AliExpress asoschisi topildi: Jek Ma uch oy davomida qayerda edi?

  •   DiMaX
  •  1578
  •  21.01.2021 11:44

AliExpress asoschisi topildi: Jek Ma uch oy davomida qayerda edi?

Xitoylik eng boy milliarderning sirli yo‘qolishi (qariyb uch oy ko‘rinish bermadi) jahon matbuoti va biznes hamjamiyatini ozmuncha tashvishlantirgani yo‘q. Biroq xavotirlar o‘rinsiz – Jek Ma soppa-sog‘ va omon. Bir qator xorij ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan xabarlar shundan dalolat beradi.

O‘QING: Xitoy hukumati AliExpress asoschisiga qarshi urush ochdi

Xitoy OAVlariga ko‘ra, Alibaba Group asoschisi Xanchjoudan uncha olis bo‘lmagan boshlang‘ich maktabga borgan, qolaversa, kecha – 20 yanvar kuni qishloq o‘qituvchilari tashabbuslariga bag‘ishlangan onlayn-tadbirda qatnashgan.

Eng boy xitoylik ($50,9 mlrd.) Ant Group moliya-texnika kompaniyasi qimmatbaho qog‘ozlari birinchi savdosi (IPO) arafasidagi 2020 yil 24 oktyabrdagi mojaroli nutqidan so‘ng jamoatchilik ko‘z o‘ngidan yo‘qolib qolgandi. O‘sha nutqida Jek Ma XXR moliya tizimini tanqid qilib, innovatsiyalar fursati yetganiga urg‘u bergandi.

Shundan so‘ng Xitoy hukumati «monopoliya ishi» ochib, Alibaba»ni qattiq siquvga olgandi. Ma hamda hamkorlari Xitoy qimmatbaho qog‘ozlar qo‘mitasiga chaqirilib, sho‘’ba kompaniyasi (Ant Group)ning IPO’si bekor qilingandi.

Buning oqibatida, birjada $34 mlrd. jalb etish o‘rniga, Alibaba aksiyalari 11 foizga qadrsizlanib, kompaniya kapital qiymatining $80 mlrd.ini yo‘qotgandi.

Jek Maning yo‘qolib qolishi borasidagi mish-mishlar turli-tuman. Ayrimlar milliarder Xitoydan qochib ketgan deyishsa, yana birovlar uni «yo‘qolishga» majburlashgan deyishadi. Jek Ma bu orada Alibaba shtab-kvartirasi joylashgan Xanchjouga muvaqqat «uzlatga chekingan», degan gaplar ham yo‘q emas. Ayrim manbalar bu o‘tgan davrda u tinmay hukumat bilan muzokaralar olib borib, hatto kompaniyalaridan birini milliylashtirishga ko‘nganini ta’kidlaydi.

Xitoy kompartiyasi Jek Mani kechirdimi? Ehtimol, hukumat ham yirik korporatsiyaning yuqori daromadli biznesini vayron qilishni istamayotgandir. Bular bizga qorong‘u. Ammo uning qaytishi haqidagi xushxabardan so‘ng Alibaba aksiyalari Gonkong birjasida salkam 6 foizga qimmatlashgani ayni haqiqat.

O‘QING: O‘zbekistonda ham Alibaba Group rasmiy vakili ish boshladi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!