Adashmas bashoratchi Apple bu yil chiqaradigan barcha gadjetlarni ma’lum qildi

  •   DiMaX
  •  1459
  •  18.02.2019 16:21

Adashmas bashoratchi Apple bu yil chiqaradigan barcha gadjetlarni ma’lum qildi

KGI Securities kompaniyasi vakili Ming-Chi Kuo (Ming-Chi Kuo) o‘zining Apple bilan bog‘liq aniq prognozlari orqali mashhur. Jumladan, u o‘tgan yili qanday ayfonlar taqdim etilishini yanvar oyidayoq aytgan va bu bashorat to‘g‘ri chiqqandi.

O‘QING: Tarixdagi eng yaxshi iPhone modeli aniqlandi

Bugun – 2019 yilning 18 fevralida Ming-Chi Kuo o‘zining navbatdagi prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, korporatsiya bu yil yangi iPad’lar, 16 dyuymlik MacBook Pro, 31 dyuymlik 6K-monitor va boshqa ko‘plab mahsulotlar taqdim qiladi.

Kuo prognoziga qaraganda, 2019 yilgi iPhone modellari ham iPhone XS va iPhone XR o‘lchamlarini saqlab qoladi. Ya’ni, Apple bu yil ham diagonallari 6,5, 6,1 va 5,8 dyuymlik smartfonlar taqdim etadi. Tahlilchiga ko‘ra, ularning barchasi USB-C emas, balki Lightning porti bilan jihozlanadi. Shuningdek, yangi ayfonlar jilosiz (matoviy) shisha korpusga, boshqa smartfonlarni simsiz quvvatlash funksiyasiga, modernizatsiyalangan Face ID tizimiga, sig‘imdor akkumulyatorga va uch linzali kamera moduliga ega bo‘ladi.

Ming-Chi Kuo prognoziga ko‘ra, yangi iPad Pro modellariga modernizatsiyalangan protsessorlar o‘rnatiladi. Bahorda 9,7 dyuymlik iPad’ning yangicha – 10,2 dyuymlik displeyli avlodi chiqadi. Shuningdek, texnik xususiyatlari yaxshilangan yangi iPad mini ham taqdim etiladi.

O‘QING: iPad odam o‘ldirgani uchun Apple’ni sudga berishdi

Eng qizig‘i – Mac kompyuterlari haqidagi prognoz: tahlilchiga ko‘ra, Apple korporatsiyasi diagonaliga 16 dan 16,5 dyuymgacha bo‘lgan, umuman yangicha dizaynli MacBook Pro namoyish qiladi. Bundan tashqari, korporatsiya 31,6 dyuymlik 6K-monitor bilan displeylar bozoriga ham qaytadi.

2019 yilgi tadbirlaridan birida Apple yangi Mac Pro’ni namoyish etadi, 13 dyuymlik MacBook Pro esa 32 gigabaytlik tezkor xotirali konfiguratsiyada chiqadi. Ayni damda 13 dyuymlik MacBook Pro eng ilg‘or konfiguratsiyada 16 gigabaytlik, 15 dyuymligi esa 32 gigabaytlik «operativka» bilan chiqarilmoqda.

Tahlilchining fikricha, Apple Watch smart-soatlarining EKG funksiyasi boshqa mamlakatlarda ham ishlaydigan bo‘ladi. «Aqlli» soatning keyingi avlodi keramik korpusda bo‘ladi.

Bulardan tashqari, AirPods 2, AirPower va yangilangan protsessorli iPod touch shu yilning birinchi yarmida savdoga chiqarilishini ham Ming-Chi Kuo tasdiqlagan.

Endi Apple’ning 25 martda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi tadbirini kutish qoldi.

O‘QING: 25 martda Apple qanday taqdimot o‘tkazyapti?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!