Alibaba rahbari endi Xitoyning eng boy odami emas

  •   DiMaX
  •  1460
  •  26.09.2020 11:56

Alibaba rahbari endi Xitoyning eng boy odami emas

Xitoyning texnogigantlaridan biri – Alibaba asoschisi bo‘lmish milliarder Jek Ma payshanba kuni XXRning eng boy odami maqomidan mahrum bo‘ldi. Bu xususda RBK agentligi xabariga tayanib Sof.uz yozmoqda.

O‘QING: Xitoyning eng zo‘r brendlari reytingi bilan tanishing

Bloomberg Billionaire Index ma’lumotlariga ko‘ra, shisha suvlar va vaksinalar egasi Chjun Shanshan shu haftada Jek Madan o‘zib ketdi. 24 sentyabr kuni uning boyligi $58,7 milliardga yetdi, bu esa Alibaba (Aliexpress ham shu guruhga qarashli) asoschisinikidan $2 mlrd.ga ko‘pdir.

Chjun hozir Osiyodagi eng badavlat kishilari reytingida ikkinchi pog‘onasini egallab turibdi, u faqat hindistonlik magnat Mukesh Ambani (85,2 milliard dollar)dan keyin va dunyoda 17-o‘rinda turadi.

Chjunning boyligi uning ikkita kompaniyasi – farmatsevtika giganti Beijing Wantai Biological Pharmacy Enterprise va shisha suv va ichimliklar ishlab chiqaradigan Nongfu Spring kompaniyasi aksiyalari birjaga qo‘yilgandan keyin keskin oshdi.

Aprel oyida koronavirus test to‘plamlari va turli xil kasalliklarga qarshi vaksinalarni ishlab chiqaradigan Beijing Wantai Biological Pharmacy Enterprise shirkati aksiyalari Shanxay birjasiga qo‘yildi. Shu tufayli xitoylik tadbirkorning boyligi avgustga qadar 20 milliard dollarga yetdi.

Sentyabr oyida esa Nongfu Spring aksiyalari Gonkong fond birjasida ro‘yxatga olindi. Savdolarning birinchi kunida ular 85% gacha o‘sishni ko‘rsatdi va chakana investorlar orasida eng mashhur bo‘lib qoldi.

Bloomberg'ning yozishicha, Jek Ma tez orada so‘nggi olti yil davomida Xitoyda eng boy odam maqomini qaytarib oladi. Bu uning «Ant Group» kompaniyasining aksiyalarini ommaviy ravishda sotgandan so‘ng sodir bo‘ladi, bu esa, ekspertlarning fikriga ko‘ra, unga 28 milliard dollar olib keladi.

Avgust oyida Alipay to‘lov tizimini boshqaradigan Ant Group 2019 yilning birinchi yarmiga nisbatan IPO oldidan foydaning o‘n barobar ko‘payganligi haqida xabar berdi. 2020 yil yanvaridan iyungacha bo‘lgan foyda $3,2 mlrd.ni tashkil etdi.

O‘QING: Koronavirus vahimasi: AliExpress’dan keladigan tovarlar qanchalik xavfli?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.