AirPods'ingiz qalbakimi? iOS 16 sizni ogohlantiradi!

AirPods'ingiz qalbakimi? iOS 16 sizni ogohlantiradi!

Apple'ning simsiz quloqchinlari yuqori sifatli ekanligi bilan birgalikda, ularning narxi ham "yuqori darajada" va bu bozorda arzon, lekin soxta AirPods'larning ko'payishiga olib kelgan. Aytish kerakki, agar iPhone smartfoningiz yoki iPad planshetingizga soxta qismlar o'rnatilgan bo'lsa, iOS buni aytib bera oladi va bu xususiyat o'tgan yildan beri mavjud. 9To5Mac nashri bergan xabarga qaraganda, Apple soxta mahsulotlarni aniqlashda keyingi qadamni tashlayotgan ko'rinadi: iOS 16 soxta qalbaki AirPods'larni aniqlay oladigan bo'ladi.

Ma'lum bo'lishicha, iOS 16'ning dasturchilar uchun yangi versiyasidagi ichki fayllarda soxta AirPods'larni aniqlay oladigan kod topilgan bo'lib, bunda tizim smartfon yoki planshetingizga ularni ulamoqchi bo'lganingizda sizni ogohlantiradi:

"Bu quloqchinlarni haqiqiy AirPods deb bo'lmaydi va ular kutilganidek ishlamasligi mumkin." deyiladi ogohlantirish xabarida.

Shuningdek, xabar ostida "Learn More" (Ko'proq bilish) tugmasi ham bo'ladi va u foydalanuvchini qalbaki AirPods'larni qanday aniqlash bo'yicha Apple'ning qo'llab-quvvatlash sahifasidagi maqolaga yo'naltiradi. Bundan tashqari, ogohlantirish foydalanuvchiga "Ulamaslik" variantini ham taklif qiladi. Biroq, hozircha Apple ushbu soxta AirPods'larni iPhone va iPad bilan ishlashiga to'sqinlik qiladigan belgilar yo'q, ya'ni ularni ishlatishda davom etishingiz mumkin bo'ladi. Albatta, bu boshqa brend quloqchinlariga ta'sir qilmaydi. 

Bir necha kun oldin Apple o'zining yangi avlod simsiz quloqchinlari, AirPods Pro 2 modelini taqdim qilgan edi. 

O'QING: AirPods Pro 2 - yangilangan flagman quloqchin

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!