700 million foydalanuvchilar va Telegram Premium

700 million foydalanuvchilar va Telegram Premium

Telegram'ning iOS uchun ilovasi 8.8 versiyaga yangilandi. Android va kompyuter uchun Telegram ilovalariga esa yangilanish kelishi hali ham kutilmoqda. Telegram yangilanishlarni barcha platformalar uchun bir kunda chiqarishini hisobga olsak, qolgan tizimlar uchun ham tez orada yangilanish yuboriladi, shunday ekan biroz sabr qilishga to'g'ri keladi.

Ma'lum bo'lishicha, endilikda Telegram 700 milliondan ortiq oylik aktiv foydalanuvchilarga ega va bu natijaga faqat tavsiyalar bilan erishilgan bo'lib, Telegram reklama uchun hech qanday mablag' sarflamagan.

Navbatdagi yangilanish bir necha oydan beri mish-mish bo'lib kelayotgan Telegram Premium obunasini o'z ichiga oladi. Avval aytilganidek, pullik obuna mamlakatlarga har xil narxda bo'ladi. Masalan, Amerika uchun obuna narxi oyiga $4.99 bo'lsa, O'zbekistonda bu $5.49 ya'ni 60.000 so'm atrofidagi narxni tashkil qiladi.

Telegram Premium nimalarni o'z ichiga oladi?

Telegram Premium'ga obuna bo'lish orqali foydalanuvchilar ikki baravar ko'p cheklovlarni, 4 GB hajmdagi fayllarni yuklash, tezroq yuklab olish, eksklyuziv stikerlar va reaksiyalar, yaxshilangan chat boshqaruvi - va yana ko'p narsalarni ochadilar.

Shu bilan birga, barcha mavjud bo'lgan bepul xususiyatlar ana shundayligicha qoladi va kelajakda yana bepul funksiyalar qo'shilishida davom etadi. Bundan tashqari, Premium bo'lmagan foydalanuvchilar uning ba'zi afzalliklaridan bahramand bo'lishlari ham mumkin: masalan, haddan tashqari katta hajmdagi fayllarni yuklab olishlari va Premium foydalanuvchilar tomonidan yuborilgan stikerlarni ko'rishlari, shuningdek, xabarlarga allaqachon qo'shilgan Premium reaksiyalarni bosishlari mumkin.

4 GB yuklamalar

Har qanday foydalanuvchi har biri 2 GB gacha boʻlgan katta hajmdagi fayllarni Telegram bulutiga yuklashi va cheksiz xotiradan bepul foydalanishi mumkin. Telegram Premium bilan endi obunachilar 4 GB hajmli fayllarni ham yuborishlari mumkin bo‘ladi – bu 4 soatlik 1080p video yoki 18 kunlik yuqori sifatli audio uchun yetarli joy.

Telegram'ning barcha foydalanuvchilari Telegram Premium'ga obuna bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’iy nazar, bu katta hajmdagi hujjatlarni yuklab olishlari mumkin .

Tezroq yuklab olish

Premium obunachilar media va fayllarni maksimal tezlikda yuklab olishlari mumkin. Siz cheksiz bulutli xotirangizdagi hamma narsaga tarmoqingiz yetib bora oladigan darajada tez kirishingiz mumkin.

Ikki karra oshirilgan chegaralar

Premium foydalanuvchilar ilovadagi deyarli hamma narsa uchun oshirilgan cheklovlarga ega bo'lishadi. Premium bilan siz 1000 tagacha kanalni kuzatishingiz, har birida 200 tagacha chatga ega 20 tagacha chat papkasini yaratishingiz, istalgan Telegram ilovasiga toʻrtinchi akkaunt qoʻshishingiz, 10 ta chatni asosiy roʻyxat yuqorisiga qadashingiz va 10 tagacha sevimli stikerlar, 400 tagacha sevimli GIF'larni saqlashingiz mumkin.

Bundan tashqari, siz uzoqroq biografiya yoza va unga havola kirita olasiz. Shuningdek, Premium media taglavhalariga ko'proq belgilar qo'shish imkonini ham beradi. Shu bilan birga, Premium foydalanuvchilari kanal yoki guruhlar yaratishda 20 tagacha ochiq t.me havolalaridan foydalanishi mumkin.

Ovozli xabarlarni matnga o'girish

Ovozli xabarlarni tinglashni istamaydigan, lekin unda nima deyilganini ko'rishni xohlagan vaqtlar hammamizda bo'ladi. Premium obuna esa bizga ana shunday holatlarda ovozli xabarlarni matnga aylantirish bilan katta yordam beradi. Shu o'rinda savol tug'iladi: Telegram Premium o'zbek tilidagi ovozli xabarlarni ham matnga o'gira oladimi? Javob esa, ha, biz buni sinab ko'rdik va unga 5 ballik tizimda 4 baho berdik. 

Noyob stikerlar

Endi o'nlab stiker to'plamlarida to'liq ekran animatsiyali stiker mavjud bo'lib, ularni Premium foydalanuvchilari istalgan chatda yuborishlari mumkin. Ushbu Premium stikerlar kolleksiyasi har oy Telegram ijodkorlari tomonidan yangilanadi.

Siz barcha Premium stikerlarni ilova asosiy menyusidagi Stikerlar bo'limining “Yaqinda foydalanilganlar” panelidan tezda topishingiz mumkin.

Noyob reaksiyalar

Shuningdek, Premium obuna egalari 10 dan ortiq yangi emojilar 👌😍❤️‍🔥💯(va yangi sevimlilar 🤡🌭🐳) bilan xabarlarga reaksiya bildira oladilar.

Rivojlangan chat boshqaruvi

Telegram Premium chat roʻyxatini tartibga solish uchun yangi vositalarni oʻz ichiga oladi, masalan, endi ilovani ochganingizda har doim sizga "Barcha suhbatlar" standart papkasi emas, balki o'zingiz belgilagan, aytaylik, “Oʻqilmaganlar” papkasi ochiladigan qilib sozlash mumkin.

Standart papkani oʻzgartirish uchun uni bosib turish va Qayta tartiblash mavjud bo'lganda papkani boshqa joyga tortish kifoya.

Bundan tashqari, obunachilar Maxfiylik va Xavfsizlik bo'limida yangi chatlarni avtomatik arxivlash va ovozini o'chirish uchun sozlamani yoqishi mumkin.

Animatsiyalangan profil rasmlari

Premium foydalanuvchilarning profil videolari ilovadagi hamma uchun jonlantiriladi, jumladan chatlarda va chatlar roʻyxatida.

Premium nishonlar

Barcha Premium foydalanuvchilar chatlar roʻyxati, chat sarlavhalari va guruhlardagi aʼzolar roʻyxatlarida oʻz ismlari yonida koʻrinadigan Premium maxsus nishonga ega boʻladilar, bu ular Telegram’ni qoʻllab-quvvatlashga yordam berishini va birinchi navbatda eksklyuziv funksiyalarni oladigan klubning bir qismi ekanligini koʻrsatadi.

Premium ilova piktogrammalari

Yangi piktogrammalarni alishtirish xususiyati bilan foydalanuvchilar o'zlarining shaxsiyatiga yoki fon rasmiga mos keladigan ko'plab ikonkalarning biridan foydalanishlari mumkin. Funksiya bepul obunachilar uchun ham mavjud, lekin unda ikonkalar tanlovi uchta qilib belgilangan.

Reklamalar yo'q

Ba'zi mamlakatlarda reklama xabarlari katta kanallarda ko'rsatiladi. Bu minimalistika va maxfiylikka asoslangan reklamalar Telegram’ning operatsion xarajatlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi, biroq, Telegram Premium obunachilari uchun endi u ko‘rinmaydi.

Yangi bepul funksiyalar

Telegram nafaqat Premium obunachilari uchun yangi xususiyatlar, balki hamma uchun mavjud bo'lgan bepul xususiyatlarni joriy etishda davom etadi va bu yangilanish ham bundan mustasno emas – u yangi, bepul xususiyatlarni o'z ichiga oladi.

Ommaviy guruhlarga qo'shilish uchun so'rov

Ushbu yangi xususiyat guruh administratorlariga yangi aʼzolarni chatda guruhga qo'shilishidan oldin koʻrib chiqishga imkon beradi. Guruhni ochgan foydalanuvchilar qo‘shilish so‘rovini bosishlari va o‘z so‘rovlarini faqat administratorlar kirishi mumkin bo‘lgan ro‘yxatga qo‘shishlari mumkin.

Administratorlar guruhlariga qo‘shilishni xohlagan foydalanuvchilar bilan bog‘lanib, qoidalarga rioya qilishlari, ularning mos kelishiga ishonch hosil qilishlari mumkin. Administrator guruhga qo'shilmoqchi foydalanuvchiga murojaat qilganda, Telegram unga guruh administratori ekanini bildiradi.

Ommaviy guruhlar egalari Guruh haqida ma'lumot > Tahrirlash > Guruh turi > Kim xabarlar yuborishi mumkin > Faqat a'zolar'ni tanlash > Yangi a'zolarni tasdiqlash orqali qo'shilish so'rovlarini yoqishi mumkin.

Chatlardagi tasdiqlash nishonlari

Telegram'da tasdiqlangan kanal yoki bot egalariga verifikatsiya belgisi beriladi va avvallari u profillar, qidiruv natijalari va chatlar roʻyxatida ko'rinib turar edi va endilikda uni chat ichida ham ko'rish mumkin bo'ladi.

Yaxshilangan botlar

Bot ishlab chiquvchilari endi o'z botlarining xususiyatlarini ko'rsatish uchun ajratilgan “Bu bot nima qila oladi?” bo‘limiga rasm yoki videoni qo‘shishlari mumkin.

Android'da suhbatni oldindan ko'rish yaxshilandi

Endi siz butun suhbatni o‘qish uchun kirishdan oldin uni chat ro'yxatidagi suhbatdoshingiz profil surati ustiga bosib turish bilan chiqadigan oyna orqali chatni to'liq ko'rib chiqa olasiz. Shuningdek, ochilgan oynadan chatni o‘qilgan deb belgilashingiz, ovozini o‘chirishingiz, yuqoriga mahkamlashingiz yoki uni o‘chirish imkonini beruvchi yangi tugmalardan foydalanishingiz ham mumkin.

Android'da mediani Galereyaga avtomatik saqlash

Endi siz rasm yoki videolarni Galereyangizga avtomatik saqlanishini guruh yoki kanal yoki chatlar uchun uchun alohida  sozlashingiz mumkin.

iOS'da tashqi almashish yaxshilandi

Telegram’ga faylni yuborishdan oldin uni saqlashingiz shart emas. 2 Gb ( yoki 4 Gb ) gacha bo‘lgan fayllarni jo‘natish imkoniyati bilan foydalanuvchilar istalgan mobil platformada boshqa ilovalardagi katta media-fayllarni bevosita Telegram’ga osongina jo'natishlari mumkin.

iOS’dagi boshqa ilovadan ulashilgan katta hajmdagi fayllarni jo‘natayotganda, endi jarayonning animatsion panelini ko‘rishin mumkin.

macOS’da animatsion profil rasmi yaratuvchisi

MacOS foydalanuvchilari endi istalgan stiker yoki animatsion emojini tanlash va uning orqasiga rangli gradient fon qo‘shish imkonini beradigan maxsus profil rasm yaratuvchisiga ega va unda yaratilgan suratlarni nafaqat o'z profilga, balki, guruh yoki kanal fotosurati sifatida ham o'rnatish mumkin.

Ulardan birini yaratish uchun Sozlamalar yoki Chat haqida maʼlumot sahifasiga oʻtish, Tahrirlash tugmasini bosish > Profil rasmini bosish > Stiker yoki Emoji tanlash kerak.

Shuningdek, Ushbu yangilanish mobil va kompyuter ilovalariga 100 dan ortiq tuzatishlar va optimallashtirishlarni o'z ichiga oladi - xatoliklarni yo'q qiladi, tezlikni oshiradi. Eng yangi iPhone va iPad qurilmalariga ega iOS foydalanuvchilari ilova davomida sezilarli darajada silliq animatsiyalarga (120 FPS) ega boʻladilar. Android foydalanuvchilari esa ovozli va video xabarlardagi yaxshi audio va video sifatini sezishlari, shuningdek, muqobil ilova piktogrammalarini oʻrnatishlari, barcha soʻnggi stikerlarni bir vaqtning oʻzida oʻchirishlari va foydalanuvchi biosi yoki chat tavsiflarini tarjima qilish imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin bo'ladi.

Yuqorida aytilganidek ushbu yangilanish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Agar sizga hali yangilanish kelmagan bo'lsa, iltimos, biroz kuting, yangi versiya tez orada taqdim etiladi.

O'QING: Microsoft'dan qurilmalaringiz uchun himoya vositasi