Afsonaviy “dinozavr” – NR ikkiga bo‘linib ketdi

Afsonaviy “dinozavr” – NR ikkiga bo‘linib ketdi

Bundan bir yil muqaddam Hewlett-Packard Company (HP) kompaniyasi ikki qismga ajralishi rejasi haqida e’lon qilib, mazkur jarayon 2015 moliyaviy yil so‘ngiga qadar davom etishiga va’da bergan edi. Nihoyat kompaniya  restrukturizatsiya jarayoni nihoyasiga yetib, endilikda bir-biriga aloqador bo‘lmagan ikkita mustaqil kompaniya sifatida faoliyat ko‘rsatayotganini rasman ma’lum qildi.

“Kremniy vodiysining bobokaloni” hisoblangan NR texnologiyalar bozoridagi 70 yillik tarixidan so‘ng ikkita qismga bo‘lindi. Endilikda bozorda ikki tuzilma mavjud bo‘ladi: HP Inc. kompaniyasi iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lsa, ikkinchisi – Hewlett-Packard Enterprise faqatgina korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniyalar 2 noyabrdan mustaqil ish boshlaydi.

Kompaniyalarning oydinlik kiritishicha, mazkur o‘zgarish turli yo‘nalishlarda mustaqillikni ta’minlash, texnologik taraqqiyotga erishish maqsadida amalga oshirildi. Ajrashish aniq va muayyan ishlanmalarga e’tiborni jalb qilish hamda biznesda raqobatbardoshlikni oshirishga imkon beradi. Zero, aynan kuchli raqobat so‘nggi vaqtlarda kompaniyalarga katta zarar keltirmoqda. Bu, ayniqsa shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqarish sohasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Raqobatchilardan xalos bo‘lish maqsadida kompaniya 2002 yilda o‘zining raqibi bo‘lgan Compaq kompaniyasini sotib oldi, biroq “kam tajribaga ega” yangi kompaniyalar bilan chinakamiga bellasha olmayapti (ayniqsa Lenovo bilan).

Bugungi kunda NR kompaniyasini ko‘proq dinozavrga o‘xshatishmoqda. U yosh va moslashuvchan kompaniyalarga qarshi tura olmayapti. Bu moliyaviy masalalarda ham o‘z aksini topdi — NR kompaniyasining bozor qiymati taxminan 50 milliard dollarni tashkil etadi. Ayni paytda Facebook, Alphabet (Google egalik qiladi) va Apple qiymati mos ravishda 300, 400 va 700 milliard dollardan iborat. Amalga oshirilgan islohotlar, ehtimol, amerikalik gigantga yana texnologiyalar cho‘qqisiga chiqishga imkon beradi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!