Adliya vaziri ham O‘zbekistondagi internet narxi va sifatini tanqid qildi

  •   DiMaX
  •  504
  •  13.03.2021 16:16

Adliya vaziri ham O‘zbekistondagi internet narxi va sifatini tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov mamlakatimizda internet narxi va sifati haqida gapirdi, deb yozmoqda O‘zA. Uning qayd etishicha, 1 gb mobil internet Hindistonda 950 so‘m, Isroilda 1,2 ming so‘m, Qirg‘izistonda 2,2 ming so‘m, Italiyada 4,5 ming so‘m, Ukrainada 4,9 ming so‘m, Qozog‘istonda 5 ming so‘m, O‘zbekistonda esa 16 ming so‘m.

O‘QING: Internet qayerda eng arzonu qayerda eng qimmat?

Ko‘rinib turibdiki, yurtimizda internet narxi boshqa davlatlarga nisbatan ancha qimmat. Tezligi esa...

Aholini internet orqali qamrab olish ko‘rsatkichi bor-yo‘g‘i 51 foizni tashkil etadi. Qo‘shni Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 80 foiz.

Adliya vaziri aynan shu jihatlar aholiga huquqiy axborot to‘liq yetib bormayotganining asosiy sababi ekanini taassuf bilan ta’kidladi: «Shuncha huquqiy axborot tayyorlab tarqatganimiz bilan, axborot yetkazish vositalari qay ahvolda degan masala hal qiluvchi bo‘lib qolyapti».

Kuni kecha Senat yalpi majlisida axborot bergan adliya vaziri Ruslanbek Davletov ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ham to‘xtaldi. O‘zbekistonda 34 million aholiga 19 markaziy telekanal, 14 radiokanal xizmat ko‘rsatmoqda. Lekin ularning 25 foizigina axborot yetkazish bilan shug‘ullanadi, qolganlari asosan ko‘ngilochar ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlab tarqatadi.

AQShda esa 8 mingdan ortiq (aholisi 332 mln), Rossiyada 3,3 ming (146 mln), Qozog‘istonda 90 dan ziyod, Ukrainada 600 dan ko‘proq telekanal bor.

O‘zbekistonda 1,8 mingdan ortiq OAV faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 60 foizdan ortig‘ini nodavlat OAVni tashkil etadi. Internet tarmog‘ida OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritayotgan veb-saytlar soni 630 taga yetdi.

Biroq boshqa davlatlarga solishtirsak, bu naqadar kamligi ko‘rinadi: Rossiyada elektron OAV soni 19 mingdan ortiq, Ukrainada 12 mingdan ziyod elektron ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘QING: Bosh vazir va’da berdi: internet tezligi kamida 10 Mbit/soniyaga yetkaziladi! (+video)

Dunyoda so‘nggi yillarda bosma nashr mahsulotlarining adadi tushishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Biroq uning o‘rnini internet, zamonaviy raqamli texnologiyalar, elektron kitoblar, audiokitoblar egallamoqda.

Shu maqsadda hukumatning 2020 yil 14 dekabrda «2020 – 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi» tasdiqlangan.

Kitoblar, gazeta-jurnallarning joylarga yetib borishida esa infrastruktura, xususan, rivojlangan pochta xizmati kerak. So‘nggi to‘rt yilda «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning matbuot tarqatishdagi ulushi 13 foizni tashkil etmoqda. Pochta aloqasi yetkazib berish uchastkalari soni 4,8 mingdan 3 ming 571 taga, qishloq joylarda 2 ming 893 tadan 2 ming 62 taga kamaygan.

Bosma va elektron gazeta-jurnallarni, kitoblarni iste’mol savatchasi tarkibiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish lozim.

– Bizda internet va energiya bilan bog‘liq muammolar bor ekan, aholiga bosma shaklda axborot yetkazish usulini rivojlantirish zarur, – dedi vazir. – Shuning uchun ushbu sohadagi muammolar hal qilinishi kerak. Hozir huquqiy axborotni rang-barang, manzilli tarzda tarqatmoqdamiz. Bu jarayon yanada kengayishi kerak. Axborot tarqalishini qancha tezlashtirsak, qo‘llab-quvvatlasak, shuncha tez almashinuv yuz beradi. Insonlarda tafakkur shakllanadi. Xalqimiz ilmli, ongli bo‘ladi. Uni cheklagandan foyda yo‘q. Axborot arzon bo‘lishi kerak, uni eltib beruvchi vositalar ham arzonlashtirilishi zarur.

O‘QING: Ilon Mask samolyot, kema va hatto furgonlarga ham «fazoviy» internet yetkazib bermoqchi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!