Allamjonov: Saytlarni bloklashdan foyda yo’q

Allamjonov: Saytlarni bloklashdan foyda yo’q

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov fikricha, mamlakatning axborot xavfsizligini ta’minlash uchun saytlarni bloklashdan foyda yo’q. Bu haqda u “Alter Ego” videoblogi bilan o’tkazilgan eksklyuziv suhbatda aytdi.

O’tgan yili bir necha oy davomida “Facebook”, “Youtube” kabi bir qator ijtimoiy tarmoqlar O’zbekiston hududida ishlamay qolgan edi. Shuningdek, ba’zi yangilik saytlarida ham shu holat kuzatilgan. Komil Allamjonov yangi tashkil etilgan agentlikka rahbar bo’lib kelishi bilan ijtimoiy tarmoqlar to’siqsiz ishlashni boshlagan.

“Hozirgi kunda internetni o‘chirish bilan hech narsaga erishmaysan. Yaxshi, Facebookni o‘chirishdi. Natijada nima bo‘ldi?” – deya savol tashladi Allamjonov suhbatda.

Agentlik rahbariga ko’ra, salbiy axborotlarga qarshi faqat kontrargument va kontrfaktlar bilan kurashish kerak.

“Mening oyim VPN nima ekanligini bilmas edilar. Biroq ular ham undan foydalanishni boshladilar. VPN esa barcha xavfsizlik tizimlarini buzadi. U barcha resurslarga kirish imkonini beradi. Agar hamma VPN dan foydalanishni boshlasa, davlatda nazorat qilish vositasi qolmaydi, masalan, terroristik saytlarni, konstitutsiyaga qarshi turli targ‘ibot harakatlarini yoki giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi saytlarni nazoratga olib bo‘lmaydi. Bularning hammasi veb-resurslar orqali bo‘ladi-ku. Agar har bir fuqaro har qanday to‘siqdan o‘tib ketadigan VPNdan foydalanayotgan bo‘lsa, qanday qilib mamlakatni himoya qilish mumkin? Shunday qilib, biz bularning barchasini tushuntirdik va uddasidan chiqdik”, - dedi Allamjonov.

Suhbatda u saytlarni bloklash tashabbusi ortida turgan rasmiylar nomini ochiqlamadi, ammo ularning bugun qamoqda ekanini aytdi.

O'QING: O‘zbekiston prezidentining mobil telefoni bormi?