AKT vazirligi: internet narxi 30 foizga pasaydi, kanallar hajmi 30 barobarga oshirildi...

  •   DiMaX
  •  905
  •  07.05.2021 09:31

AKT vazirligi: internet narxi 30 foizga pasaydi, kanallar hajmi 30 barobarga oshirildi...

Mamlakatimizda 7 may sanasi Aloqachilar kasb bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi soha xodimlarini tabriklab, bu borada keyingi yillarda erishilgan yutuqlarni e’lon qildi.

O‘QING: O‘zbekiston mobil internet arzonligi bo‘yicha 230 mamlakat orasida 21-o‘rinda!

2011 yilda 1 Mb/s xalqaro Internet kanalining narxi 939 816 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016 yil ushbu ko‘rsatkich 295 030 so‘mni ko‘rsatdi. Amalga oshirilayotgan keng qamrovli va samarali islohotlar natijasiga ko‘ra 2021 yil 1 maydan ushbu narx 32 000 so‘m miqdorida belgilandi va ushbu narx yana 30 foizga pasaydi.

2011 yilda xalqaro tarmoq, ya’ni internet kanali o‘tkazuvchanligi 7,8 Gbit/s.ni tashkil qilgan. 2020 yilning so‘ngida bu raqam 1 200 Gbit/s.ga yetkazildi kanallar hajmi 30 barobarga oshirildi.

Internet xizmatlarining sifati va yuqori tezligini ta’minlashga xizmat qiluvchi optik tolali tarmoqning uzunligi 2011 yilda respublika miqyosida 12,6 ming km.ga teng bo‘lgan. 2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi, 2021 yilda birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilomertgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu optik tolali tarmoqlarning qurilishi natijasida butun mamlakat bo‘ylab 9 627 ta xalq ta’limi ob’yektlari, 5 625 tamaktabgacha ta’lim muassasalari, 3 401 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlari sifatli va tezkor Internet aloqasiga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘QING: O‘zbekistonda internet nega qimmat? – AKT vazirligi izoh berdi

2019 yilda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan 173 ta xizmat ishga tushirilgan bo‘lsa, bu raqam 2020 yilda 218 taga yetkazildi. 2021 yil yakuniga qadar esa ularning sonini 278 taga yetkazish ustida ish olib borilmoqda (o‘sish 1,6 barobar).

Mazkur xizmatlar orqali 2018 yilda 2,4 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan, 2019 yilda 5,8 mln.ta, 2020 yilda 9,8 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan (o‘sish 4,1 barobar).

Davlat tashkilotlari va organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan 2018 yilda 38,7 ming, 2019 yilda 77,7 ming, 2020 yilda esa 380,0 ming nafar foydalanuvchi foydalangan (o‘sish 9,8 barobar).

Bundan tashqari, elektron hukumatning yagona billing tizimi yaratilgan bo‘lib, 2017 yilda umumiy qiymati 20 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 16,6 mingta tranzaksiyalar amalga oshirilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 2,8 trln. so‘mga teng 11,5 mln.ta tranzaksiyani tashkil etgan (o‘sish mos ravishda 140 va 693 barobar).

O‘QING: Prezident internet xizmatlarini ikki baravarga oshirishni topshirdi

Axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish maqsadida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. IT-park va uning Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand filiallarida 900 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. IT-Park rezidentlarining amalga oshiradigan faoliyat turlari 4 tadan 18 tagakengaytirilib, ularning rezidentlari soni 411 dan ortdi.

Litsenziya va ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar litsenziya berish tartibi qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha aniq takliflar amaliyotga joriy etildi, jumladan tadbirkorlik sub’yektlaridan talab etiladigan hujjatlar 4 taga va litsenziyalar soni 40 tadan 28 tagacha kamaytirildi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumot va raqamlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi va uni yana davom ettirish mumkin, deyiladi vazirlik axborotida.

O‘QING: Farrosh, qorovul, choy tarqatuvchi... O‘zbekistonda kimlar IT-mutaxassisdan IKKI KARRA KO‘P maosh oladi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!