AliExpress’dagi soxta «chegirma»lar: onlayn savdoda sizni qanday laqillatishadi?

  •   DiMaX
  •  3307
  •  29.03.2018 09:58

AliExpress’dagi soxta «chegirma»lar: onlayn savdoda sizni qanday laqillatishadi?

Eng yirik Xitoy onlayn savdo platformasi – AliExpress tashkil etilganiga sakkiz yil to‘lyapti. Kompaniya buni yirik miqdordagi – hatto 50 foizgacha boruvchi chegirmalar bilan nishonlashga bel bog‘lagan. Odatda shunaqa pallalarda ko‘pchilik foydalanuvchilar biror nima buyurtma qilishga oshiqadi.

O‘QING: AliExpress’da chegirmalar kuni: uch daqiqada 1,5 milliard dollarlik savdo!

Lekin, afsuski, bu chegirmalarning aksariyati soxta ekanligini ko‘pchilik xayoliga ham keltirmaydi. Hi-Tech Mail.Ru nashri ushbu onlayn bozordagi ayrim do‘konlar xaridorlarni qanday laqillatayotganini yaqqol misollar bilan ko‘rsatib bergan.

Soxta «chegirma»lar

«Biz 8 yoshdamiz» shiori ostida AliExpress’da ko‘plab turdagi tovarlarga chegirma e’lon qilingan, ammo bizni smartfonlar, ularning aksessuarlari va boshqa elektronika gadjetlari qiziqtiradi.

Masalan, tachbarli MacBook Pro 13 noutbukini olaylik – chegirmada uning narxi 106 ming rublgacha tushibdi, ya’ni avvalgi narxidan 28 ming rublga arzon. «Bunaqa qulay fursatni qo‘ldan chiqarib bo‘ladimi!» deya buyurtma qilishga shoshilmang. Narxlardagi o‘zgarishlar dinamikasini aks ettiruvchi maxsus kengaytmani ochib tekshirsangiz, ayni shu MacBook Pro 13 bundan bir oygina avval hatto hozirgi narxidan ham 2500 rublga arzon turganini ko‘rasiz! Ya’ni, e’tiborsiz foydalanuvchi nafaqat chegirmadan quruq qoladi, balki hatto odatdagidan qimmatroqqa ham oladi!

Keling, sal hamyonboproq bo‘lgan boshqa tovarlarga o‘tib ko‘ramiz. 2017 yilning eng zo‘r flagmani – OnePlus 5T smartfoniga AliExpress’dagi bir do‘konda 32 ming rubl miqdorida narx belgilab qo‘yishibdi. Nima ham derdik, qulay narx – taxminan 555 AQSh dollari. Sotuvchining da’vosiga ko‘ra, u mazkur tovar uchun 8 ming rubl chegirma qilgan. Lekin narxlar tarixiga nazar solsangiz, ayni shu telefon yanvar oyida bundan uch ming rublga arzon turganiga guvoh bo‘lasiz.

O‘QING: Xizmat ko‘rsatish markazlarida sizni qanday qilib laqillatishadi?

Xo‘sh, davom etamiz... Samsung Galaxy S8 – janubiy koreyalik gigantning eng so‘nggi bo‘lmasa-da, har holda, zo‘r va ommabop smartfoni. Uni 22 foizlik chegirma bilan 37 ming rublga sotishyapti ekan. Biroq narxlar o‘zgarishi tarixiga qarab, fevralda u hatto bundan ham ming rublga arzon bahoda savdoga qo‘yilganini tushunasiz.

Xo‘sh, nima qilish kerak?

To‘g‘ri bunaqa aksiyalar davrida haqiqiy chegirmalarni ham topish mumkin, ammo narxlarning naq yarmigacha tushishidan umid qilish – yumshoqroq qilib aytganda, soddalik bo‘ladi. Xabarda ma’lum qilinishicha, tahririyat xodimlari maxsus izlab ko‘rib, hatto bunga yaqin miqdordagi chegirmani ham topa olishmagan. Ko‘pincha chegirmalar 5–10 foizlik doirada bo‘ladi, ammo baribir boshqa aksariyat tovarlar to «arzonlatib» qo‘yilgunigacha belgilangan narxning o‘zida sotiladi.

Bunaqa holatlarda aldanib qolmaslik uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:

  1. Chegirma bilan sotilayotganligi da’vo qilingan ayni shu tovarning narxini boshqa do‘konlardagi narxi bilan ham taqqoslab ko‘ring.
  2. Onlayn savdolarda yordam beruvchi maxsus brauzer kengaytmalaridan foydalaning. Masalan, Chrome brauzeri uchun ishlab chiqilgan AliTools kengaytmasini mana bu havola orqali yuklab olish mumkin. Ayni shu dasturiy ta’minotning Android-ilovasini mana bu, iOS-ilovasini esa mana bu havola orqali smartfoningizga o‘rnatib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.

Sizga manfaatli va xayrli xaridlar tilaymiz!

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.