64 MPlik kvadrokamera va 48 MPlik qo‘shaloq old kamerali eng arzon selfifon chiqdi

  •   DiMaX
  •  2018
  •  28.08.2020 17:37

64 MPlik kvadrokamera va 48 MPlik qo‘shaloq old kamerali eng arzon selfifon chiqdi

Avvalroq bor-yo‘g‘i 107 dollarga ulkan ekranli va naq 6000 mA/soatlik akkumulyatorli Smart 4 Plus smartfoni taqdim etilgan edi. Uni chiqargan Infinix kompaniyasi yana bitta qiziqarli modelini namoyish qildi.

O‘QING: Atigi 100 dollarlik shu yangi smartfonning daktiloskopi qayerida, deb o‘ylaysiz?

O‘rta narx toifasiga mansub yangi smartfon Infinix Zero 8 deb nomlangan bo‘lib, o‘yinbop Helio G90T protsessori bazasida tayyorlangan. Kompaniya uni diagonaliga 6,85 dyuymlik IPS-ekran bilan jihozlagan. Unda displeyning va sensor qatlamining yangilanish chastotalari tegishlicha 90 va 180 gersga teng.

Zero 8 ekranining yuqori chap burchagida oval tirqish mavjud bo‘lib, unga qo‘shaloq old kamera datchiklari o‘rnatilgan. Bu model yoshlarga juda ma’qul keladi – selfi uchun unda naq 48 megapiksellik asosiy va yana 8 megapiksellik qo‘shimcha sensorlar qo‘llangan.

Infinix yangi smartfonining bosh kamerasi borasida ham ziqnalik qilmagan: romb shaklidagi blokda naq to‘rtta modul va fotochaqnoq chiroyli tarzda joylangan. Unda asosiy datchik 64 megapiksellik Sony IMX686 moduli 4K-video yozib olish xususiyatiga va tasvirni optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Kvadrokamera tarkibiga yana 8 megapiksellik keng burchakli sensor hamda har biri 2 megapiksellik yana ikkita datchik o‘rnatilgan.

Infinix Zero 8 tezkor xotirasi 8, doimiysi esa 128 gigabaytlik hajmga ega; yana microSD-karta sloti ham mavjud. Mazkur smartfon Android 10 bazasida tayyorlangan Infinix X OS 7 proshivkasiga ega. Qurilmaning akkumulyatori 4500 mA/soatlik bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Apparatning yon qirrasiga barmoq izi skaneri ham o‘rnatilgan.

Ushbu smartfon Xitoyda 31 avgustdan, 250 AQSh dollariga teng narxda sotila boshlaydi.

O‘QING: 200 dollarlik Gionee M30 chiqdi: akkumulyatori naq 10 000 mA/soatlik smartfon-poverbank!