Akkauntingizni buzib kirishdan saqlash usullari

  •   DiMaX
  •  2828
  •  16.03.2017 15:27

Akkauntingizni buzib kirishdan saqlash usullari

Shaxsiy ma’lumotlaringizni muhofaza etishning birinchi sharti – barcha akkauntlaringiz uchun 12345 yoki qwerty singari parollar o‘rnatishdan voz keching. Ikkinchi va keyingi shartlarini esa quyida ko‘rib chiqamiz.

  1. Ishlatilmayotgan akkauntlarni yo‘q qiling

Internet-rusurslardagi yangi profilingiz zararlanmasligi uchun, undagi eski akkauntingizni o‘chirib tashlang. Faol profillar qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi. Loaqal, bir nechta login-parolni yodda saqlab yurmaslik uchun ham kerak bu.

Xuddi shu tavsiya ijtimoiy tarmoqlar orqali kiriladigan ilovalar masalasiga ham tegishli. To‘g‘ri, biror ilova, servis yo saytda ro‘yxatdan o‘tishning barcha jarayonlarini bosib o‘tishdan ko‘ra, «Zayti s pomoщyu Facebook» tugmachasi orqali kirib qo‘yaqolish ancha qulay. Ammo siz qanaqa shartlar bilan o‘z profilingiz ma’lumotlariga kirishga ruxsat berayotganligingizga e’tibor qarating. Agarda servisdan endi foydalanmayotgan bo‘lsangiz, undagi profilingizni yo‘q qiling, keyin esa sayt yoki ilovada sizning shaxsiy ma’lumotlaringizga kirish ruxsati saqlanib qolmaganligini tekshirib ko‘ring. Jumladan, Facebook akkauntingizga ruxsatlar ro‘yxatini bu yerdan, Google-akkauntingizga ruxsatlarni esa – mana bu yerdan tekshirib, ortiqchalarini o‘chirish mumkin.

  1. Parollar menejerini sozlang

LastPass singari dasturlar nafaqat sizning mavjud login va parollaringizni eslab qoladi, balki yangilarini – ultrahimoyalangan login-parollarni yaratib beradi ham. Shuningdek, bir nechta resurs uchun ayni bir xil parol o‘rnatishning oldini ham oladi. Siz o‘zingiz bunday qilmaysiz-ku, to‘g‘rimi?

  1. Ikki bosqichli autentifikatsiyadan foydalaning

Agar ikki bosqichli autentifikatsiyani sozlab qo‘ysangiz, jinoyatchi sizning login va parolingizni egallab olgan taqdirda ham, baribir SMS-tasdiqlashsiz akkauntingizga kira olmaydi. Autentifikatsiyaning bu turi Microsoft, Apple va Google’ning deyarli har bir mahsulotida bor.

Buning bittagina noqulayligi bor: o‘z akkauntingizga kirayotganingizda, har gal telefoningizga SMS orqali keladigan kodni kiritishingiz lozim.

  1. Parolni o‘zgartirish sozlamalarini himoyalang

Sizning akkauntingiz parolini boshqa birovlar almashtirishi qanchalik oson? Masalan, Apple ID akkauntingiz parolini yo‘q qilish uchun ikki bosqichli autentifikatsiyadan o‘tish yoki nazorat savollariga javob berish lozim. Gmail pochtangizdagi parolni tiklash uchun uyali telefon raqamingiz yoki muqobil (alternativ) pochtangiz manzili kerak bo‘ladi. Ammo bu sozlamalarning barchasini oldindan belgilab qo‘yish zarur: muqobil email manzilingizni kiritib qo‘ying va nazorat savoli sifatida faqat o‘zingizgagina ma’lum bo‘lgan javobni belgilab qo‘ying. Hozir – biror xavf tug‘ilmasidan oldin qilib qo‘yganingiz yaxshi buni.

Agarda savolnomalar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda sizga «Birinchi saqlagan kuchugingizning laqabi nima edi?» kabi savollar berishsa – ayta ko‘rmang! Parolingizni o‘zgartirish yoki tiklashda ishlatiladigan maxfiy savollarni jinoyatchilar shunaqa savollar orqali bilib olishadi.

  1. Profilingizning faolligini tekshiring

Ko‘pchilik servislar sizning faolligingizni eslab qolishadi, bu nafaqat bezarar, balki hatto foydali ham. Shu tariqa siz, biror begona shaxs akkauntingizdan foydalanib bu servisga kirganini aniqlashingiz mumkin. Gmail kabi ayrim servislar esa hatto, profilga foydalanuvchiga xos bo‘lmagan hudud yoki mamlakatdan kirish amalga oshirilganida, smartfoningiz yoki pochtangizga xabarnoma ham yuboradi. Masalan, hozirning o‘zida Google yoki Facebook profilingiz faolligini tekshirib ko‘rishingiz mumkin.

  1. Dasturlaringizni tez-tez yangilab boring

Eskirgan dasturlar nafaqat qurilmaning ishini sekinlashtiradi, balki xakerlar kirishi uchun yana bir tuynuk bo‘lib ham «xizmat qiladi». Buning oldini olish uchun, biror dasturning yangi versiyasi chiqqanligi haqida xabar kelishi bilan ularni yangilab boring. Ko‘pgina servislar bu jarayonni avtomatizm darajasiga yetkazishgan, shu bois siz sozlamalarini o‘zgartirmasangiz ham bo‘ladi. Shunchaki, tegishli xabarnoma kelishi bilan yangilanishni tasdiqlash tugmachasini bossangiz bas.

  1. Parollarni muntazam almashtirib turing

Parolni bir yilda bir marta almashtirib turish – yaxshi omil. Bunda murakkabroq kombinatsiyalar o‘ylab topishga erinmang. Eski parolning ko‘rinishini sal-pal o‘zgartirib qo‘yish uncha ish bermaydi.

  1. Ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida email ishlating

Yaxshisi, barcha resurslarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida pochta yaratib qo‘ying. Uning manzilini esa hech kimga bermang, bu sizning maxfiy maktublar sandig‘ingiz bo‘lsin. Ikkinchi email manzilingizni esa ishchi kontaktlaringiz va tashrif qog‘ozlaringizda ko‘rsatishingiz mumkin.

  1. Smartfonni masofadan boshqarishni sozlang

iOS hamda Android tizimida ishlovchi qurilmalarni masofadan turib boshqarish, ichidagi ma’lumotlarni o‘chirib yuborish imkoniyatlari mavjud. Agarda smartfoningizni yo‘qotib yo o‘g‘irlatib qo‘ygan, qaytarib olishdan umidingizni uzgan bo‘lsangiz – shu funksiyadan foydalanishning ayni mavridi.

  1. VPN ishlating

VPN – foydali texnologiya, u foydalanuvchining haqiqiy joylashuv o‘rnini yashirishga, uzatilayotgan va qabul qilinayotgan ma’lumotlarni himoyalashga imkon beradi. Shuningdek, biror hududda yopiq bo‘lgan saytlar va servislarga kirish imkonini taqdim etadi. Umuman olganda, juda foydali narsa.

  1. Kompyuter va smartfoningizga parol o‘rnating

Xuddi ikki bosqichli autentifikatsiya kabi, bu usul ham qo‘shimcha harakatlarni talab etadi. Ammo shuni ham esdan chiqarmang: Microsoft akkauntingiz parolini yana bir marta terish uchun sizga 3-5 soniya kifoya qiladi, boshqa birov buzib kirishga urinsa – ko‘proq urinishiga to‘g‘ri keladi. Agarda smartfoningiz yoki noutbukingizda barmoq izi bo‘yicha autentifikatsiya qilish funksiyasi mavjud bo‘lsa, undan raqamli pin-kodlarga muqobil sifatida foydalaning.

  1. Akkauntlaringizni boshqa birovga berib turmang

Kimdir sizdan smartfoningiz yoki noutbukingizni «bir daqiqaga» berib turishni so‘rasa, qurilmangizni mehmon akkaunti rejimiga o‘tkazib, keyin bering. Tizimga mehmon sifatida kirish funksiyasi Windows va macOS tizimlarida avvaldan bor. Nisbatan yaqinda Google va Apple ham smartfonlarida mehmon rejimini joriy etishgan. Asosiy profildan mehmon profiliga va aksincha qaytib o‘tish ko‘p vaqt olmaydi.

  1. Ijtimoiy tarmoqlarda nimalarni bo‘lishayotganingizga e’tibor bering

Ha, tug‘ilgan kuningiz sanasi, manzilingiz va telefon raqamingiz faqat do‘stlaringizga, eng yaxshisi – faqat o‘zingizganiga ko‘rinadigan bo‘lsin. O‘zingizga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmang.  Yana, sevimli futbol jamoangiz yoki futbolchingiz, xonandangiz nomini hech bir joyga parol sifatida o‘rnatmang.

O‘ylaymizki, yuqoridagilarga amal qilgan holda, siz o‘z akkauntlaringizning himoyasini yanada yaxshilagan bo‘lasiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!