Acer kompaniyasi 16 dyuymli eng yengil noutbukni taqdim qildi

Acer kompaniyasi 16 dyuymli eng yengil noutbukni taqdim qildi

Noutbuklar portabilligi bilan qulay, shunday ekan ular ko'tarib yurish uchun yengil bo'lishi kerak. Acer bu borada o'zining Swift noutbuklari bilan yetakchilik qiladi va kecha kompaniya xuddi shu brend ostida yana bir yangi noutbuk chiqardi: Swift Edge noutbuki Apple'ning M2 chipli MacBook Air (1.2 kg) noutbukidan ham yengilroq – uning og'irligi atigi 1.1 kilogrammni tashkil qiladi. Ta'kidlash joizki, bu 16 dyuymli noutbuklar orasida eng yengilidir. Kompaniya bu natijaga erishish uchun noutbuk korpusini magniy-alyuminiy yasagan. Shuningdek, noutbuk 13 millimetr qalinlikka ega.

Acer Swift Edge'ning yana bir e'tiborli jihatlaridan biri shundaki, u 60 gerts yangilanish tezligi, (3840 x 2400) 4K rezolyutsiya taklif qila oladigan OLED displeyga ega va u 500 nit HDR yorqinlikka chiqa oladi. Ekranning tanaga nisbati 92 foizni tashkil qiladi. OLED displeyli noutbuklarning eng katta muammosi bu ekranning "quvvatga to'ymas"ligidir, lekin Acer'ning ma'lum qilishicha, Swift Edge'ning uchlik 54 Vt batareyasi 10.5 soatlik video ko'rish yoki brauzerda 8.5 soat ishlashga yetadi.

Kapot ostida noutbuk 8 yadroli, 2.70 gigagerts tezlikka ega AMD Ryzen 7 6800U protsessori bilan jihozlangan. Grafika ham protsessor bilan integratsiyalashgan RDNA2 bo'lib, u o'yinlarni 1080p'da o'ynash imkonini beradi. Qolaversa, noutbuk Microsoft'ning Windows 11 operatsion tizimini qo'shimcha himoya bilan ta'minlaydigan Pluton xavfsizlik protsessorini ham qo'llab-quvvatlaydi. Uning 16GB LPDDR5 operativ xotirasini 32GB gacha, 512GB SSD doimiy xotirasini esa 1TB SSD gacha ko'tarish mumkin.

Qo'shimchasiga, noutbuk 1,920 x 1,080 veb kamera, mikrofon, ikkilik dinamikalar, hamda, barmoq izini aniqlash sensoriga ham ega va u Wi-Fi 6E, Bluetooth 5.2 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Noutbukda 20Gb/s tezlikda ma'lumot uzatilishi, monitor ulanishi va 65 Vt tezlikda zaryadlashni qo'llab-quvvatlaydigan ikkita USB 3.2 Gen 2 Type-C, shu bilan birga, 2ta USB 3.2 Gen 1 Type-A, HDMI, 3.5 mm simli naushnik uyasi va xavfsizlik uchun Noble Wedge Lock uyasi mavjud.

Vanihoyat, Acer Swift Edge noutbuki narxiga keladigan bo'lsak, uning AMD Ryzen 7 6800U, 16 GB RAM, 1TB SSD yuqori texnik konfiguratsiyali modeli 1499 dollar narxda Shimoliy Amerikada, 1499 yevro (1459 dollar) narxda Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada, 7999 yuan narxda Xitoyda sotuvga chiqarilgan.

O'QING: Xiaomi yap-yangi Redmi Pad planshetini taqdim qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!