollarga qimmat bo‘ladi.

Texnologiyalar olamining yetakchilaridan bo‘lgan Apple esa bu borada ancha kechikyapti – uning 5G tarmog‘ida ishlovchi iPhone’lari hali 2020 yildagina taqdim etiladi. Fast Company yozishicha, bu kechikish Intel bilan bog‘liq – ayfonlar uchun 5G-modemlarni ayni shu chipsoz yetkazib berishi lozim.

Intel 8161 modemi 10 nanometrlik texnologik jarayonga asoslanadi. Undagi elementlar juda zich joylashgan va, aftidan, korporatsiya undan issiqlikning chiqib ketishi muammosini hal eta olmayapti. Ishlash davomida protsessorning issiqlik chiqarishi – akkumulyator quvvatining chip tomonidan samarasiz sarflanayotgani dalilidir. Boshqacha qilib aytganda, hozircha Intel protsessorlari batareyaning quvvatini tez xarjlab qo‘yadi.

Apple uchun muammoli holatlardan yana biri shuki, u shunchaki Intel’ni tashlab, Qualcomm bilan hamkorlik qilib keta olmaydi. Ayni damda kupertinolik gigantning Qualcomm bilan patent borasidagi sudlashuvlari ham masalani chigallashtiradi. Chipsozning ta’kidlashicha, iPhone ishlab chiqaruvchisi uning dasturiy ta’minoti va jihozlarini o‘g‘irlab, Intel’ga bergan va shu bilan 5G-modem ishlab chiqishda unga ko‘maklashgan.

O‘QING: Xitoyda iPhone sotilmaydigan bo‘ldi – Qualcomm bunga erishdi!

Hozirda tarqalgan mish-mishlarga qaraganda, Apple korporatsiyasi 2020 yildan boshlab Mac kompyuterlarida Intel protsessorlarini emas, balki o‘z chiplarini qo‘llaydi.

Shuningdek, yana bir chipsoz – MediaTek korporatsiyasi ham 2019 yilning ikkinchi yarmiga borib o‘zining 5G tarmog‘ida ishlovchi mikrosxemalar to‘plamini taqdim etmoqchi.

Bulardan tashqari, 5G-poygaga xitoylik texnogigant ham qo‘shilgan. Huawei tayyorlayotgan Kirin 990 protsessori tarkibiga yangi avlod – Balong 5G01 rusumli 5G-modem ham kiritiladi. Yangi chip yaqinda chiqqan «ajdod»iga nisbatan 10 foizga samaradorroq va tejamkorroq bo‘ladi.

Yuqorida sanab o‘tilganlar – beshinchi avlod uyali tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi protsessor va modemlarni taqdim etuvchilardir. Shu chiplarni o‘z ichiga olgan ilk 5G-smartfonlarni tayyorlayotganlar qatorida esa Samsung, FlexPai, Xiaomi, Huawei, OnePlus, Lenovo va Vivo kabilar bor.

Umuman olganda, beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ining ham, bu standartda ishlovchi smartfonlarning ham keng ommalashuviga hali erta. Xususan, O‘zbekiston sharoitida – hali 4G ham bir me’yorda ishlamaydigan hududlarda undan-da yuqori texnologiyaning joriy etilishini yaqin orada kutmasak ham bo‘ladi.

O‘QING: Niderlandiyada yuzdan ortiq qushning o‘limiga sabab bo‘lgan 5G sinovini UzMobile O‘zbekistonda ham o‘tkazdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.