800 dollarlik yangi Apple smart soatining chidamliligi tekshirib ko‘rildi

800 dollarlik yangi Apple smart soatining chidamliligi tekshirib ko‘rildi

YouTube'dagi TechRax kanali texnologiya olamidagi yangi mahsulotlarning chidamliligini tekshirib ko‘rishi bilan tanilgan. Yaqinda kanal muallifi Apple'ning eng qimmat soati - Watch Ultra'ning bardoshliligini sinab ko‘rdi. 

Muallif birinchi Apple Watch Ultra soatini 1.2 metr balandlikdan tashlab ko‘rdi. Titan korpusdagi mayda qirilishlarni hisobga olmasa, gadjetga hech qanday ziyon yetmadi. 

Keyingi bosqichda soat mix bilan to‘ldirilgan qutiga tashlandi. Unda ham smart soat o‘z bardoshliligini ko‘rsata oldi. Keyin esa soatning ekranidagi sapfir kristalli oynaga bolg‘a bilan bir necha bor urib ko‘rildi. Test davomida muallif soat ekrani sinib ketgunicha uni bolg‘a bilan urishni davom etdi. Qizig‘i shundaki, soatdan oldin uning pastidagi stol sinib ketdi. 

Birinchi bosqichda qurilmaning ekraniga hech qanday zarar yetmagan bo‘lsa-da, u negadir o‘chib qoldi. Bu ichki komponentlarning zarar ko‘rganidan bo‘lishi ham mumkin. Keyingi bosqichda soatga yana bolg‘a bilan kuchli zarbalar berilgandan so‘ng uning ekrani nihoyat sinib ketdi. 

Albatta, kundalik foydalanishda hech qachon bunday holat kuzatilmaydi. Ammo test Apple Watch Ultra'ning sapfir kristalli oynasi haqiqatdan ham mustahkamligini ko‘rsatib berdi. 

Apple'ning ta’kidlashicha, Watch Ultra kompaniyaning eng bardoshli, mustahkam va ekstremal smart soati hisoblanib, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Garmin bilan raqobatlashish uchun ishlab chiqilgan. O‘z navbatida Garmin kompaniyasi Apple Watch Ultra'ga javoban smart soatlar quvvatini “soat“ bilan emas, balki “oylar“ bilan o‘lchash kerakligini aytdi. Apple Watch Ultra'ning hozirgi narxi 799 dollarni tashkil qiladi.

O‘QING: Apple yangi iPhone 14 modellarida muammolar bo‘layotganini tan oldi 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.