«Ahmadboycha» firibgarlik: Twitter’ni buzib kirgan xakerlar Apple, Ilon Mask va boshqalar akkauntlaridan bitkoin o‘g‘irlashdi!

  •   DiMaX
  •  819
  •  16.07.2020 11:51

«Ahmadboycha» firibgarlik: Twitter’ni buzib kirgan xakerlar Apple, Ilon Mask va boshqalar akkauntlaridan bitkoin o‘g‘irlashdi!

Noma’lum xakerlar Twitter ijtimoiy tarmog‘ining muhofazasini buzib kirishdi. Ular firibgarlik maqsadlarida bu servisdagi eng ommabop akkauntlar nomidan feyk postlar e’lon qilishgan.

O‘QING: Huawei nega kurakda turmaydigan so‘zlar bilan Apple’ni haqoratladi?

Xakerlar turli eng mashhur akkauntlar nomidan bir xil post chiqarishgan: ularda bitkoin-hamyonga pul o‘tkazishni so‘rashgan va keyinchalik uni ikki baravar qilib qaytarishga va’da berishgan.

Shu tariqa feyk takliflar mashhur biznesmenlardan Ilon Mask, Bill Geyts, Jeff Bezos kabilarning, shuningdek, Apple, Uber va Ripple singari kompaniyalarning akkauntlaridan chop etilgan.

Buni qarangki, ushbu aldovga uchganlar ko‘p bo‘lgan – bir soatga ham yetmasdan, ko‘rsatilgan kriptohamyonga jami 100 ming dollardan oshiq mablag‘ o‘tkazishgan!

O‘QING: Dubayda qo‘lga olingan Instagram yulduzining uyidan 37 million dollar pul va 13 ta lyuks avtomobil chiqdi

Bundan tashqari, xakerlar Twitter’dagi barcha eng yirik kriptovalyutalar (Bitcoin, Ripple) hamda kriptovalyuta birjalari (Coinbase, Coindesk) rasmiy akkauntlarini ham buzib kirishgan. Firibgarlar ularning nomlaridan fishing saytiga eltuvchi havolani e’lon qilishgan; bu sayt orqali esa boshqa foydalanuvchilarning kriptohamyonlari parollarini yig‘ishgan.

Ko‘rinib turibdiki, akkauntlarning egallab olinishi Twitter’ning o‘zidagi himoya zaifligi ortidan yuz bergan. Ijtimoiy tarmoq texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati keyinroq ma’lum qilishicha, servisdagi muammolarni bartaraf etishga kirishishgan. Birinchi navbatda buzib kirilgan akkauntlarda firibgarlar e’lon qilgan barcha xabarlarni o‘chirishgan. Barcha tasdiqlangan (ko‘k galochka olgan) foydalanuvchilarning biror post e’lon qilishiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqning ichki tizimlariga kirishda firibgarlar Twitter xodimlarining akkauntlaridan foydalanishgan, ularni esa aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan. Hozir bu ish yuzasidan tergov-qidiruv ishlari ketyapti, xakerlar yana qanday ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan bo‘lishlari mumkinligi o‘rganilyapti.

O‘QING: Xakerlar va firibgarlar koronavirusdan foydalanib, plastik kartalardan pul o‘g‘irlashmoqda!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!