6.5" ekran, 5,000 mAs akkumulyatorga ega Samsung Galaxy A12 va A02s'lar taqdim qilindi

6.5

Bir qancha vaqtdan buyon Galaxy A12 va Galaxy A02s smartfonlari haqida ma’lumotga ega bo‘lib kelayotgan edik. Endi esa, Samsung bugunning o‘zidayoq Galaxy A (2021) lineykasining ilk vakili sifatida har ikki smartfonni taqdim qildi.

Galaxy A12 bu yil mart oyida taqdim qilingan Galaxy A11'ning davomchisi bo‘lib, kamera va akkumulyator borasida bir qator yangilanishlarni o‘zida jamlagan.

Galaxy A11 4,000 mAs akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lsa, Galaxy A12'ga 5,000 mAs akkumulyator o‘rnatilgan; har ikki model 15 Vt da quvvat oladi.

A11'ning orqa panelida jami uchta: 13MP asosiy, 5MP ultrakeng va 2MP sath kameralari bor edi. A12'da esa ultrakeng va sath kameralari o‘zgarmay, 13MP asosiy kamera o‘rniga 48MP kamera hamda, bularga qo‘shimcha, 2MP makro kamera qo‘yilgan. Kameralar to‘rtburchak modul ichiga joylangan.

Galaxy A12'ning ekrani A11'nikidan biroz katta — 6.5 dyuym. HD+ Infinity-V displeyida 8MP old kamera uchun tirqish ochilgan. Selfi kamera A11'dagi bilan ayni bir xil. Korpus ostida esa sakkiz yadroli protsessor joylashgan bo‘lib, CPU yadrolari 2.3GHz va 1.8GHz chastotalarga ega. Samsung bu smartfonga qaysi chipsetni o‘rnatganini aytmagan, biroq konfiguratsiyaga qarab taxmin qilish mumkinki, Galaxy A12 Helio P35 chipida ishlaydi.

Samsung, shuningdek, Galaxy A12 qadoqdan qaysi operatsion tizimida ishlashi haqida ham ma’lumot bermagan. Smartfon 3GB/4GB/6GB tezkor, 32GB/64GB/128GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, 1 terabaytgacha sig‘imli tashqi xotira kartasi uchun microSD sloti ham bor.

Galaxy A12'ga yon tomonga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri qo‘yilgan. Samsung Knox xavfsizlik platformasiga ega smartfonni qora, ko‘k, oq yoki qizil ranglardan birida sotib olish mumkin.

Samsung Galaxy A12 2021-yil yanvar oyidan boshlab sotuvga chiqadi. Smartfonning 64GBlik versiyasi narxi 179 yevrodan boshlanadi, yana 20 yevro qo‘shsangiz esa, 128GBlik versiya sizniki bo‘ladi.

Samsung Galaxy A02s
Samsung Galaxy A02s smartfoni o‘tgan yili dekabrda taqdim qilingan Galaxy A01'ning davomchisi hisoblanadi. Smartfon 6.5" HD+ Infinity-V displeyga ega bo‘lib, 1.8GHz'da ishlovchi sakkiz yadroli protsessor bilan jihozlangan. Bu Snapdragon 450 chipi bo‘lishi mumkin.

Smartfon 3GB tezkor, 32GB doimiy xotiraga ega. 1TB sig‘imgacha microSD karta uchun maxsus slot bor.

Rasmlar olish uchun to‘rtta kamera sizning xizmatingizda: 5MP selfi kamera, 13MP asosiy kamera, 2MP makro kamera va 2MP sath kamerasi.

Qurilmani quvvat bilan 5,000 mAs akkumulyator ta’minlab turadi. Smartfon 15 Vt da zaryad oladi. Qiyos uchun, o‘tgan yilgi A01'ning akkumulyatori 3,000 mAs edi.

Galaxy A02s qora va oq ranglarda 2021-yil fevralda sotuvga chiqadi. Narxi 150 yevro.

O‘QING: Galaxy A72 – pentakamerali ilk Samsung smartfoni