5G tezligi testi: iPhone 12 barcha Android-flagmanlarga mag‘lub bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  944
  •  16.03.2021 16:28

5G tezligi testi: iPhone 12 barcha Android-flagmanlarga mag‘lub bo‘ldi!

Fevralning boshida biz dunyo bo‘yicha simsiz 5G-internet tezligi reytingini e’lon qilgan edik. Mazkur tadqiqot uchun iPhone 12 smartfonidan foydalanilgan – unga o‘rnatilgan Ookla Speedtest ilovasi orqali 15 ta yirik shaharda 5G-internet tezligi o‘lchangan.

O‘QING: O‘zbekistonda 2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari: Tezkor internetga ulash qanday ketyapti?

Opensignal tahlil kompaniyasi esa zamonaviy smartfonlarning 5G tarmoqlarida ma’lumot almashish o‘rtacha tezligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib ko‘rdi. Buni qarangki, Apple’ning yangi flagmanlari bu ko‘rsatkich bo‘yicha hattoki yuqori 25 talikka ham kira olmagan! Oldingi avlod ayfonlarning internet tezligini-ku – aytmasa ham bo‘laveradi...

Ko‘rib turganingizdek, o‘rtacha ma’lumot almashish tezligi bo‘yicha Samsung Galaxy S21 5G modeliga teng keladigani topilmagan – 56 Mbit/soniya. Eng tezkor 5G-internetli 25 ta smartfon ro‘yxatiga yana LG, OnePlus, TCL, Motorola hamda Google kompaniyalarining bir qator mahsulotlari ham kirgan.

O‘QING: Namoyish qilinmagan Galaxy A52 5G kutilganidan ham arzon narxda do‘konlarga chiqdi!

Mutaxassislar ayfonlarning 4G tarmog‘idan 5G standartiga o‘tishi bilan internet tezligi 2,3 baravarga oshganini ta’kidlashgan, lekin Android-smartfonlar baribir ancha oldinda.

Tahlil kompaniyasi Apple smartfonlarida ma’lumot almashish tezligini alohida diagramma shaklida taqdim etgan. Ular orasida eng yaxshisi – 36,9 Mbit/soniyalik natija iPhone 12 Pro modeliga nasib etgan. Lekin e’tibor bering – bu ko‘rsatkich Android-smartfonlar reytingida eng oxirgi o‘rinda turgan LG Velvet 5G natijasidan (37,8 Mbit/soniya) ham past!

Samsung Galaxy S21 flagmanida Snapdragon X60 modemi, qo‘llangan bo‘lsa, iPhone 12 smartfonlari Snapdragon X55 modemi bilan chiqarilgan. Ayfonlarning tezligi pastligiga yana bir sabab – ularning korpusida antennalar joylashuvidir, deyishmoqda ekspertlar.

Yana shunisi ham borki, reyting yetakchisi – Samsung kompaniyasining uchinchi avlod 5G-smartfonidir; iPhone 12 turkumi esa kupertinoliklarning bu standartda ishlovchi ilk qurilmalari hisoblanadi.

Aytib o‘tish kerakki, Ucell uyali aloqa operatori O‘zbekistonda ilk bor 5G tarmog‘ini sinovdan o‘tkazgan va keyinroq amalda ishga tushirgan. Shuningdek, Uzmobile ham 5G texnologiyasini sinov tariqasida joriy etgan.

O‘QING: O‘zbekistonda internet nega qimmat? – AKT vazirligi izoh berdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.